Har bir mahallada “Salomatlik maktabi” tashkil etiladi
O‘zbekistondagi barcha mahallalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi “Salomatlik maktablari” tashkil etilmoqda.
Ushbu maktablarning asosiy vazifasi tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, kasalliklarning oldini olish va reproduktiv salomatlikni muhofaza qilishga qaratilgan birlamchi profilaktika ishlarini keng jamoatchilik orasida olib borishdir.
Ushbu maktablarning o‘ziga xos jihati shundaki, bunda hisobot va ma’lumot yozish kabi qog‘ozbozlik o‘rniga asosiy e’tibor aholi orasida sog‘lom turmush tarzini ta’sirchan va samarali usullar orqali targ‘ib qilishga qaratiladi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Salomatlik maktablari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqiladi. Shuningdek, bu yo‘nalishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan targ‘ibot tadbirlar dasturi tayyorlanadi.
“Salomatlik maktablari” har bir mahallada jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi. QVPlar, qishloq va shaharlardagi oilaviy poliklinikalarning umumiy amaliyot vrachlari, patronaj hamshiralar, mahalla faollari, ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul xodimlari, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, ta’lim muassasalari shifokorlari hamkorlikda mazkur jamoat tuzilmasiga birlashib, oilalarda, aholi orasida, ta’lim muassasalarida o‘quvchi yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etadi.
Madina O‘RINBOYEVA,
o‘qituvchi