Dasturxon – to‘kinlik ramzi

Bugungi kunda pazandalik tibbiyot bilan chambarchas bog‘liq. Chunki, bilib is’temol qilingan taom shifobaxshlik xususiyatini o‘zida uyg‘unlashtiradi. Zero, sog‘lom turmush tarzining bir yo‘nalishi to‘g‘ri ovqatlanishdir. Har bir kishi o‘z mijozini bilgan holda taomnomasini tuzishi kerakligini bundan bir necha asr oldin yashab o‘tgan Sharq tabobatining sultoni, alloma bobokalonimiz ibn Sino ham tavsiya qilgan.

Sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan e’tibor ona Vatan mustaqilligi sharofati bilan yanada kuchaydi. Pazandalik mahoratini ulug‘lash mustaqillikdan keyin an’anaga aylandi.

Sarmishsoy darasidagi yozgi oshxona shiyponi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan 16 nafar oshpaz pazandalik mahoratini namoyish etdi. Bayram ishtirokchilari uchun ochiq osmon ostida mo‘jazgina oshxona bunyod etildi. U yer manqal, tandir va milliy o‘choqlar bilan jihozlandi. Olov uchun o‘tinlar taxlandi. Bir tomonda sumalak, bir tomonda halim, yana bir o‘choqda osh, yana birida moshkichiri, yana birida juyankurtuk, tandir kabob kabi ne’matlar tayyorlanayapti. Dara uzra pishayotgan ovqatlarning turfa hidi taraladi, ishtahani qitiqlaydi. Oshpazlarning qo‘li qo‘liga tegmayotgan shiypon yon-atrofi tomoshabinlar bilan gavjum.

Biz bu yerda Husniddin Hamidov, Shuhrat Beknazarov, Ravshan Qo‘ziyev va Guliston Ibroimova bilan tanishdik. To‘rttalasi ham boboyu momolardan meros qadriyatlar – milliy taom tayyorlash san’atini ulug‘lab kelishayotgan yetuk mutaxassislardir.

Ular deyarli bir sohada, turli joylarda ishlagan bo‘lsa-da, har birining o‘z hayot yo‘li, o‘ziga xos iste’dodi, pazandalik mahorati bor.

Husniddin Hamidov Vatan mustaqilligidan keyin yakka tadbirkorlikka keng yo‘l ochilganida milliy shirinliklar tayyorlab sotish faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida bu borada dong taratdi. Viloyatda bo‘lib o‘tadigan Navro‘z bayrami va boshqa turli xil tantanalar uning qandolatchilik mahsulotlarisiz o‘tmaydi.

– «Asrlar sadosi» festivaliga taklif qilishganida boshim osmonga yetdi. Buni mehnatimning elimiz tomonidan tan olinishi deb tushundim. Tuproqqal’ada bo‘lib o‘tgan festivalda tantananing ulug‘vorligini ko‘rib lol qoldim. Menga milliy taomlar tanlovining ishtirokchisi ekanligimning o‘zi katta baxt edi. Sov­rindor bo‘lganimni eshitganimda esa g‘oyat xursand bo‘ldim. Gilam va diplom bilan siylashdi. Hozir diplom uyimning to‘rini bezab turibdi, – deydi hayajonini yashirmay Husniddin Hamidov.

Navoiy viloyatining Karmana tumanidan kelgan Shuhrat Beknazarov «Asr­lar sadosi» 6-festivalining sov­rindori bo‘ldi. U Karmana tumanidagi «Baxt» restoranida bosh oshpaz bo‘lib ishlaydi. Uning festival ishtirokchilari uchun pishirgan palovi hay’at a’zolariga ham, tomoshabinlarga ham ma’qul keldi.

Yana o‘qing:  Gus Xiddink: Xayr, "Anji"!

– Karmanadagi ko‘pgina to‘y-tomoshalar mening oshimsiz o‘tmaydi. O‘zbek taomlarining yuzdan ortiq turini maromiga keltirib tayyorlay olaman. Shuning uchun shogirdlarim ham ko‘p. Bugungacha yigirmadan ortiq shogird tayyorladim, – deydi bosh oshpaz faxr bilan

Guliston Ibroimova «Asrlar sadosi» festivalidagi tanlovda qatnashish uchun Nukus shahridan kelgan. U «juyankurtuk» deb nomlanuvchi xamirli ovqati uchun o‘tgan yili Tuproqqa’lada o‘tkazilgan festivalning sovrindori bo‘lgan edi. «Juyankurtuk» – bu jo‘xori unidan tayyorlanadigan beshbarmoqqa o‘xshash xamirli ovqat. Bu safar Guliston «juyankurtuk» bilan birga qoraqalpoq xalqining milliy ovqati oq savloq, beshbarmoq, to‘g‘ramalarni ham pishirib, ularning ham ta’mini tuyishni taklif qildi.

Mamlakatimiz mustaqilligi sharofati bilan asli kasbi injener-texnolog bo‘lgan G.Ibragimova uzoq yillik tajribasini tadbirkorlikda ham qo‘llay boshladi. U tashkil qilgan «Parvoz-Nukus» xususiy korxonasi yuqori sur’atda faoliyat olib bormoqda. Bu xususiy korxona oilaviy turmushning obod bo‘lishiga munosib hissa qo‘shib kelyapti.

– Uch farzandim, to‘rt nevaram bor. Ana shu xususiy korxonada ularga kasbimiz sirlarini o‘rgatayapman. Ham oilamizni moddiy jihatdan ta’minlaymiz, ham elga munosib xizmat qilishga intilamiz, – deydi u.

Guliston Ibroimova Xalq demokratik partiyasining a’zosi bo‘lib, ijtimoiy-siyosiy maydonda ham faol qatnashadi.

– Men O‘zbekistonga birinchi marta kelishim. Biroq, mamlakatingiz, jumladan, festival haqida ko‘p o‘qiganman. O‘qish boshqa, biroq, o‘z ko‘zing bilan ko‘rish boshqa. Rang-barang tadbirlar, go‘zal qadimiy qadriyatlar, milliylik meni lol qoldirdi. Milliy taom-palovning ta’mi og‘zimda qoldi. Dunyoda bunday ko‘chma tadbirlar, xalq sayli juda kam o‘tkaziladi. Chunki, uni tashkil qilish nihoyatda qiyin. Ishonch bilan aytish mumkin-ki, bu tadbir katta ahamiyatga ega, – deydi rossiyalik jurnalist Anton Korobkov-Zemlyanskiy

Jamiyatimizning buguni va kelajagini quyosh, yer, osmon, havo, suv, olov, hayvonot va nabotot olami kabi tabiiy qadriyatlarsiz tasavvur etib bo‘lmaganidek insonni yaxshilik, adolat, haqiqat, saxovat, mehr-muruvvat va ijodkorlik kabi ma’naviy qadriyatlarsiz yashashini ham tasavvur etib bo‘lmaydi. Ma’naviy qadriyatlar kishining hayot mezonlarini belgilaydi. Yaxshilikka, ezgulikka, poklikka undaydi.

Festival xalqning o‘ziga xos fazilatlari – o‘zbekona qadriyatlarni ulug‘lab kelayotgani va ezgulikka chorlashi bilan elga manzurdir.

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: