Elga omonlik istab…
Mamlakatimiz rahbarining tashabbusi va bevosita qo‘llab-quvvatlashlari tufayli tibbiyot tizimini isloh qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar hayotga izchil tadbiq etilmoqda. Sohadagi o‘zgarishlar xalqaro miqyosda ham e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.
– Mustaqillik sharofati bilan yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish borasida samarali tizim yaratildi. Davlatimiz rahbarining 1998 yildagi farmoni asosida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning 1999-2005 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi qabul qilinib, sohada olib borilayotgan islohotlar jarayoni takomillashtirildi va faoliyat izchilligi ta’minlandi. Prezidentimizning 2007 yil sentyabr oyidagi «Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi Farmoni va 2007 yil oktyabr oyidagi «Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori tizim rivojida dasturilamal bo‘ldi. Ushbu huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash natijasida respublikamizda bo‘lgani kabi viloyatimizda ham yagona standartlar asosida xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, tibbiyot birlashmalari, malakali kadrlar bilan ta’minlangan zamonaviy diagnostika markazlari tashkil etildi. Bu borada bizda ham ko‘pgina ijobiy ishlar amalga oshirildi. Aholi uchun barcha qulayliklar yaratildi, – deydi Samarqand Ko‘z kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori Nomoz Ochilov.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda tibbiyot tizimida misli ko‘rilmagan darajada o‘zgarishlar yuz berdi. Bundan ikki yil muqaddam bu yerda bo‘lgan kishi bugun uning qiyofasini taniy olmay qolishi shubhasiz. Shifoxona hovlisiga qadam tashlashingiz bilan o‘zgacha zavq tuyasiz. Ilgari zarang bo‘lib yotgan maydonlar o‘rnini gulzorlar, archazorlar, ko‘kalamzorlar, mevali va manzarali daraxtlar egallagan. Bu esa shifoxonaga yanada ko‘rk bag‘ishlab turibdi.
Bino ichkarisiga kirib yana o‘zgarishlarga guvoh bo‘lasiz. Xonalar kerakli mebellar bilan jihozlangan. Eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari o‘rnatilgan. 2012-2013 yillar davomida 32 million so‘mlik mebellar, 260 mln 510 ming so‘mlik tibbiyot asbob-uskunalari sotib olindi. Bunday qulay sharoitlar tufayli davolash sifati ham yaxshilandi. 2013 yilning o‘tgan davri mobaynida ushbu shifoxonada 5800 nafar bemor davolanib chiqdi. Ularning 1581 nafarida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. 2013 yildan boshlab shifoxonada birinchi kichik kesimda chok qo‘ymasdan kataraktani operatsiya qilishga kirishildi. Plastik usulda g‘ilaylik, pterigium, ptoz(ko‘z qovog‘ining osilib turishi) operatsiyalari o‘tkazilyapti.
Janubiy Koreya va Amerikadan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar yordamida shifokorlar ko‘z shox pardalari o‘lchamlarini yuqori aniqlikda ko‘rsatib beradi. Ko‘zoynak tanlashda yuqori ustunlikka ega. Shuningdek, ko‘rish maydonini aniqlash, ko‘z olmasini bo‘yiga va eniga to‘liq kesimda o‘lchash ko‘z qavatlaridagi patologik holatlar o‘lchamlarini aniqlashda ham zamonaviy asbob-uskunalar qo‘l kelyapti.
Shifoxona xodimlari ayni kunlarda tumanlarda bo‘lib aholi salomatligini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda tuman shifokorlariga amaliy ko‘mak berishmoqda. Targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishyapti. Bu esa kishilarning o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan e’tiborini oshirish barobarida tibbiyot sohasidagi bilimlarini mustahkamlayapti. Mamlakatimiz mustaqilligining 22 yilligi tantanalarini munosib yutuqlar bilan kutib olish uchun shifoxona jamoasi g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilib, aholi salomatligi muhofazasi yo‘lida bor bilim va tajribalarini ishga solishmoqda.
Islom XUDOYQULOV,
«Sog‘lom avlod» gazetasi muxbiri