Yaxshi so‘z-la yod etib
Do‘st haqida xotiralar yozish, uning ijodiy, ijtimoiy faoliyatini yoritish va ayni paytda mushtariylarni ishontira bilish juda katta mehnatni talab etadi. Talabalikning hayajonli damlari… Tabarruk dargoh hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakul’teti 1-bosqich talabasi bo‘lganmiz. Hech kim bir-birini yaxshi tanimaydi. Hamma bir-biriga mulozamat bilan muomala qiladi. 39 nafar kursdoshmiz.
Oramizda vodiycha talaffuzda so‘zlaydiganlar ko‘proq edi. Shularning orasida sutga chayib olganday, oppoq yuzli qalampirnusxa do‘ppi kiygan, yoshiga nisbatan ancha sipo, qo‘llarini paxsa qilib gapiradigan, hammaning e’tiborni tez tortadigan kursdoshimiz Zufarjon Jo‘rayev ham bor edi.
Talabalikning «oltin» davri allaqachon boshlanib ketgan. Hammaning o‘ziga yarasha tashvishi bor. Kimdir ijarada, kimdir yotoqxonada, shaharlik kursdoshlar esa o‘zining xonadonida qo‘nim topgan. Xullas, hayot qaynaydi. O‘tilayotgan saboqlar bir-biridan qiziqarli.
Ozod Sharofiddinov, Umarali Normatov kabi ustozlarning suhbatini jonli tinglash, bahsga kirishish, behisob savollar bilan talabalik davri ham orqada qolib ketdi.
Oradan besh yil o‘tib qo‘limizga universitet hujjatini olib, ilk mustaqil hayotga qadam bosib, yig‘lashib xayrlashgan kun yodimizda muhrlandi.
Birov o‘z yurtiga, birov markazda, yana birov boshqa respublikaga ishga ketdi.
Zufarjon Jo‘rayev o‘z mehnat faoliyatini Toshkentda «Bir safda» jurnalida boshladi. Katta nufuzli tashkilot, turmush tashvishlari va ayni paytda bu do‘stimiz kitob yozish, ilmiy ishtiyoqini namoyish qilish bilan ham tezda shug‘ullanib ketdi. Asli Farg‘onaning so‘lim go‘shasi bo‘lmish Rishtonda tug‘ilgan do‘stimiz 1978 yili marg‘ilonlik qiz bilan turmush qurdi. Ko‘p o‘tmay birin-ketin ularning farzandlari dunyoga keldi. Bolalarga Baxtiyorjon, Dilbarxon, Jahongir deb ism qo‘yishdi.
Toshkentda mahallalar va ko‘chalar juda ko‘p. Shunday ko‘chalardan biri Zufarjon Jo‘rayev yashaydigan ko‘cha Og‘abegim deb nomlangan. Tinch va sokin, toza, shovqinsiz, ijodkorlarga mos hovli. Bu xonadonda 40 yilga yaqin kursdoshlar, ustozlar suhbat qo‘rganmiz, miriqib dam olganmiz.
Elimizning sevimli ijodkor shoirlari Akif Azalp, Yo‘ldosh Eshbeklar taniqli olim Adham Alimbekov, professor Malik Murodovlar bilan uchrashuvlar qizg‘in suhbatlar mana shu xonadonda boshlangan.
Zufarjon Jo‘rayev mana shu yillarda barakali ijod qildi, uning «Inson – barchaning sarvari», «Qizil gul“ning qora ishi», «G‘oyiblar xaylidan yongan chiroqlar» kabi ilmiy kitoblari chop etildi. O‘nlab kitoblarga muharrirlik qildi. Ko‘plab adiblarning kitoblariga so‘zboshi yozdi. Bularning barchasi ijodkordan qolgan meros.
Do‘stimiz marhum olim Malik Murodov boshchiligida «Alpomishnoma» asarining I-II jildi Qashqadaryo va Surxondaryo jildlarini yaratishda faoliyat olib borib, ustoz bilan birga xalq madaniy merosini to‘plash uchun oylab, yillab ijodiy safarda bo‘lganligini, ayniqsa, Azim shoir Xo‘jayev, Shomurod Tog‘ayev, Qodir shoir, Shoberdi baxshi dostonchilik maktabini tadqiq etishda ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirdi.
O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi Zufarjon Jo‘rayev 1995 yili davlatimiz rahbari tomonidan «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
«O‘zbekiston» nashriyotida muharrir, bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir, so‘ngra «Mehnat» nashriyotida bosh muharrir, umrining so‘nggi yillarida esa «Mintaqaviy siyosat jamg‘armasi»da bosh ekspert lavozimida faoliyat olib borgan talabchan ustoz shogirdlariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ulardan yordamini ayamas edi.
Umr oqar daryo, deydilar. Darhaqiqat, Zufarjon Jo‘rayev bosib o‘tgan umr yo‘llari ezgulik nuri ila yo‘g‘rilgan.
Bugun bu inson oramizda yo‘q. Ammo ilm yo‘lida nina bilan quduq qaziganchalik amalga oshirgan ezgu ishlarni shogirdlari, farzandlari davom ettirmoqda. Zero, o‘zidan yaxshi nom qoldirgan kishi borki, el orasida yaxshi so‘zlar bilan yodga olinur.
Ko‘char ESHNOROV,
Qashqadaryo viloyati
Chiroqchi tumani