“Yaqinlarimni qayta ko‘ra olamanmi?”
– Bemorlar har gal menga ana shu savolni berganida zimmamdagi mas’uliyatni chuqur his etaman, – deydi ko‘z shifokori Yaxiya Saliyev.
Uyda yoki qo‘shnilardan kimdir kasal bo‘lib qolguday bo‘lsa, otaci yoki onasining darrov yordamga shoshilishi, avvalo, shirin so‘zi bilan bemor insonlar dardiga malham bo‘lishi uning murg‘ak qalbida shifokorlik kasbiga mehr uyg‘otgandi.
Bir so‘z bilan aytganda, tibbiyot sohasining yetuk xodimi bo‘lish Yaxiya Saliyevning bolalik orzusiga aylandi. Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘z kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori bo‘lib faoliyat yuritayotgan qahramonimiz o‘zining muvaffaqiyatlarida yaqinlari, ayniqsa, ota-onasining ko‘magini alohida e’tirof etadi. Uzoq yillardan buyon malakali jarroh sifatida elga beminnat xizmat qilib kelayotgan otasi Mamutjon Saliyevni ko‘pchilik haligacha tajribli shifokor sifatida yaxshi biladi. Bu inson samarali faoliyati davomida qancha-qancha insonlarning hayotini saqlab qolgan.
Yaxiya Saliyevning onasi O‘g‘iljon opa Xajabayevaning faoliyati haqida ham shunday iliq fikrlarni bildirish mumkin. Qirq besh yil Nukus shahridagi 3-sonli oilaviy poliklinikada katta hamshira bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan O‘g‘iljon opa o‘z kasbiga aslo xiyonat qilmadi. Qo‘lidan kelganicha odamlar og‘irini yengil qilishga, ular dardiga malham bo‘lishga intildi.
Mamutjon aka va O‘g‘iljon opalar farzandlarining kelajakda el-yurt koriga yaraydigan barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlari uchun astoydil mehnat qildi. O‘z navbatida Yaxiya Saliyev ham ota-onasining kasbini puxta egallashga, bolalik orzusini amalga oshirishga intildi. Buning uchun tinimsiz izlanib, hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kirdi. U tibbiyotning birmuncha murakkab yo‘nalishi – ko‘z kasalliklari bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lishni maqsad qildi va o‘zi tanlagan sohaning sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirish uchun doimo izlanish va harakatda bo‘ldi. Bu orqali ustozlar nazariga tushdi.
Yaxiya Saliyev o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘z kasalliklari shifoxonasi maslahat poliklinikasida vrach-oftalmolog sifatida ish boshladi. 2008 yil Rossiya, 2011 yil Hindiston, 2013 yil Gollandiya, 2014 yil Buyuk Britaniya, 2015–2016 yillarda Koreya Respublikasida bo‘lib, chet ellik hamkasblari bilan tajriba almashib qaytdi. 2015 yildan shu bugunga qadar Ya. Saliyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘z kasalliklari shifoxonasi bosh vrachi sifatida faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
– 2015–2016 yillarda Koreyaga qilgan xizmat safarimiz juda samarali bo‘ldi, – deydi Yaxiya Saliyev. – Safar davomida hamkasblarim Marina Li, Ruslan Sultonovlar bilan birga Seul shahridagi “Siloam eye hospital” shifoxonasida bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlash bo‘yicha malakalarimizni oshirdik. Eng muhimi, o‘zim faoliyat yuritayotgan shifoxonani Koreyada ishlab chiqarilgan eng so‘nggi rusumdagi tibbiy anjomlar bilan jihozladik. Bundan tashqari, koreyalik bir guruh malakali mutaxassislar o‘tgan yili Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, biz bilan birgalikda 44 ta murakkab jarrohlik amaliyotini bajardi. Kelishuv asosida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, keksa insonlarga bepul suniy ko‘z gavharlari qo‘yildi. Bunda albatta, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar asosiy o‘rin tutganini qayd etish o‘rinli.
Barchamizga ma’lumki, ko‘z inson tanasidagi eng muhim a’zolardan biri hisoblanadi. Ko‘z orqali biz olamni ko‘ramiz, dunyo go‘zalliklarini his qilamiz.
– Faoliyatim davomida qanchadan qancha insonlarning “Endi yaqinlarimni ko‘ra olmaymanmi?” degan hadik bilan qabulimga kelganlarini ko‘rganman, – deydi Yaxiya Saliyev. – Men ularga, eng avvalo, tushkunlikka tushmaslikni uqtiraman. Chunki o‘zingga bo‘lgan ishonch xastalikni yengishda muhim o‘rin tutadi. Qolaversa, bugungi zamonaviy texnologiyalar har qanday xastalikni davolash imkonini bermoqda. Buning uchun faqat o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish lozim.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tibbiyot sohasi rivojiga juda katta e’tibor bermoqda. Tibbiyot xodimlariga kerakli sharoitlarni yaratish, odamlarning dardini yengil qilish kerakligini takror-takror uqtirmoqda va buning uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Davlatimiz rahbari 2017 yilning 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurganida ham bu muhim masalalar aslo e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Xo‘jayli tumani markaziy shifoxonasi, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali faoliyati bilan yaqindan tanishib, soha xodimlariga o‘zining qimmatli ko‘rsatmalarini bergan edi. Hozirda bu yerda qilingan va qilinayotgan ibratli ishlarni ko‘rib, ko‘ngilda cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulari jo‘sh uradi.
Oygul RAZZOQOVA