E’tiborsizlikmi, iqtidorsizlikmi yoxud shifokor husnixatini kim o‘ylab topgan?

Respublika internet nashrlarida og‘riqli xabar tarqaldi. Unda ta’kidlanishicha poytaxtimizning Olmazor tumanida uch opa-singil bir kundayoq vafot etgan. Dastlabki ma’lumotlarda ularning yoshi keltirilmagani, lekin yoshgina qizaloqlar ekani ta’kidlangan. Xo‘sh, bir kun oldin soppa-sog‘ bo‘lgan, ota-ona bag‘rida, qiyqirib o‘ynab yurgan, ularning mehridan bahramand ulg‘ayayotgan bu qizaloqlar nima sababdan ajalning komiga ilindi?

“Vermoks” va “Verapamil” egizakmi?

Uch qizaloqni tumandagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan biriga olib borgan ota-ona qiyma kabob iste’mol qilishni ixtiyor qiladi. Tabiiyki, ishtahani ochadigan bu taomdan qizaloqlar ham bebahra qolmagan. Biroq, uyga qaytishgach, uchalasining ham me’da-ichak tizimida kuchli og‘riq boshlanadi. Shoshilinch tez tibbiy yordam shifokori vaziyat og‘irligini, ularni zudlik bilan shifoxonaga yetkazish zarurligini aytadi. Ming afsuski, qizaloqlardan biri yo‘lda vafot etadi. Qolgan ikki nafari esa shifoxonada jon beradi. Mazkur ish yuzasidan Olmazor tuman prokuraturasi jinoiy ish qo‘zg‘adi. Bunday ayanchli vaziyatda oila a’zolari o‘lim sababini umumiy ovqatlanish shoxobchasida iste’mol qilingan qiyma kabobning sifati buzilgan bo‘lishi mumkinligini, farzandlari zaharlanib o‘lganini taxmin qilishadi. Sud tibbiy ekspertiza xulosasi esa umuman boshqa holatdan guvohlik berardi. Qizaloqlar bir kun oldin shifokor ko‘rigida bo‘lgani, mutaxassis ularga “Vermoks” dori vositasini qo‘llashni maslahat bergani, ammo dorixona xodimi shifokorning husnixatini to‘liq o‘qiy olmay o‘rniga “Verapamil” dori vositasini sotib yuborgani esa keyin oydinlashadi. “Natijada yosh organizm bu dori vositasiga chiday olmagan”, deyiladi xabarda.

Ma’lumki, mamlakatimizda dorixonalar faoliyatini tartibga solish, dori mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarning malakasini oshirish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Biroq, birozgina e’tiborsizlik tufayli haridorga berib yuborilgan dori vositasi oqibatida uch qizaloq hayotdan ko‘z yumdi. Uning badalini endi na siymu-zar, na “oh-voh”lar qoplab berolmaydi. Endi ularni hayotga qaytarishning imkoni yo‘q. Dorixona sotuvchisi shifokorning yozuvini tushunmagan ekan, qaysi kasallik uchun ushbu dori vositasi xarid qilinayotganini so‘rashi mumkin ediku? Nahot, “Vermoks” va “Verapamil” dori vositalarining ta’sir doirasi bir xil bo‘lsa, ular bir xil vazifani bajarsa? Axir, ular “egizak” emasku! Buni avvalo, dorixona xodimi chuqur his qilishi kerak emasmi?

Shifokorlarni ham o‘qituvchi o‘qitganmikan?

Yana o‘qing:  Ishtiyoq, intilish, samara

Yaqinda bir kursdoshim qo‘ng‘iroq qildi. U gap orasida bir tashvish bilan poytaxtga kelgani, jiyani og‘rib qolgani, shifokor ko‘rigidan o‘tkazganini aytdi. Kechki payt uchrashdik.

– Dorixonaga kirishimiz kerak, – dedi u qo‘lidagi qog‘ozni ko‘rsatarkan. – Shifokor yozib berdi. Qishlog‘imizda hamma kasallikni “Paratsetamol”, “Sitramon”, “Mukaltin” degan dorilar bilan davolashadi, – hazilnamo nash’a qilarkan. – Poytaxtda tibbiyot rivojlanganda, ro‘yxatni qara, bir yarim qog‘oz bo‘ldi-ya.

Suhbat asnosida dorixonaga ham yetib keldik. Sotuvchi retseptni ko‘zdan kechirarkan, o‘ylanib qoldi: – mana bu, mana bularga tushunmadim, boshqa dorixonadan so‘rarsiz.

Shu zaylda to‘rtta dorixonaning eshigini qoqdik. Nihoyat bir o‘rta yoshli sotuvchi ayolgina shifokor husnixatini o‘qiy oldi.

– Xayriyat-ey, – dedi do‘stim, ko‘zlari yonib. – O‘zi shu shifokorlarni ham o‘qituvchi o‘qitganmikan? Yozuviga tushunib bo‘lmaydi.

Sotuvchi ayol miyig‘ida kuldi. Dorilarni bir qator qilib tizarkan, javob berishga hozirlandi:

– Aslida vrachlar tashxisni shunday yozishi kerak. Boisi, bemor tashxis haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasligi lozim. Lekin ular retseptniyam rosa bejab berishadi. Ko‘p kishilar shifokorga qayta murojaat qilishga ham majbur bo‘lishadi.

To‘g‘ri-da, og‘rib turgan issiq jonning ko‘ziga hayot yanayam shirin ko‘rinadi. Davo uchun shifokor nimani tavsiya qilsa foydalanaveradi. Biroq, o‘rtada dorixona xodimi borligini, u chindan ham dori vositalarini to‘g‘ri berganmi, yo‘qligini o‘ylab ham ko‘rmaydi.

Oq xalat kiygan, kasbi uchun muqaddas qasamni ichgan tibbiyot xodimidan kim ham shubhalanar edi. Shunday tig‘iz vaqtda uning yozuvi faqat o‘zi uchun tushunarli ekani kimning tushiga kirardi.

Tabiiyki, yuqoridagi holatda shifokorni oqlab bo‘lmaydi. Uch qizaloqning umri zomin bo‘lishiga uning ham “hissa”si bor.

Inson hayoti qilning ustida turishi bor gap. Arzimagandek ko‘ringan shifokorning tushunarsiz husnixati orqasidan hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan norasida uch nafar qizaloq vafot etdi. Bu mudhish voqea, ota-onalarni, dorixona xodimi-yu, shifokorlarni yana bir bor farzand salomatligiga, inson taqdiriga befarq qaramaslikka chorladi.

Bahodir HALIMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: