Mutolaaga innovatsion yondashuv
Kitob – sadoqatli hamroh, eng yaqin do‘st va bebaho boylik. Bola tarbiyasida uning o‘rni muhim.
Millatning ma’naviy-ruhiy dunyosini kitobga munosabati, kitobxonlik darajasiga qarab ham aniqlash mumkin. Jahon madaniyatiga munosib hissa qo‘shgan ajdodlarimiz erishgan betakror yutuqlarning sababi ham kitobdir. Shu bois, yurtimizda aholining mutolaa madaniyatini yuksaltirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Hozirgi kunda axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari oldida turgan asosiy maqsad – ma’nan yetuk, yaratuvchilik, ijodiy qobiliyatga ega, bilimli, mustaqil fikrli shaxslarni tarbiyalashdir.
Bu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish o‘quvchilarning kitobxonlik darajasini yuksaltirishga yangicha yondashuvni talab qiladi.
Bu borada Xorazm viloyat Axborot-resurs markazida innovatsion usullardan foydalangan holda xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha “Sehrli sandiqcha”, “Storisek” (Tarix qopchasi), “Bukrossing” (kitob aylanishi), “Ko‘k chamadon” o‘yinlari tashkil qilindi. Mazkur o‘yinlarning asosiy vazifasi o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kitobxonlikni eng muhim ma’naviy, madaniy ehtiyoj sifatida ommalashtirishdan iborat.
Markazda faoliyat olib borayotgan “Mohir qo‘llar” to‘garagi tomonidan “Sehrli sandiqcha” yasaldi. Unga bolalar sevib o‘qiydigan mashhur yozuvchilarning eng sara asarlari, fikr-mulohazalar daftari, talab-istaklar bildirilgan xatlar solindi.
Shu kunlarda sehrli sandiqcha Urganch shahridagi 1-, 6–va 7-umumta’lim maktablariga olib borildi. Undagi barcha asarlar har bir sinf o‘quvchilari o‘rtasida 10 kun davomida o‘qib chiqiladi. So‘ng mutolaa qilingan kitoblar yuzasidan suhbat o‘tkazilib, o‘quvchilar olgan taassurotlarini fikr-mulohazalar daftariga qayd qiladi va talab-istaklar bildirilgan xatlar sandiqchaga solinadi.
Markazda o‘quvchilar qalbida adabiyotga bo‘lgan havasni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyat bo‘limi, Urganch shahar hokimligi ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot bo‘limi, viloyat Matbuot va axborot boshqarmasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda viloyatimizdagi taniqli shoirlar va yozuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Bolalar shoiri Ollabergan Po‘lat, dramaturg Q. Muhammadrizolar bilan bo‘lgan uchrashuvlar shular jumlasidan.
Yangi texnologiyalar kun sayin rivojlanib, mamlakatda axborotlashtirish jarayonlari ildam qadam tashlayotgan hozirgi davrda yoshlardan tezkor fikrlash, yangi ma’lumotlarni zudlik bilan topish va o‘zlashtirish talab etilmoqda. Shuni inobatga olgan holda markazimizda “Kompyuter savodxonligi” to‘garagi tashkil etilgan. Mashg‘ulotlarga o‘quvchilar darsdan so‘ng kelib, dastlabki ko‘nikmalarni o‘zlashtirmoqda, kitob mutolaa qilib ma’naviyatini boyitmoqda. Farzandining bo‘sh vaqti foydali va mazmunli o‘tayotganidan ota-onalar ham mamnun.
Nazira RAHMONOVA,
Xorazm viloyati Axborot-resurs markazi direktori