TENGDOSHIMIZ CHEMPION
Ayni vaqtda yurtimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlardan oqilona foydalanib Vatanimiz nomini dunyoga tanitayotgan yoshlarimiz bisyor.
Tengdoshimiz Abdurauf Norqulov ham sportning boks turi bilan jiddiy shug‘ullanib, yurtimiz sporti rivojiga o‘z hissasini qo‘shish niyatida tinimsiz izlanmoqda. 2009-yildan boshlab “Kombat Aykido” sportining Nakaun va Fullkontakt yo‘nalishlari bo‘yicha “Legion” klubida qatnashib, murabbiy Baxtiyor Yulliyevdan bu sport turining sir-sinoatlarini qunt bilan o‘rgana boshladi. Abdurauf qisqa vaqt ichida yuqori natijalarga erishib, dastlab 2011-yil Toshkent viloyati ochiq chempionatida 3-o‘rinni egalladi. Shu yilning iyul oyida Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan xalqaro turnirda va avgust oyida Toshkent shahar ochiq chempionatida faxrli 1-o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. So‘ng Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Respublika turnirida 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi. O‘z ustida tinimsiz ishlashda davom etgan yosh sportchi 2012-yil aprel oyida Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan Respublika sport musobaqasida Fullkontakt yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni egallab, oltin medal bilan taqdirlandi. U eng katta yutug‘ini 2012-yil 9-oktabrda Toshkent shahrida o‘tkazilgan musobaqada qo‘lga kiritdi. Iqtidorli sportchi ushbu turnirda chempionlik kamari sohibiga aylandi va ota-onasi, ustozlari ishonchini oqladi. 6-9-dekabrda esa Farg‘onada Amir Temur oltin kubogida fullkontakt yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.
– Kelgusida albatta, jahon chempioni bo‘lib, yurtimizga munosib farzand bo‘lishga harakat qilaman, – deydi umidli sportchimiz.
Oilada to‘rt farzandning ikkinchisi bo‘lgan Abdurauf Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tavallud topgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston Milliy Universiteti qoshidagi S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyida gumanitar yo‘nalishda tahsil olmoqda. Barcha ustozlari va kursdoshlari uni qo‘llab-quvvatlaydi hamda har bir musobaqa oldidan omad tilaydi.
Gulzoda MAMATQULOVA,
S.Sirojiddinov nomidagi akademik litsey o‘quvchisi