Ulug‘vor tog‘lar abadiyati

Mehr, samimiylik, ishonch, sadoqat… Lug‘atimizdagi shu so‘zlarni yaxshi ko‘raman, qadrlayman. Ular ortidagi munosabatlar va harakatlar inson degan nomni ulug‘lashi bejiz emas.

Aytingchi, shu so‘zlar ko‘z o‘ngingizda qanday jonlanadi? Albatta, ularning ijrochilari gavdalanishi, tabiiy. Ko‘z yoshlaringizni artib, sizga hayot naqadar go‘zal ekanini ko‘rsata olgan, yiqilganingizda qo‘l berib turg‘azib qo‘ygan, sizga tosh otishayotganda qalqon bo‘lib turgan yoki tog‘ cho‘qqisiga chiqishingiz uchun qo‘lingizdan tutib tunda oy, kunduzi quyosh bo‘lib yo‘lingizni yoritgan insonlar aynan shu mavhum tushunchalarning hayotdagi yaratuvchilari. Ha, ularni ham tom ma’noda bunyodkor deyish mumkin. Ular insonlarga o‘ziga ishonish tuyg‘usini bunyod qiluvchilar, iroda kuchini qayta tiklovchi saxovatli shaxslar. Yuqorida aytilgan mavhum tushunchalar ular bilan hayotga kiradi, uni go‘zallashtiradi.

O‘tgan oyda 70 yilligini tantanali nishonlashimiz kerak bo‘lgan, ammo shu sanadan bir kun oldin bu yorug‘ dunyoni tark etgan professor, buyuk inson (men bu so‘zni ta’kidlab ishlatmoqchiman) Zuhra Umarovaning hayoti davomida qo‘ygan barcha qadamlari ezgulik bilan yo‘g‘irilganiga aslo shubha yo‘q.

To‘g‘riso‘z, o‘z ishining fidoyisi, g‘amxo‘r va talabchan ustoz.

U kafedra xodimlari va yaqinlarining tom ma’nodagi onasi edi. O‘zbek pediatriya sohasi darg‘alarini yetishtirish tarixida ham bu insonning hissasi beqiyos.

 

Bolalar salomatligi himoyasida

Ha, o‘shanda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining dastlabki kunlarida professor Z. Umarova kafedra xodimlari bilan hamkorlikda birinchi marta sog‘liqni saqlash amaliyoti uchun mamlakatda bolalar va go‘daklar o‘limini kamaytirish maqsadida respublikada shoshilinch pediatriyani rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqdi. Keyinchalik 10 yil davomida YUNISEF va SDSning “JSST tavsiyalar bo‘yicha tirik tug‘ilish mezonlarini kiritish” loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy koordinatori sifatida faoliyat olib bordi va tirik tug‘ilish mezonlarini kiritishga boshchilik qildi. Bu esa mamlakatimiz bo‘ylab onalar va bolalar sog‘lig‘ini saqlash sifatini oshirishga, bo‘lajak onalar sog‘lig‘ini patronaj qilish xizmati sifatining yaxshilanishiga va go‘daklar o‘limining keskin kamayishiga olib keldi.

U Buxoroda Lixachev jamg‘armasi faoliyatini boshlagandi. O‘sha paytda bolalar o‘limi respublika bo‘yicha har 1000 ta bolaga 48tani tashkil qilar va bu ko‘rsatkich Buxoroda, ayniqsa, yuqori edi. Jamg‘arma tomonidan “Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash amaliyotida shoshilinch pediatriya, uslublari” loyihasi ustida ish olib borilar edi.

Yana o‘qing:  Milliy tarbiya mezonlari

 

Mehribon va talabchan

Zuhra Sultanovna uchun shogirdlari, o‘quvchilari, kafedra a’zolari farzandlari edi. U mehribon onaday har daqiqa ularning ahvolidan boxabar va har bir yoshdagi insonning dardini o‘z dardiday qabul qilardi. Uning bu sifatidan hamma hayron qolardi. U insonlar dardi bilan yashab o‘z dardini unutar edi. Ilmiy ish qilayotganlarga, dard chekayotganlarga qanday bo‘lmasin moddiy yo ruhiy yordam ko‘rsatishni bilar edi.

