Haddidan hadlayotgan to‘y(chi)lar

To‘ylar xalqimizning uzoq asrlik an’analari, urf-odat va udumlarini o‘zida mujassam etganki, uni ma’naviy meros sifatida qadrlaymiz, boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatamiz. Chunki, milliy to‘ylarimiz shunga munosib.

Biroq, so‘nggi yillarda hayotga yengil qaraydigan ayrim ota-onalar istagi, balog‘at yoshidagi bo‘lajak kelin-kuyovlarning tizginsiz xohish-irodasi tufayli barqarorlashgan go‘zal an’analar va xalqchil urf-odatlarga putur yeta boshladi. Bu illat kundan-kun kuchayib, milliy qadriyatlarga yot, yosh avlod axloqi, tarbiyasiga zid o‘ta zararli udumlar ommaviy tus ola bordi.

Shu sababli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev to‘ylarni tartibga keltirish, ularni ixchamlashtirish, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, milliy an’analarni asragan holda tarbiyaviy ta’sir kuchini oshirish vazifasini kun tartibiga qat’iy qilib qo‘ydi. Buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur ham: “Kelin tanlashni davlat siyosati darajasiga ko‘tardim”, deganda oila qurish, to‘y qilish shaxsiy xohish emas, umumdavlat doirasidagi ulkan vazifa ekanligini uqtirgan edi. Darhaqiqat, har bir yangi oila – davlatning bir bo‘g‘ini. Chunki, unda farzandlar kamol topadi, kelajak bunyod bo‘ladi.

Biroq, bugungi to‘ylar mana shu haqiqatga zid o‘laroq kimo‘zarga bellashish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish maydoniga aylanib qolgani achinarli. Quyidagi mulohazalarimiz ayni shular haqida.

SOVCHILIK

Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarida yozilishicha, Humoyun Mirzo Hindol saroyida Hamidabonuga ko‘zi tushib, unga sovchi qo‘ydiradi. Ammo qizni ko‘ndirguncha sovchilar qirq kun qatnashiga to‘g‘ri keladi. Ko‘ramizki, hukmdor bo‘lsa ham Humoyun Mirzo asriy udumga amal qiladi. Sabru bardosh bilan Hamidabonu va uning xonadoniga hurmat saqlaydi.

Hatto, podsholar amal qilgan sovchi tanlash va sovchi qo‘yish odatini so‘nggi o‘ttiz yilda ayrim ota-onalar buzib o‘tishdi. “Suv soyga oqar, boy boyga boqar”, deganlaridek, ikki oila o‘zaro kelishib oladi-da, xalqdagi udumlarni hisobga olmay, ularni eskilik sarqiti sanab ko‘ngillariga kelganini qilishadi. Bundaylarda maslahatlashish, ko‘pni ko‘rganlar fikriga quloq solish yo‘q. O‘g‘il (qiz) meniki, to‘y meniki, xohlaganimni qilaman, deb o‘ylashadi. Bu noto‘g‘ri. Chunki to‘yni ota-ona tashkillashtirsa-da, u xalqniki, xalq uchun. Shu bois, xalqona odatlarni buzish, mensimaslik, ko‘pchilik amal qiladigan tartibga rioya etmaslik eldan chiqishdir.

Sovchi degani faqat bo‘lg‘usi quda tomonni ko‘ndiruvchi emas, shu bilan birga, to‘yni dabdabalarsiz, isrofgarchiliklarsiz, kamxarj o‘tkazishga ikki tomonni kengashtiradigan kishi hamdir.

To‘y xarajatlarini esa hozirgidek ayollar emas, sovchilar va otalar maslahatlashib hal etgani har tomonlama ma’qul.

Yana o‘qing:  Oftob charaqlab turgan sen yorug‘ osmonimsan

Bundan tashqari, bir xonadonga sovchi borib, ish (kelishuv) hal bo‘lmaguncha, ikkinchi joydan sovchi qo‘yilmaydi. Bu haqda hadislarda shunday deyiladi: “Birov qo‘ygan sovchi ustiga ular o‘zaro bitishguncha yoki tark qilishguncha sovchi yubormanglar”. Ammo hozir sovchi kelganini eshitgan uyga goho basma-basiga sovchi qo‘yilaveradi. Hatto, ayrim yigitlar qiznikiga borib, ota-onasiga: “Sovchilarni qaytaring, men qizingizni sevaman”, deb bezrayib turishni odat qilib oldi. Bularni yoqlab ishlangan kinolarimiz shunchalik ko‘pki, hayron qolasan, kishi. Sevdingmi, avval sovchi qo‘y, deydigan mard yo‘q.

Gapning qisqasi, ota-onalar va yigitlarning o‘zi sovchilik qilish odatidan voz kechib, bu vazifani ilgarigidek elda obro‘li, oilasi tinch, “etti o‘lchab bir kesadigan” sovchilarga topshirish lozim. Chunki bunda ham xislat mujassam.

