Ta’lim – inson kapitali asosi
Bilim hech bir boylikka sotib olinmaydigan, faqat o‘rganish, intilish orqasidan keladigan katta xazina. Axborot va texnika asrida ta’lim, ilm-fan taraqqiyoti yanada katta qiymat kasb etmoqda. Bilimli va malakali mutaxassisning kuchiga bo‘lgan talab yanada ortmoqda. Chunki dunyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy-texnologik yangiliklarni ilm salohiyati baland insonlar yaratadi. Ayni paytda har qanday yangilik va ixtirodan inson manfaatlari, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida foydalanmoq kerak. Aks holda u inqirozga olib borishi hech gap emas. Bu borada qadriyatlar muhim o‘rin tutadi.
Milliy va umuminsoniy qadriyatlar nafaqat shaxs shakllanishiga, balki jamiyatda zamonaviy ta’lim sifatiga, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni bilish va ularni qadrlash hamda yosh avlodga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratildi. Shu bois iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda, jamiyatning ma’naviy-axloqiy yangilanishida muhim yutuqlarga erishildi. Natijada, jamiyatda yangi ijtimoiy muhit va ma’naviy hamda axloqiy qadriyatlarga asoslangan ilm qiymati shakllandi.
Mamlakatimizda nafaqat yosh avlodning bilim olishi, kasb-hunar o‘rganib malaka orttirishi, jahon taraqqiyoti bilan hamqadam bo‘la olishi barobarida inson kapitalini rivojlantirish uchun keng imkoniyat va shart-sharoit yaratilgan.
Yuksak zakovat, chuqur bilimli iqtidor egalarini tayyorlashda, tabiiyki, ta’lim qadriyati oldingi o‘ringa chiqadi. Jamiyat esa o‘z rivojining har bir bosqichida ta’lim oldiga aniq maqsadlarni qo‘yadi va ma’lum bir vazifalarni yuklaydi. Shunga muvofiq ta’lim jarayonini tashkil etish va uning mazmuniga, ta’limdagi yakuniy natijaga nisbatan talablar qo‘yilgan. Boshqacha aytganda, davlat va jamiyat ta’limga nisbatan ma’lum bir siyosatni olib borib, jamiyatda ishlab chiqilgan qadriyatlarga muvofiq yosh avlodni shakllantiradi.
Ta’lim olish va mustaqil o‘rganish jarayonida malaka, bilim ortib boradi. Tarbiya va o‘z-o‘zini tarbiyalashda esa umume’tirof etilgan qadriyatlar qabul qilinadi va ishlab chiqiladi.
Tarbiya keng ma’noda maxsus tashkil qilingan, shaxsni rivojlantirish uchun avloddan avlodga ijtimoiy tarbiya tajribasini yetkazish jarayonidir. Tor ma’noda esa katta yoshdagilarning bolalarni jamiyat hayotining aniq bir vaziyatiga kiritish, uning rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni shakllantirish bo‘yicha qo‘shma faoliyatdir.
Insonning o‘ziga xosligi irsiy qobiliyatlar asosida tarbiyalash va ayni paytda o‘z-o‘zini rivojlantirish jarayonlarida shakllanadi.
Ta’limda o‘ziga xoslikni hisobga olish har bir shaxsning imkon qadar yuqori rivojlanish imkoniyatlarini ochish, psixologik o‘ziga xosligining betakror va bebaholigini tan olishdan kelib chiqqan holda rivojlanish shart-sharoitlarini yaratishni bildiradi. Ta’limga individual yondashuv bir odamni boshqalar bilan emas, aynan o‘sha shaxsning o‘z hayot yo‘lining turli bosqichlaridagi holatiga qiyoslash talab qiladi. O‘ziga xoslikni namoyon etish, uning tiklanishi va rivojlanishi uchun oqilona shart-sharoit yaratish ta’limning muhim vazifalaridan biridir.
Ta’limning gumanitar tamoyillariga asosan bolani bir paytning o‘zida ham tarbiya obekti, ham subekti deb tasdiqlash noto‘g‘ri bo‘ladi. Bola o‘ziga ta’lim subekti sifatida qarashi mumkin. Ilgari ta’lim tizimi shunday tuzilgan ediki, hatto yuqori sinf o‘quvchilari va talabalar o‘qituvchining o‘z shaxsiyatini ko‘rsatish, pedagogik dastur va rejalarini amalga oshirish vositasiga aylangan edi.
Erkinlikka yo‘naltirilgan insonparvarlik pedagogikasi ta’lim faoliyatining barcha subekt, vosita va maqsadlari uyg‘unlashuviga olib boradi. Bunday pedagogika tarbiya va pedagog, bola va guruh mohiyati ifodasi hisoblanadi. Ta’lim obekti esa faqat ta’lim materiali bo‘lishi mumkin.
Jamiyat o‘z a’zolari o‘rtasida birgalikda harakatlanish, hamkorlik, bag‘rikenglik, o‘zaro yordamga asoslangan yangi munosabatlarga muhtoj. Ijtimoiy munosabatlarning bu qadriyatlari ta’lim jarayonida o‘z ifodasini topishi zarur.
