Onalik baxti ostonasida
Homiladorlikda ayollar organizmida ro‘y beradigan o‘zgarishlar
Homiladorlikning taxminiy belgilari
Hozirgi paytda homiladorlikni aniqlashda maxsus dorixona test-qog‘ozchalarini qo‘llash mumkin. Bu usul bilan homiladorlikda ayollar peshobida xoriogonik gonadotropin gormoni tekshiriladi. Buning uchun ayol ertalabki peshobiga test-qog‘ozchasini botiradi. Agar unda ikkita chiziqcha paydo bo‘lsa reaksiya natijasi ijobiy bo‘ladi. Mabodo chiziqcha yagona bo‘lsa natija salbiy hisoblanadi.
Ultratovush yordamida ham homiladorlikni aniqlash mumkin. Homilaning yurak urishini 5-6 haftaligidayoq bilsa bo‘ladi. Hatto, uning tasvirini 3-4 haftaligidayoq ko‘rish mumkin.
Homiladorlik hayz ko‘rishning to‘xtashi bilan belgilanadi. Ma’lumki, sog‘lom ayollarda uning davri o‘zgarmaydi. Ba’zi emizikli go‘dagi bor ayollarda ham bu tabiiy jaryon kuzatilmaydi. Hayz davrining buzilishi umumiy kasalliklarda ham uchrab turadi. Xususan, qandli diabet, sil, surunkali zaharlanish (kimyoviy moddalar va boshqalardan) og‘ir ruhiy iztirob yoki to‘satdan boshga tushgan musibat, shuningdek, barvaqt klimaks natijasida ham hayz to‘xtashi yoki uning siklik davri buzilishi kuzatiladi.
Bu tabiiy jarayoning to‘xtashi homiladorlikning taxminiy belgilaridan biri bo‘lishiga qaramay yana turli akusherlik tekshirishlarini o‘tkazish zarur bo‘ladi. Odatda homiladorlikning 5-6-haftasidan boshlab bachadon kattalashadi. Uning shakli va qattiq-yumshoqligi o‘zgaradi. Shuningdek, sut bezlarining shakli o‘zgarib, ular ham kattalashadi va qattiqlashadi. Yuqorida ta’kidlanganidek sut bezini siqqanda undan og‘iz suti chiqadi. Homilador ayolni akusher-ginekolog tekshirganda bachadonning katta-kichikligini, uning shaklini, qattiq-yumshoqligini, qanchalik siljuvchan, og‘riqli yoki og‘riqsiz ekanligini va uning turish holatini, qin gumbazining qanday joylashganini hamda uning qanchalik siljuvchanligini aniqlashda tibbiy ko‘rikning o‘ziga xos ahamiyati bor.
Homiladorlik taxminan 15-20 haftalik bo‘lganda homilaning yurak urishi qorin devori orqali oddiy akusherlik stetoskopi bilan aniq eshitiladi. Yurak urishini tibbiy uskuna yordamida ham eshitsa bo‘ladi. Buning uchun qorin devori sathiga vazelin surtib, uning eshitadigan qismini qorin devori bo‘ylab surib, homilaning yurak urayotgan sohasi topiladi. Bunda tibbiy uskuna yordamida embrionning yurak urishi sanaladi (daqiqasiga homilaning yuragi 130-140 marta uradi).
Homilaning yurak urishi homiladorlikning ikkinchi yarmidan boshlab eshitila boshlanadi. Asfiksiya (bo‘g‘ilib qolish) ro‘y berganda uning yurak urishi bu holat bosqichiga qarab daqiqasiga 100-110 marta urishi yoki tezlashib 150 marta va undan ham tez ura boshlaydi. Ob’yektiv tekshirilganda homiladorlik 20 haftalik bo‘lgandan boshlab homilaning qimirlashi aniq bilinadi. Homiladorning o‘zi ham homilaning qimirlaganini ancha ilgari sezishi mumkin. Lekin buni ayol ichaklar harakati bilan almashtirishi va u yanglish ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin.