U birinchilardan bo‘lib ta’lim jarayonida ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etib, faollik ko‘rsatgan. Fidoyi ustoz rolli o‘yinlar, murakkab bir necha bosqichli test topshiriqlari va shoshilinch holatdagi bemor bolani kuzatishning shakllantirilgan xaritasi kabi o‘qitishning bir necha interfaol usullarini ishlab chiqdi va ularni mukammallashtirib bordi. Talabalar Zuhra Sultanovna tomonidan amaliy mashg‘ulotlar, ma’ruzalar va bemorlarning professor ishtirokidagi tibbiy-ko‘riklariga katta hurmat va e’tibor bilan qatnar edi.

Ustoz ilmiy ish qilayotganlarga ham nihoyatda talabchan edi. Ammo bu talabchanlik g‘amxo‘rlik bilan yo‘g‘rilgani uchun bo‘lajak olimlar Zuhra Sultanovnaga nisbatan avval biroz xafa bo‘lsalar-da, keyinchalik minnatdorlik tuyg‘usini tuyar edi.

 

Minnatdor shogird

Bu fidoyi inson o‘z ustozlarini juda hurmat qilgan. Ustoz degan ulug‘ so‘z ma’nosini chuqur anglardi. Ular 1987 yilda akademik L. Isayeva rahbarligi ostida “Bolalardagi surunkali pnevmoniyada funksional giperreaktivlik” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1988 yilda Moskva tibbiyot akademiyasida yillik malaka oshirishdan o‘tib, I. Sechenov nomidagi Moskva tibbiyot instituti I bolalar kasalliklari kafedrasiga doktoranturaga kirdi. 1992 yilda “Bolalardagi bronxial astmada psixomotor buzilishlarni kliniko-funksional tashxislash va muvofiqlashtirish usullari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Ilmiy ishlariga rahbarlik qilgan Lyudmila Aleksandrovna Isayevadan Moskvaga borganda doim xabar olar edi. Ustoz kasal bo‘lganida esa borib parvarish qilishga ham vaqt topgan. Akademik L. Isayeva “Men O‘zbekistonni Zuhra tufayli yaxshi ko‘rib qoldim” degan so‘zlarini takror-takror aytganini ko‘pchilik eshitgan.

Bu ustoz shogirdiga bir vasiyat qoldirgan edi. Har yil o‘zining tug‘ilgan kuni – 7 aprelda uni eslab dasturxon yozishni va hatto taomnoma ham tuzib bergan edi. Albatta dasturxonda nastarin gullari, quymoqlar va quritilgan olxo‘ri bilan dimlangan go‘sht bo‘lishi kerak. Zuhra Sultanovna ustozining vasiyatlarini so‘zsiz bajarar edi. Shu kuni Moskvada ham Lyudmila Isayevaning shogirdlari dasturxon tuzashgan bo‘lardi. Umuman, Zuhra opa uchun sadoqat so‘zi juda muqaddas bo‘lib, bu do‘stlikka nisbatan ham yuksak edi.

Yana o‘qing:  Sog‘lom millat buyuk ishlarga qodir

 

Chet elllik hamkasblari tan bergan

Zuhra Umarova respublikamiz va xalqaro miqyosdagi pediatrlar kongresslari, simpoziumlari va s’yezdlarining doimiy tashkilotchisi yoki qatnashchisi sifatida bir necha marta o‘z ilmiy ishlari bilan chiqishlar qilgan. U ko‘p chet el safarlarida bo‘lar, bolalarda uchraydigan kasalliklarga davo izlash, ularning sog‘lig‘ini himoya qilishni birinchi galdagi vazifasi, deb bilardi.

Ana shunday safarlardan birida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Asomiddin Komilov boshchiligidagi shifokorlar Turkiyada bo‘lganida klinikani aylanishadi. Ko‘rik paytida turk shifokorlari 2 haftadan beri tashxis qo‘ya olmagan bolani ko‘rsatishadi. Bolaning bo‘g‘imlari atrofida toshmalar bo‘lib, qorni og‘riyotganidan shikoyati bo‘lgan. Zuhra Sultanovna 1 daqiqaga ham qolmasdan tashxis qo‘yadi: “Sheynleyn Genoxa” kasalligi deydi. Turklar bir muddatdan so‘ng tashxis tasdiqlanganligini aytadi va professorga hayratlarini bildirishadi.