O‘qituvchi bolalarga nisbatan mehr va ishonch bilan yondashsa, o‘quvchilar esa o‘z qobiliyat hamda qiziqishlarini amalda qo‘llashga imkon bersa, bir-birini tushunishga erishiladi. Hamkorlikdagi pedagogika o‘zaro tushunish, ishonch, bir-birini qo‘llab-quvvatlash, ijodiy hamkorlikka tayyorgarlikni yuzaga keltiradi va yoshlarning asl qadriyatlarni anglashi hamda tan olishini ta’minlaydi.
Ta’lim jarayonida jismoniy, psixologik, ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlaydigan va yoshlarda o‘zini hamda boshqalarni himoya qilish qobiliyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan choralar tizimini yaratish lozim.
Albatta, bu bolani butun muammo va qiyinchiliklardan himoya qiladigan sun’iy sharoit yaratish degani emas. Pedagogik himoya o‘quvchining butun qobiliyatini rag‘batlantirish, o‘z-o‘zini tahlil qilish va nazorat qila olishini rivojlantirish asosida hayotdagi og‘ir vaziyatlardan chiqishning aniq usullarini birgalikda izlab topishda amalga oshiriladi. Bunday faoliyat ko‘rsatish (masalan, bolalarning jismoniy va ruhiy salomatligini saqlash hamda mustahkamlash) ijtimoiy-pedagogik va psixologik yordam, huquqiy himoya va maslahat yo‘nalishlarida himoyalanishning maxsus usullari, tarbiya texnologiyasini ishlab chiqish va tatbiq etishni nazarda tutadi.
Shaxsning jamiyat va ijtimoiy hayotga kirib borishi murakkab jarayondir. Bir tomondan, u shaxsga jamiyatning faol va teng huquqli a’zosi sifatida ishlashiga imkoniyat yaratuvchi ma’lum bir qadriyatlar tizimini (me’yor, namunalar, bilim, tasavvur) o‘zlashtirishni o‘z ichiga oladi. Ikkinchi tomondan, shaxsiy ijtimoiy tajribaga ega bo‘lish va o‘zini faol sur’atda qayta qurish jarayonidir.
Ta’lim va kasbiy dasturlar o‘z asosiga xalqlarning boy, intellektual, ma’naviy-axloqiy merosi, umuminsoniy qadriyatlar, fan, texnika, texnologiya va madaniyatning ilg‘or yutuqlarini singdirmoqda.
Maktabgacha ta’lim darajasida bolalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi uchun shart-sharoit yaratish, maktabgacha ta’lim muassasalari va oilaviy tarbiyaning turli ko‘rinishlari uchun xilma-xil dasturlarni tanlash imkoniyatini ta’minlash, maktabgacha ta’limning barcha masalalari bo‘yicha malakali maslahat xizmatidan foydalanish, bolalarni maktabda muntazam ta’lim olishga tayyorlashni nazarda tutadi.
Umumiy o‘rta ta’limning yangi tuzilmasi o‘quvchilarning intellektual va axloqiy qudratini ochib berishga, xususan, o‘z imkoniyati, qobiliyatiga muvofiq ta’limga farqlangan yondashuvni tatbiq etishga yo‘naltirilganlikni nazarda tutadi.
Ta’lim oluvchilarni kasbiy yo‘naltirish, iqtidorli bolalar va yoshlarni aniqlash, keyingi ta’lim yo‘nalishini to‘g‘ri, ongli tanlash, o‘quvchilarning doimiy o‘zgaruvchan mehnat bozori va ta’lim xizmatiga bo‘lgan moslashuvini qamrab oladi.
Shiddat bilan o‘tayotgan davr shart-sharoiti, holati inson kapitali va undan foydalanishda qadriyatlarning qanchalar katta ahamiyat kasb etayotganini aks ettirib turibdi. Qadriyatlar nafaqat insonning shaxs sifatida shakllanishi, milliy va umuminsoniy fazilatlarni saqlab qolishga, balki ta’lim tizimida yetuk mutaxassis tayyorlashga ham katta ta’sir ko‘rsatuvchi o‘ta muhim omil sanalishini ko‘p yillik tajribalardan bilamiz.
Ta’lim jarayonlari orqali inson kapitali, ya’ni bilim darajasi, malakasini shakllantirish mumkin. Ayni paytda taraqqiyot va rivojlanishga turtki bo‘ladigan ana shu yuksak bilim, malaka, zakovatidan faqat ezgu yo‘lda foydalanishda insoniy qadriyatlar o‘ta muhim ahamiyatga ega. Bilim olish, kasb-hunar egallash, uni yosh avlodga o‘rgatish, faqat tinchlik, taraqqiyot yo‘lida foydalanishda milliy qadriyatlarimiz ishonchli, mustahkam zamin bo‘la oladi.
Faxriddin JONIYEV,
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi
“Sog‘lom avlod uchun” jurnali saytidan olindi.