Qizalog‘imga maktub
Salom qizalog‘im!
Bilasanmi, insonni bu hayotga farzand bog‘lab turadi. Sen zanjirsan. Metin va mustahkam, insoniy tuyg‘ulardan oziqlangan zanjirsan. Meni, onangni shu yorug‘ dunyoda orzu bilan yashashga o‘rgatding. Tabassum bilan, chuchukkina tilingdan taralgan shirin so‘zlaring bilan bizni yashashga undading. Borligimizni his qildik. Qizim – sen buyuk kuchsan!
Xudoyim jannat bog‘laridan asrab, avaylab uzib bergan seni. Rayhonbo‘yginam, munisam, mehribonim!
Bugun sendan uzr so‘rash uchun ushbu maktubni qoralayapman. O‘ylaymanki, harf tanib, savoding chiqqanda ushbu xat yostig‘ing ostida turadi. Har zamonda uni o‘qib, seni qanchalar yaxshi ko‘rishimni, ardoqlashimni his qilasan. Qalbim hamisha sen bilan birga.
Shu kunlarda xizmat safari bois, sendan uzoqlardaman. Seni tush ko‘rib, so‘zlaringni xayolan tinglab yuribman. Jajji qo‘llaring tafti yuzimni ilitib turibdi. Ko‘zingdagi nur qalbimni yorityapti. Sen ezgulikka chorlovchi mayog‘imsan. Hech qachon so‘nma.
Ayni paytda qishloqda, bobong va buving mehridan bahramand yashayapsan. Ular mening ota-onam! Ularning mehri, muhabbati bilan unib-o‘sdim va o‘ylaymanki, men oydin tunlar chiroq yorug‘ida tinglagan ertaklarni sen bobongning quchog‘ida eshitib o‘tiribsan. Xuddi men kabi ularni savollarga ko‘mib tashlayotgandirsan. Qizim, har tong onang suv sepib, supirayotgan hovli-yu, ko‘chada mening jajji izlarim qolgan. Bolaligim qolgan.
U vaqtlarda zamon og‘ir edi. G‘ira-shira eslayman: odamlar g‘alla maydonlariga chiqib ketar, bug‘doyni tegirmondan o‘tkazib kelardi. Qora, qotirma non yeyishardi. Uyiga un topib kelgan otadan baxtiyorrog‘i bo‘lmas edi. Lekin yoshu qarining ko‘nglida ertangi kunga ishonch bor edi. Bugungi yorug‘ kunlarga yetish, to‘q va farovon, tinch va xotirjam yashash ishonchi buvilarimiz aytgan ertaklarga singib ketardi. Qizim, ko‘ngli to‘q odam och qolmaydi. Erki bor odam noshukr bo‘lmaydi. Bugun har bir insonning qalbi, orzu-umidlari-da ozod va hur, qadr topyapti, e’zozlanyapti. Tasavvur qilyapman, sen hozirgina o‘pib, ko‘zingga surtayotgan oppoqqina shirmoy non ham ozod va hur xalqning vatanparvarligi, bolaparvarligi mevasidir.
Ko‘zmunchog‘im, ko‘zlaringga ko‘z tegmasin!
Rosti gap, seni juda sog‘indim. Qiqirlab kulishlaring, erkalanishlaring ko‘z oldimdan ketmaydi. Uyg‘oniboq xayrli tong tilashing, ostonada qo‘l qoqib ishga jo‘natishing, “omadingizni bersin”, deya niyat bildirishlaring o‘zingday samimiy, qizalog‘im. Qaytganimda bo‘ynimga osilib, quvonishlaringchi! Hamma-hammasi yuragimda musaffo jilg‘adek jimirlayapti. Shundandir sal parishonroqman. Birovga sezdirmay deyman-u imkoni bo‘lmayapti. Qizalog‘im, bu dunyoda toza tuyg‘ularni sir saqlab bo‘lmaydi. Tuyg‘ularning eng pokizasi esa mehr to‘la sog‘inchdir.