OTALARDA ORIYAT KAMAYSA…

O‘zbeklarning ko‘pchilik urug‘ida qizini uzatgan ota kuyov tomon o‘tkazayotgan to‘yda qatnashmagan. Ayni vaqtda qizi yetti-sakkiz yoshga yetgandan boshlab ochiq-sochiq kiyintirmagan. Qiz esa balog‘atga yetgan sayin ota, aka oldida yoqavayron, tizzasigacha ochiq holda o‘tirmagan, tanasini ko‘z-ko‘z qiladigan kiyim kiymagan, hayoli, iboli bo‘lgan. Hozir-chi?

Ayrim holatlarda qizning otasi to‘yxonada, ziyofatning zo‘r, dasturxon nozu ne’matlarining mo‘l joyida, hali to‘y boshlanmasdan qadahlar urishtirmoqda. Ekranda qizining bo‘lg‘usi kuyov bilan goh tog‘da, goh bog‘da, goh suv bo‘yida termulib, o‘ynashib, quvishib, quchoqlashib va… turgan holatlarini ko‘rib qizarmayapti, bo‘zarmayapti, balki: “Buni shuncha pulga ishlatgan”, deb maqtanayapti. Shu payt kelin-kuyov kirib kelishdi. Besh yuz odam oyoqqa turdi. Hamma shod, xursand. Kuyov odatdagidek kostyum-shimda. Oq libosdagi kelinning bilaklaru yelkalari, orqasi beligacha ochiq. Ota va qaynota mag‘rur…

Tavba, deysan. Uyda qizingni shu holatda ko‘rganmisan yigirma yil tarbiyalab? Ko‘rmagan bo‘lsang, mayli suqqa ishonma, ko‘zga ishonma, nega yoshu keksa, erkagu ayolning oldiga bu holatda chiqarding? Nega o‘zing ham termulib turibsan? Oilang oriyatini, nomusini elga shu alfozda ko‘rsatib, faxrlanayapsanmi?

To‘ylardagi sarf-xarajatlarning oshib ketishi, millat mentalitetiga to‘g‘ri kelmaydigan odatlarning kirib kelishiga xotinining so‘zidan chiqolmaydigan erkaklar, bolasini bo‘lar-bo‘lmas orzu-istaklardan qaytara olmaydigan otalar aybdor emasmi? Achchiq haqiqat shuki, to‘ylarni tashkillashtirish, o‘tkazishda erkaklar o‘z burchini unutib, hamma yaxshi-yomon tashvishlarni xotinlariga berib qo‘ygani to‘ylardagi salbiy holatlarning katta sababidir.

Yana o‘qing:  HAMSHIRA QIZLARNING A’LOSI

Endi qiz chiqarayotgan yoki kelin tushirayotgan otalar uchun erlik, otalik oriyatini, mas’uliyatini saqlab to‘ylar o‘tkazish, o‘zining yo qudaning boyligini emas, farzandlarining baxtini o‘ylab ish tutish vaqti keldi.

YOSHLAR G‘URURINI SAQLASA…

Qizlar – oilaning, elning or-nomusi, yigitlar – oriyat va or-nomus qo‘riqchilari, degan gapni yoshlarga ko‘p takrorlayman va izohlab turaman. “Bir martalik to‘yimda xohlaganimni qilaman, ota-onamni ham aytganimga majbur etaman. Istagancha mashinalarni to‘plab, kiyinib (yoki yarim yalang‘och kiyinib), zo‘r san’atkor (otarchi)larni chorlab, dasturxonni nozu ne’mat, spirtli ichimliklar bilan to‘ldirib, dovrug‘li to‘y o‘tkazaman”, deyish xudbinlik va aqlsizlik, o‘ylovsizlikdir. Chunki bunday yoshlarning mablag‘ qayerdan, qanday kelayotgani, oila qancha qarz botqog‘iga botayotgani bilan ishi yo‘q…

Bundaylar oriyatni anglashmaydi, g‘urur ostonasidan o‘tishmagan. Oriyatli bo‘lsa, ular to‘yxonaning o‘rtasida qaynota-qaynonasi bilan raqsga, valsga tushmasdi. G‘ururi bor kuyov hali chimildiqqa kirmagan, ochiq-sochiq libosli kelinning o‘zga yigitlar bilan o‘ynashiga yo‘l qo‘ymasdi. Iboli, hayoli kelin dugonalari bilan kuyovning o‘pishib so‘rashganiga befarq, betuyg‘u qarab turmasdi.

Yoshlarning o‘zi bu haqida chuqur, atroflicha o‘ylab, fikrlab ko‘rishi, kuyov va kelin faqat bir-biriga daxldor axloqiy me’yorlardan xabardor bo‘lishi, ular millat davomchilari sifatida milliy qadriyatlarni saqlashga mas’ul ekanini his etishi shart. O‘shandagina to‘ylar fayzli o‘tadi va oilada ham baraka bo‘ladi.

Abdiolim ERGASHEV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: