“KAMOLI ISTAR ERSANG…”
Navoiy nazdida barkamol avlod tarbiyasi
Xalq, haqiqat va nafosat o`lmaydi, deydilar va bularni ardoqlagan, kuylagan ulug`lar ham mangudirlar. Ular hamisha avlodlar dili va tilida barhayot, shu minnatdor avlodlarning ezgu intilish va ishlarida madadkordir, deydilar.
Hazrat Alisher Navoiyning ham olti asrga yaqin vaqt mobaynida asarlari, ilg`or g`oyalari, ibratomuz so`zlari ila xalqimiz e'zozida bo`lib kelayotgani shundan ekanligi ayni haqiqatdir. Navoiy o`z asarlarida ulug`lagan komillik-ezgulik va go`zallikning, yaxshilik va hamjihatlikning, o`zaro ittifoqlik va osoyishtalikning buyuk timsollari sifatida butun insoniyat qalbida iftixor tuyg`usini uyg`otadi. Zabardast shoirning ilm-ma'rifat targ`ibiga maxsus e'tibor bilan qaragani tahsinga sazovor. Bu bejiz emas, albatta.
Tarixdan yaxshi ma'lumki, Navoiy ma'rifatli oila farzandi edi. U buyuk iste'dod egasi sifatida ilm-ma'rifatli, vafo va sadoqatli kishilarni ulug`laydi, ularni madh etadi. Buyuk alloma asarlarida buni tasdiqlaydigan misollar ko`p. Bugina emas, u shaxsiy hayotda ham ko`plab iste'dod egalarini o`z ko`magiga olgani, ular haqida g`amxo`rlik qilgani ma'lum.
Shoir nozik ta'b, nozik mijoz ijodkor sifatida o`z atrofining go`zal bo`lishini, go`zallikdan butun insoniyatning bahramand bo`lishini istaydi. Uning ko`ziyu so`zi pok bo`lgan insonlarni kuylagani bejiz emas. Ana shunday insonlargina barkamol, ya'ni komil bo`lishi, komil insonlar esa jamiyatni ayniqsa, yoshlarni tarbiyalashda shaxsiy namuna vazifasini a'lo darajada ado etishi mumkin. Shuning uchun ham har bir shaxsning alohida olingan insonning komilligi jamiyatning yutug`i deb hisoblaydi.
Navoiy ta'rifidagi bu holat barchaga ibrat bo`la oladi. Shoirning yozishicha, odam dunyoga kelganidan so`ng o`zini o`zi tarbiyalash bilan shug`ullanmog`i lozim. Agar inson o`z nuqsonlarini sezsa-yu, ammo uni yo`qotish, bartaraf qilish haqida bosh qotirmasa, u hech qachon kamolot cho`qqisiga ko`tarila olmaydi, deydi.
Navoiy davlat arbobi bo`lish bilan birga o`z shaxsiy hayotida ham chin komil inson edi. Uning lirik she'rlarida, badiiy asarlarida ham shu g`oya sezilib turadi. Navoiy chin insoniylikni tarannum etadi, kishilarni tabiatan sofdil, halol bo`lishga undaydi. Mardlik, shijoat va g`ayratni ko`klarga ko`taradi. Yaxshilik qilish va saxovatli bo`lishni talqin etadi. Insonlarni bir-biriga foydasi tegishini, hayoti davomida faqat va faqat foydali ish qilishlari lozimligini uqtiradi:
“Xalq aro yaxshiroq, – deding,
– kimdur?”
Eshitib ayla shubha raf' andin.
Yaxshiroq bil ani ulus arokim,
Yetsa ko`prok ulusqa naf' andin, – deydi.
Agar qo`ling bilan yaxshilik qilishning ilojini topmasang, tiling — bir og`iz shirin so`zing bilan foyda keltir. Vaqtida aytilgan bir og`iz shirin so`z katta boylik berilganidan afzaldir, deydi. So`z bilan ham naf yetkazish qo`lingdan kelmasa, dilingdagi tilaging yaxshi bo`lsin deydi:
Yaxshi kerak ko`nglida andishasi,
Ko`ngli kishi xushlug`idin xush kerak.
Shoir odamlar tabiatida uchraydigan nomunosib fe'l-atvorlarni qoralaydi, hattoki shunday kishilarga yaqin ham yurmaslik kerakligini aytadi:
Yuqar yomonlig` angakim, kirar yomon el aro,
Ko`mur aro ilik urg`on qilur ilgini qaro.
