Kimga kitob, kimga esa internet muhim
Haqiqiy ilm izlovchi uchun har ikkisining ham o‘z o‘rni bor
Bugungi hayotimizni zamonaviy axborot texnologiyalari, jumladan, internetsiz tasavvur etish qiyin. Ayni paytda yurtimizda 15 milliondan ziyod kishi ushbu xalqaro tarmoqdan foydalanishining o‘zi fikrimizga dalil.
Keyingi paytlarda “Kitob afzalmi yoki internet?” tarzidagi bahs-munozaralar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Bizningcha bu ikki vositani o‘zaro qarshi qo‘yish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Zero, kitob orqali ilm o‘rganish va internet tarmog‘i vositasida ilmni takomillashtirish ketma-ketlikda bo‘ladi. O‘rni kelganda biri ikkinchisini to‘ldiradi.
Bugungi kunda yoshlarimizning kitobdan ko‘ra ko‘proq internet tarmog‘idan foydalanayotgani “o‘tish davri”ga o‘xshaydi. Bu jarayonda ularni o‘z vaqtida nazorat qilib borish, tarmoqdan to‘g‘ri foydalanishni tushuntirish, turli salbiy illatlarni targ‘ib qiluvchi saytlardan uzoq bo‘lishga o‘rgatib borish zarur. Bu davrda islohotchi, asosan, ota-ona va ustozlar hisoblanadi.
Kitob – bu ta’lim olish, xususan, dars tayyorlash uchun asosiy manba. Virtual olamdagi elektron darslik, elektron lug‘at, turli video yoki audio materiallar, rang-barang slayd va jadvallar bilan bosma shakldagi darslik yoki kitob o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydi. Dars esa shunday jarayonki, unda ham xuddi muqaddas ibodat singari ilm olish niyati, sokinlik, ozodalik, diqqatni bir joyga jamlash, atrofdagi turli voqea va hodisalarga chalg‘imaslik kabilar talab qilinadi. Farzandlarimiz endigina kirib borayotgan virtual olamda o‘zlarini nimalar kutayotganidan bexabar bo‘ladi. Tarmoqdagi “ajoyibot”larni, hali hech nigohi tushmagan “go‘zallik”larni ko‘rib, yo‘ldan adashib qolishlari turgan gap.
Zero, bugun yoshlar tugul, hatto yoshi kattalarning ham “o‘rgimchak to‘ri”ga “ilinib” qolayotgani, vaqtini behuda sarf etayotgani hech kimga sir emas.
Shunga muvofiq, yoshlarning internet tarmog‘idan o‘rinli foydalanishlarini nazorat qilib borish, avvalo, ota-ona, so‘ng esa ustoz-murabbiylar zimmasidagi muhim vazifa hisoblanadi. Aks holda ularni ayrim noma’qul va nomaqbul yo‘llardan, odatlardan qaytarib olish ancha qiyin kechishi tayin.
O‘rni kelganda, ajdodlarimiz va ularning ulkan merosi haqida faxrlanib gapiramiz. Dunyoga dong‘i ketgan Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi daholarimiz borki, ular merosi bashariyat manfaati uchun xizmat qilmoqda. Ularning barchasi ilmni na internet, na kompyuter bo‘lmagan paytlarda, kitob orqali o‘rganganlar, ijod qilganlar, shuhrat topganlar.
Internet tarmog‘i hozirda dunyo zamonaviy axborot texnologiyasining noyob namunasi sifatida tan olingan. Uning bugungi kundagi ahamiyati barchamiz uchun beqiyos. Biroq, bilim olish, ilm o‘rganish ma’lum bir ustoz yoki ustozlar orqali, ma’lum bir aniq manba yoki manbalar orqali amalga oshiriladi. Kompyuter xotirasidagi birgina elektron shakldagi 200-300 sahifalik asarni o‘qib chiqish qanchalik murakkab, asabni toliqtiruvchi holatni yuzaga keltiradi. Ammo qog‘oz shaklidagi, muqovalangan shu asarni o‘qib tugatish yengilligini ko‘pchiligimiz tajribadan o‘tkazganmiz.
Umuman olganda, hayotning har bir daqiqasi barchamiz uchun qadrli ne’mat. Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish oqillik bilan ish tutilgandagina, hayotimizdagi og‘ir yuklarni yengil qilgandagina qimmatli hisoblanadi. Agar bugungi kun yoshlari uchun ota-ona – o‘qituvchi-murabbiy – mahalla faollari tizimi hamkorligi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, yoshlarimiz o‘z muammolarini dunyoga doston qilib, maslahat uchun tajribasiz, ilmi haminqadar “do‘stlar”ga ehtiyoj sezishmaydi.
Bir so‘z bilan aytganda xalqimiz orasida kitob mutolaasini keng yoyish, yoshlarni duru gavharlar xazinasidan bahramand etishda bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishimiz lozim.
Otabek ShUKUROV,
Qarshi davlat universiteti katta o‘qituvchisi