Ultratovush yordamida homila skeletini va yurak urishini, undagi mavjud nuqsonlarni ko‘rish mumkin.
Paypaslab ko‘rish usulida homila holati aniqlanadi. Bu usul homila tana a’zolarining katta-kichikligini, ularning bachadonda joylashish holatini, oldin keluvchi tana qismi, bosh yoki dumba va ularni qayerda ekanligini aniqlashdan iborat.
Ultratovush tibbiy tekshiruvi yordamida homiladorlikni erta muddatida ham aniqlash mumkin. Bundan tashqari homilaning so‘nggi rivojlanish davrida uning bachadonda yotish holatini (boshi, tanasi, oyoq-qo‘llari, ichki a’zolari), oyoq-qo‘llar va boshining joylashishi va ko‘krak qafasi o‘lchovi aniqlanadi.
Homiladorlik muddatini hamda uning rivojlanishidagi nuqsonlarni (gipotrofiya, gidro – va mikrotsefaliya va boshqalar) ham bu usul yordamida bilish mumkin. Shuningdek, ushbu tekshiruv usuli homila yo‘ldoshini, qog‘onoq suvining ko‘p va ozligini, ko‘p homilalik, ayniqsa, homiladorlikning kechishini kuzatishga imkon beradi. Ultratovush orqali tibbiy ko‘rik bo‘lajak ona uchun ham, homila uchun ham zararsizdir.
Homilaning qimirlashini ona sezmay qolsa, u nobud bo‘lgan hisoblanadi. Qog‘onoq suvi shimilayotganiga ko‘ra bachadon kichiklasha boradi. Bo‘lajak ona qorin pastida og‘irlik sezadi. Uning og‘zi bemaza bo‘lib, eti uvishadi. Sut bezlari yumshab qoladi. Homilaning tirik yoki nobud bo‘lganini ultratovush usulida aniqlanadi. Bu mudhish holat qanchalik erta aniqlansa, ayolga shunchalik o‘z vaqtida yordam berish mumkin. Aks holda onada turli patologik holatlar yuz berishi, xususan, bachadonda homila chirishi, qon ivishining susayishi, o‘lgan homilani bachadondan olib tashlash jarayonida koagulopatik qon ketishi mumkin.
Homiladorlikning davom etishi, uning muddati va tug‘ish vaqtini aniqlash
Homiladorlik so‘nggi hayzning birinchi kunidan hisoblaganda o‘rta hisobda 280 kun yoki akusherlik oyi bilan 10 oy – 40 hafta davom etadi. Lekin ba’zan homiladorlik 280 kundan kam yoki ortiq davom etishi ham kuzatiladi. Ayollarda homiladorlik muddatini aniqlashda ko‘p qiyinchiliklar uchraydi. Chunki, uning qachon boshlanganligini aniq bilish qiyinroq bo‘ladi. Uning muddati oxirgi hayzning birinchi kunidan to‘la kun yoki to‘la haftalar bilan hisoblanadi. Ya’ni, bu muddatlar ilmiy tibbiy tilda oxirgi hayzning birinchi kuni 0 kuni, 0-6 kunlar “nol to‘la oy haftalik”, 7-13 kunlar esa “birinchi to‘la oy haftalik” va homiladorlikning oxirgi 40–haftasi – “39 to‘la oy haftasi” deb hisoblanadi.
Akusherlik tajribasida tug‘ish vaqtini aniqlash uchun Negel usulidan foydalaniladi. Buning uchun oxirgi hayzning birinchi kunidan 3 oy orqaga sanab, unga 7 kun qo‘shiladi. Masalan, agar oxirgi hayzning birinchi kuni 20 avgust bo‘lsa, shu kundan 3 oy orqaga sanalib (20 iyul, 20 iyun, 20 may) unga 7 kun qo‘shilsa, demak, tug‘ruq kelgusi yilning 27 may kuni kuzatiladi.
(Davomi bor)
Yulduz JABBOROVA,
tibbiyot fanlari doktori, professor