“Xazoyin ul-maoniy” kulliyotidan o`rin olgan,
“Falakdin gar menga har lahza yuz qayg`u keldi o`tru…”
misrasi bilan boshlanuvchi o`n bir baytdan iborat g`azalini ko`zdan kechiradigan bo`lsak, unda hayot faqat g`am, yoxud sevinchdan iborat emasligi, hayotda tashvishu quvonch, mehnatu rohat, ayrilig`-u visol damlari birga yurishini ta'kidlaydi. Shoir ana shu ziddiyatlar zanjirini o`quvchi esiga solib, tun va kun, shom va tongni misol keltiradi. Har tundan keyin kun kelganidek umid bilan, zavqu shavq bilan yashash, shodlik damlari qadriga yetish kerak, deydi. Shu o`rinda isonnig ruhiy-ma'naviy kamolotini yuqori qo`yadi:
Kamol istar esang sidq ahlidin, qilma ko`ngul tiyra,
Mukaddar aylamas xurshid subh anfosidin ko`zgu.
Zero, oliy maqsadlarga intilgan, poklanish yo`liga kirgan odam uchun har qanday g`am-tashvishdan ko`ra safo ahliga ergashib, ko`ngil ko`zgusini g`uborlardan tozalash afzal. Safo ahli esa quyosh kabi nur taratib, inson zotini munavvar qiladi, ulug` maqsadlarga safarbar etadi. Shoir shu fikrlardan keyin komil insonlar sifatlari, xislatlarini ta'riflaydi. Ammo umrni behudaga, o`tkinchi narsalarga sarflab, zavol ketkazmaslikka undaydi:
Baqo naqdi hayotigg`a chu ermas bir zamon ma'lum,
Diram naqdig`a umrung har zamon sarf etmagil asru.
Bu fikrini rivojlantirib, g`aflatga berilmaslikka chaqiradi. Zero, g`aflatning o`zi qalbni xiralashtiradi, qayg`uni ko`paytiradi, komillik sari intilishga g`ov bo`ladi. Faqat sof ko`ngilli, komil insongina o`tkinchi qayg`ularni pisand qilmaydi, abadiyat shodligiga muyassar bo`ladi, deydi.
Ulug` shoir umri davomida ana shunday do`st qidiradi. Shuning barobarida insonlarni ulug`vorlikka, komillikka chorlaydi.
Navoiyning buyukligi shundaki, uning ilmiy hofizasi bir inson, bir mamlakat doirasidagina cheklanib qolmagan. Uning inson degan so`zi buyuk zotning hayoti va ijodi bilan chambarchas bog`liqdir. U barcha xalqlarning vakillariga adolat ko`zi bilan qaraydi, ularning urf-odatlarini hurmat qiladi, jamiyat a'zolarini mansabiga, davlatiga qarab emas, insoniy fazilatlariga qarab ardoqlaydi. U yaratgan lirik qahramon irqiy, jinsiy, milliy ayirmalarga parvo qilmaydi. Ayniqsa, bu holat uning “Xamsa” dostonlaridagi Farhod va Shirin, Layli va Majnun timsollarida yaqqolroq namoyon bo`ladi. Navoiy nazdidagi komil inson Farhod timsolida ro`y-rost bo`y ko`rsatadi. Bu timsol orqali chin insoniylik tarannum etilib, sofdillik va mardlik, shijoat, g`ayrat va halollik ulug`lanadi. Ilm-ma'rifat, hunarning ahamiyati ko`klarga ko`tariladi. Bu Farhodning: “Hunarni asrabon netkumdir oxir, Olib tufroqqamu ketgumdir oxir”, degan so`zlarida ham namoyon bo`ladi. Undan tashqari xalqparvarlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, qahramonlik, xalqlar do`stligi, mamlakat osoyishtaligi kabi bugungi kun uchun ham nihoyatda dolzarb bo`lgan g`oyalar ilgari suriladi.
Navoiy ezgulikni tarannum etish va yaxshilarga yanada yaqin bo`lish o`gitini berishdagina bizga hamroh emas. U yomonlarga qarshi kurashda ham biz bilan hamrohdir. Buyuk ajdodimizning sohir satrlaridan yana ko`p asrlar davomida ma'nolar xazinasini o`qimog`imiz, bahra olmog`imiz, komillik sari intilmog`imiz, shubhasizdir. Bu haqiqat esa bashariyat bilan boqiydir.
Zumriniso KOZIMOVA,
Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san'at akademik litseyining ona tili va adabiyoti fani o`qituvchisi