Sarhadlar daxlsizligi uchun
Vaqt tezkor. Qutlug‘jon maktabni tamomlab, Baxmal tuman mudofaa ishlari bo‘limiga qarashli mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti qoshidagi o‘quv kursiga qatnay boshladi. Mashg‘ulotlar davomida o‘z qiziqishi va izlanuvchanligi, namunali xulqi bilan tengdoshlariga ibrat bo‘ldi.
Chegara qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmati nihoyasiga yetganida, yurak amriga bo‘ysinib, faoliyatini shartnoma asosida davom ettirdi. Chegarachi posbon bir necha marta qo‘mondonlik tomonidan faxriy yorliq va tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
2008 yilning kuz oylari edi. Bir necha g‘arazli kimsalar noqonuniy yo‘l bilan yurtimiz chegaralarini buzib kirishga urinadi. Dovyurak posbon esa ularga qarshi kurashib, jasorat ko‘rsatadi… Qonunbuzarlar qo‘lga olinadi.
Mard va jasur posbon Qutlug‘jon Rahmonov Birinchi Prezidentimiz farmoniga ko‘ra davlatimizning yuksak mukofoti – “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
Yaqinda jasur posbonning nomini abadiylashtirish maqsadida o‘zi tug‘ilib, voyaga yetgan mahallasi “Qutlug‘obod” deb nomlandi.
Tog‘ bag‘ridagi mo‘jazgina shinam uydan Qutlug‘jonning sinfdosh o‘rtog‘lari va qadrdonlari qadami uzilmaydi. Ular Shoira ayani yolg‘izlatmay, ham ma’naviy, ham moddiy tomondan ko‘maklashib, yumushlariga yordam berib turishadi. O‘quvchilar uchun ham bu xonadon mardlik va jasorat timsoli, vatanparvarlik maktabiga aylangan.
Baxmal tumanidagi 3-umumta’lim maktabida Qutlug‘jon Rahmonov xotirasiga bag‘ishlab alohida xona ajratilgan. Unda qism chegara qo‘shinlari hayotini aks ettiruvchi stend, buklet va ko‘plab fotosuratlar tartib bilan qo‘yib chiqilgan. Jasur posbonning maktublari ham shu yerda saqlanmoqda.
Q. Rahmonov el-yurt xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash har bir o‘g‘lonning burchi ekanini juda erta anglab yetgan edi. U darsdan bo‘sh vaqtlarida harbiylar, ayniqsa, chegara posbonlari haqida badiiy adabiyotlarni mutolaa qilib suratlar chizishni yaxshi ko‘rar edi. U qisqa umr ko‘rgan bo‘lsada chin inson bo‘lib yashadi.
Abdulla SAIDOV,
Jizzax viloyati