 

Ibrat maktabi

Zuhra Sultanovnaning nafaqat ilmi yoki ta’lim berishi, balki har bir qilgan ishi, bosgan qadami ibrat maktabi vazifasini o‘tardi. Ular fenomenal xotiraga ega bo‘lib, telefonlarida biror raqam saqlamay, barini yoddan bilar, barchani hayratga solar edi. Agar yoshlar raqam zarurati bilan telefonga tikilib qolishsa, yoddan birpasda aytib berardi. Bundan hayratlanganlarga “Ha, miyani rivojlantirish kerak, badiiy kitob o‘qish kerak, she’r yodlash kerak” deya ta’kidlashi hamma uchun dasturilamalday bo‘lib qolgandi. Ustoz bugungi ishni ertaga qoldirmaslikni, har bir masalani joyida hal qilishni yaxshi ko‘rardi. “Bu ishni ertaga qilaman” degan yo‘l “yo‘qlik tomon yetaklaydi”, derdi. Eng yaxshi xislatlari: birovni yomonlab kirgan odamni yoqtirmas edi. Agar shunday xodisa yuz bersa, o‘sha odamni bu holat haqida chuqurroq o‘ylab, o‘zidan ham nima o‘tganligini tahlil qilib ko‘rishga undar edi. Agar kimdir orqavarotdan nimadir deganini bilsa, buni ham oddiy, tabiiy qabul qilardi va o‘ch olishni yomon ko‘rib, bu ishga vaqt ketkazishni istamas edi. Yana bir ajoyib xislatlari o‘ta zukko, e’tiborli bo‘lib, buni boshqalardan ham talab qilardi.

 

Mehribon farzand

Zuhra Sultanovna nafaqat mehribon ustoz, shogird balki so‘zlab tugatib bo‘lmaydigan mehrga ega farzand ham edi. Onalariga nihoyatda g‘amxo‘r bo‘lib, xastalanib yotib qolganlarida singillari ikkisi navbatma-navbat parvarish qilishar edi. Onasi uchun alohida bozor qilib, eng sara mahsulotlar va mevalar xarid qilganida albatta sotuvchilarga “Menga eng yaxshisidan beringlar, axir bularni onamga olyapman” der edi. Bu gapni shunchalik mehr bilan aytar ediki, sotuvchilar ham hayratga tushishar va yaxshi saboq olishardi.

Yana o‘qing:  OPPOQ QORGA BURKANAR OLAM

Onalari 4 yil to‘shakka mixlanib qolganda u kishini har bir kunini qanday qilib mazmunli o‘tkazish haqida o‘ylar edi. Ana shu tadbirlar qatorida har kech onajonisiga badiiy asarlarni o‘qib berishdan charchamasdi. So‘ng esa badiiy asar, ularning qahramonlari haqida ham mulohaza yuritishar edi. Opa uchun pul hech qachon birinchi darajali bo‘lmagan. Asosiylari mehr, qadr va insoniylik va undan keyin moddiylik turgan.

 

Hayot davom etadi…

Hayot davom etadi… Insonlar bu dunyoga kelib ketaveradi.

Qiziq, ammo aynan o‘tgandan keyin insonning bu hayotdagi o‘rni bilinar ekan. Ana shu o‘rinni ularning hayoti davomida bajargan ezgu ishlari, atrofdagi insonlarga munosabati, mehnati, ilmi, ijodi belgilar ekan.

Buyuk insonning buyukligi keyin bilinarkan. Axir yonida turib tog‘ning yuksakligini bilish qiyin. Uning balandligi uzoqdan yaqqol ko‘rinadi.

Beshafqat o‘lim zukko inson, buyuk olima, mehridaryo mohir ustoz, bilimli shifokor, jamiyatimizning, ilmning ravnaq topishi, insonlarning tom ma’noda ma’naviyatli bo‘lishi uchun o‘z ibrati va so‘zi bilan tolmas kurashchi Zuhra Umarovani oramizdan olib ketdi. Ammo uning ibrati qancha shogirdlariga uni bilgan insonlarga saboq bo‘ldi. Hammaning Zuhra Sultanovnadek olima rahbar, ustoz, shogird va farzand bo‘lgisi kelaveradi… Ezgu ishlar ustozning bu dunyoda yig‘gan eng katta savoblari bo‘lib qolaveradi.

 

 Kavsar TURDIYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: