Dunyo bir, orzu bir

Bolaligidan tug‘ma bolalar serebral falaji (DSP) bilan dunyoga kelgan Mohira hayotning beshavqat sinovlari oldida bo‘yin egmadi.

Bugun 42 yoshni qarshilagan ushbu sportchi yaqinda poytaxtimizda o‘tkazilgan shashka bo‘yicha musobaqada kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Hayratlanarlisi, u sport bilan shug‘ullanayotganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Aytish joizki, hayotga, yashashga bo‘lgan kuchli xohish va intilish u qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlarning kaliti bo‘lmoqda.

Oilamdagi yaqinlarim, ustozim Rashid aka meni doimo qo‘llab-quvvatlab turadi. Hozir shashka bilan birga, sportning yugurish turi bilan ham shug‘ullanyapman. Muhimi, sport hayotimning bir bo‘lagiga aylanib ulgurdi, – deydi M. Qo‘ldosheva.

Mohira sport tufayli ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishdi. Qahramonimizning shijoati, vaqtni qadrlashi o‘rnak olsa arziydigan fazilatdir. Bu esa intilish va shijoat oldida jismoniy imkoniyatlarning cheklangani hech qanday ahamiyatga ega emasligiga yorqin dalil bo‘la oladi.

Mohirani bir so‘z bilan hayotni sevuvchi inson deb ta’riflash mumkin. U doimo o‘z ustida ishlaydi. Yaqinda O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi va O‘zbekiston nogironlar jamiyati tomonidan o‘tkazilgan musobaqaning shaxmat-shashka yo‘nalishida II o‘rinni qo‘lga kiritdi. U bundan juda xursand, – deydi Mohiraning ustozi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Rashid Safariyev.

Yurtimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning bilim olishi, salomatligini mustahkamlash, qiziqish va intilishiga qarab kasb-hunar egallashi uchun zarur shart-sharoit yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bu yil yurtimizda golbol sport turini rivojlantirish bo‘yicha qator ishlarni amalga oshirmoqdamiz, – deydi R. Safariyev. – Shu maqsadda hozir yosh yigitlar, xususan, oliy ta’lim muassasida ta’lim olayotgan ko‘zi ojiz talabalardan guruh tashkil qilib, mashg‘ulotlarni boshlab yubordik. Hozir Ziyodulla Usmonov, Ulug‘bek Mansurov, Oybek Shodiyev va Umarbek Meliboyevdan tashkil topgan golbol guruhi a’zolari bilan mashg‘ulotlar olib boryapmiz.

– 2020 yil Yaponiyada o‘tkaziladigan Paralimpiya o‘yinlarida golbol sport turi bo‘yicha g‘olib bo‘lishni maqsad qilganmiz. Men darvozabon sifatida jamoadoshlarimga yordam beraman, – deydi Umarbek Meliboyev.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, golbol ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan futbol turi bo‘lib, unda 3 nafar ishtirokchi to‘p suradi. To‘p kimda bo‘lsa ishtirokchi “menda” deb koptok unda ekanligini bildiradi. Qo‘lida to‘p yo‘q odam esa “men” deb unga yordam beradi. Bu golboldagi kalit so‘zlar sanaladi. O‘yin davomida futbolchilarning ko‘zida maxsus qora bog‘ich bo‘ladi. To‘p ham golbol sport turi uchun maxsus ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning ichiga ovoz chiqarib turuvchi maxsus qo‘ng‘iroqcha joylanadi. To‘pning ovoziga qarab futbolchilar harakatlanadi.

Yana o‘qing:  JAVOHIRLAR SANDIG‘I (2014/43)

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: