Sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha chiqarilgan fatvo yuridik ahamiyatga ega emasmi?
Ayol o‘z baxtini farzandlari kamolida ko‘radi. U ilk bor homilador bo‘lganida o‘zini dunyodagi eng baxtli inson sanaydi.
Biroq, hayot bir tekis emas. Afsuski, barcha ayollar ham farzand ko‘rishdek baxtga yetiisha olmaydi.
Buni qarangki, zamonning zayli bilan bu kabi ayollar qalbida ham umid uchqunlari uyg‘ondi. Tibbiyot kashfiyoti hisoblanmish EKU (sun’iy urug‘lantirish) yordami bilan bepusht juftliklar ham endilikda onalik, otalik baxtiga erishmoqda. Bugun bepushtlikdan aziyat chekayotgan ko‘plab insonlar ushbu usul yordamida farzand ko‘rmoqda. Biroq, sun’iy urug‘lanish hammaga ham to‘g‘ri kelavermaydi. Uning muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun esa ota-onadan salomatligiga oid ayrim jihatlar talab qilinadi. Shu bilan birga, EKU usuli xalq orasida ommalashgani sari bu bilan bog‘liq noxush holatlar ham tez-tez uchramoqda. Xususan, muqaddas dinimizda taqiqlangan ayrim jihatlar EKU usulida qo‘llanilayotgani, yurtdoshlarimiz orasida turli noroziliklarga sabab bo‘layotir.
Yaqinda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi xodimlari mazkur masalani atroflicha o‘rganib chiqqandan so‘ng “Sun’iy urug‘lantirish haqida”gi fatvoni e’lon qildi. Ushbu fatvoga muvofiq, sun’iy urug‘lantirish amaliyotini o‘ta zarur holatda va faqat o‘rtalarida shar’iy nikohi bo‘lgan er-xotinlar o‘rtasidagina amalga oshirish hamda sha’riy nikohlari bo‘lgan erkak va ayolning urug‘larini saqlashda begona shaxslarniki bilan aralashib ketmasligi uchun ehtiyot choralarini ko‘rish va albatta, uni ishonchli shifokor amalga oshirishi shart ekanligi belgilandi. Shuningdek, o‘rtalarida nikoh bo‘lmagan erkak va ayol o‘rtasida sun’iy urug‘lantirish amaliyotini o‘tkazish shar’an mumkin emasligi ta’kidlandi. Qolaversa, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi din-u diyonatli, nasl-u nasabining pok bo‘lishini muhim deb bilan mo‘min-musulmonlarni sun’iy urug‘lantirishning man qilingan usulidan foydalanmaslikka chaqiradi.
Afsuski, oramizda farzand ko‘rish yoki boshqa manfaat yo‘lida EKU usulidan er-xotin bo‘lmagan insonlar ham foydalanmoqda. Eng achinarlisi, ushbu amaliyotni ayrim xususiy klinikalar moddiy manfaat yuzasidan amalga oshirayotgani bugun ko‘pchilikka sir emas.
– O‘zbekiston Musulmonlari idorasining fatvosi xalqimiz uchun katta ahmiyatga ega, – deydi “YANGI INSON” klinikasi urolog-androlog shifokori Jamshid Rixsiboyev. – Biroq, bunga amal qilish har kimning o‘z shaxsiy qaroriga bog‘liq. Nazarimda ushbu fatvo yuridik ahamiyatga ega bo‘lmaganligi sababli odamlar uchun faqat maslahat tarzidagina qimmatli bo‘lib qolmoqda. Bizda keyinchalik ma’lum e’tirozlar bo‘lmasligi uchun donordan tilxat olinadi. Chunki EKU usuli ko‘pchilik oilalarga chinakam baxt olib keladi.
Mutaxassisning fikriga tayanadigan bo‘lsak, sun’iy urug‘lantirishga oid ushbu fatvo hech qanday ahamiyatga ega emasdek. Agar insonlar unga rioya qilishi ixtiyoriy bo‘lsa, u holda bu fatvoni chiqarishdan nima naf edi?!
Shu o‘rinda kishida ayrim mulohazalar paydo bo‘lishi, tabiiy. Ya’ni, donorlikdan dinimizga zid ravishda foydalanish davom etarkan, u holda ertangi kun avlodining geni qanday bo‘ladi? Donorning sir saqlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, jamiyatimizda bir urug‘dan tarqaganlar ko‘payib ketmaydimi? Nazarimda ushbu fatvoning chiqarilishida ham aynan ana shu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsad qilingan edi. Agar ushbu fatvo yuridik ahamiyatga ega bo‘lmasa, unda buni qonuniy asosda mustahkamlab qo‘yish zarur. Ana shundagina turli ko‘ngilsiz voqealarning oldi olingan bo‘ladi.
Mayna HASANOVA