Kecha telefon orqali onang bilan gaplashdim. Mendan uzr so‘ramoqchi bo‘libsan. Undan oldin qo‘ng‘iroq qilganingda ishim ko‘pligidan suhbatni qisqa qildim. “Dadam xafa bo‘ldilarmi, go‘shakni qo‘yib qo‘ydilar”, debsan. Sendan nega ranjiy, qizim. Axir, ovozingni eshitib, qanchalar sevinganimni bilsang edi. Yaqin kunlarda uchrashamiz. O‘shanda mendan uzr so‘rama! Hammasini jajji qalbingdan chiqarib tashla. Axir, telefon orqali suhbat ham xoh qisqa bo‘lsin, xoh uzun diydordir. Diydor uchun esa uzr so‘ralmaydi. O‘zimning oppoq qizim, sog‘intirib qo‘yganim uchun meni kechiraqol.
Bir qizaloqni uchratib qoldim. Burrogina qilib she’r o‘qidi. So‘rasam, to‘rt yosh ekan. Tengdoshing ekan, qizim. Xuddi seni ko‘rganday bo‘ldim, xuddi sen qarshimda she’r o‘qib berayotganday bo‘lding. Yuragimda yosh qalqidi-yu, ko‘zimga chiqarmadim. Uyaldim, erkakligim yo‘l qo‘ymadi. Axir, bolalari aqlli bo‘lsa, otalar hech qachon yig‘lamaydi. Ilohim, aqlingni bersin, oppog‘im. Ilohim, sen sabab ko‘zimizga qayg‘u yoshlari kelmasin.
Bilasanmi, sen dunyoga kelguningcha qancha orzu qilganmiz, shirin-shirin o‘ylar surganmiz. Har kuni ism tanlab, tunlarni tongga ulaganmiz. Millatdosh aka-opalaring sportda, ilm-fan, san’at va madaniyatda chet ellik tengdoshlarini ortda qoldirib, bayrog‘imizni baland tutganida, entikkanmiz, orziqqanmiz. Sen ham kelajakda o‘shalar qatorida bo‘lishingni tasavvur qilganmiz. Shu kunlar kelsin, yo‘ling yorug‘, maqsadlaring oydin bo‘lsin, qizim. Buning uchun men o‘zimdan-da kechishga, faqat va faqat sen uchun yashashga tayyorman. Sen meni ardoqlagan Vatanning farzandisan, demak sen ham Vatanimsan. Vatanga xizmat qilish esa burchlarning eng oliysidir.
Shoshqaloq kunlar negadir imillayapti. Intizorlik, sog‘inch-u firoq vaqtning yo‘lini to‘sib turganday. Nima qilishni bilmadim. Yo‘l-yo‘lakay bolalar o‘yinchoqlari do‘koniga kirdim. Turfa o‘yinchoqlarni ko‘rib bahri-dilim ochildi. Sog‘inchim sal bosilganday bo‘ldi. Ko‘z oldimda yana sen namoyon bo‘lding. “Dada, men uy quryapman. Katta, baland, chiroyli. Bu bizning uyimiz bo‘ladi, ko‘p o‘yinchoqlari bo‘ladi”. O‘zimning novvotim, shirin qizalog‘im! Orzu qilishdan hech qachon to‘xtama. So‘ragan o‘yinchoqlaringni olib berolmay, qorday ko‘nglingga ozor bergan bo‘lsam kechir. Ba’zida hamma, hatto otalar ham ilojsiz qoladi. Muhimi, men seni judayam yaxshi ko‘raman. Hech qachon xafa qilmaslikka urinaman. Bu qo‘llar faqat boshingni silash uchun yaratilmagan. Shu qo‘llarim bilan o‘zing orzu qilgandan-da shinam uylar qurib beraman. Ichida Xudo senga tuhfa qilgan ovunchoqlar, shirindan-shakar o‘g‘il-qizlaring bo‘ladi. Faqat sen bunga ishon. Bilsang, bu dunyoni ham ishonch ushlab turibdi.
Sen ko‘zimiz nuri, qalbimiz chirog‘isan. Hech qachon zavol bilma. Shu zaminga, shu Vatanga, shu xalqqa chuqur kirib boraver. Aql-hushing, farosating, biliming bilan hammaning rahmatini ol. Unutma, sen yuragimning o‘q tomirisan. Sensiz hayot to‘xtaydi. Shunday ekan, men senga yuragimni omonat topshiraman. Ilohim o‘q tomiri hamisha mustahkam bo‘lsin.
Sog‘inch to‘la qalb bilan, dadang.
Bahodir HALIMOV