NEGA QOR YOG‘MAYDI?

Dekabr oyining o‘rtalari edi. Yangi yilga sanoqli kunlar qoldi hamki, qish ko‘rki bo‘lgan qordan hali-hanuz darak yo‘q. Tong otdi, qish bo‘lgani bois, kun hali yorishgani yo‘q. Quyosh o‘z xobgohidan bosh ko‘tarishga erinayotgandek, go‘yo. Malohat bolalar xonasiga asta kirib, farzandlaridan xabar oldida, ohista chiqib ketmoqchi edi hamki, to‘rt yoshlik qizalog‘i Muxlisaxon asta onasidan so‘radi:

– Oyijon, qish keldimi?

– Ha, tashqarida kutib turibdi, – deya qizining savoliga bolalarcha javob berdi Malohat. Onasining so‘zlaridan taajjubga tushgan Muxlisa darhol o‘rnidan turib, oyna tomonga oshiqdi.

– Voy, oyijon tashqarida ko‘rinmayapti-ku? Har safar qish keldi deysiz, nega unda menga ko‘rinmaydi. U mendan hafami?

Onasini tinimsiz savollarga ko‘mib tashlagan qizaloq javobni kutmasdan darhol ayvonga shoshib chiqdi-da, buvijonisini savolga tutdi:

– Buvijon, nega qish kelmayapti? U bizdan xafami?

Nabirasining bexosdan so‘ragan savoliga shoshib qolgan Mahfuza oyi bir oz o‘tgach, gap nima haqida ekanligini fahmladi. Sababi, nabirasi qorni juda sog‘ingan edi. Yoz bo‘yi uy kattalariga qishni, ayniqsa, qorni juda yaxshi ko‘rishini, bu faslda onasi olib bergan sevimli qo‘lqoplarini kiyib, ukasi bilan rosa chana uchishini, qorbobo yasashini ko‘p bor takrorlagan.

– Nega unday deysan, ona qizim? Qish nega sendan xafa bo‘larkan. Albatta, qish keladi. Axir sen dugonalaringdan hech narsani qizg‘anmaydigan, mehribon va saxiy qizsan-ku! Shundaymi?

Qizaloq buvisining gapidan biroz yerga qaradi-da indamay qoldi. Zero, buvijonisi nabirasining qizg‘anchiqroq odati bor ekanligini juda yaxshi bilar edi.

– Qor dugonalari bilan inoq bo‘lmagan bolalarga ko‘rinmaydimi?

– Albatta, axir qor qut-baraka belgisi-ku, qut-baraka esa sahiy, mehribon va oqko‘ngil bolajonlar uchun yog‘adi-da.

Muxlisa shoshganicha xonasiga chiqib, kecha berkitib qo‘ygan shirinlikni yostig‘i tagidan olib, asta ukasining yostig‘i ostiga yashirib qo‘ydi-da go‘yo mo‘jiza yuz beradigandek, oynadan osmonga qarab-qarab qo‘ydi.

Bir ozdan so‘ng uch yoshli ukasi Abduqayum erinibgina uyg‘onib, birdan sergak tortib yostig‘i ostiga qaradi. Bu bejizga emas edi, albatta. Sababi kecha nabirasining sho‘xliklaridan charchagan buvasi unga agarda tarbiyali, aqlli, opasiga mehribon bo‘lsagina qor yog‘ishini va yostig‘i tagida shirinlik paydo bo‘lishini uqtirgan edi.

Яна ўқинг:  Соғлом ва баркамол улғаяётган болалар

– Voy ana qor yog‘yapti! Abduqayumxon qaragin qish keldi!

Osmondan bolalarning intiq bo‘lib kutgan qor parchalari zamin uzra asta to‘shalardi. Qish kelishini kechiktirgan yomon odatlarini tushunib yetgan bolalar oynadan zavq bilan qor yog‘ishini tomosha qilar edi.

Ma`rifat TOLIPOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: