Yaxshilik, g‘amxo‘rlik ma’naviy yuksalishning bosh mezoni sanaladi

Har bir oqil insonning va jamiyatimizning muqaddas vazifasi, aytish mumkinki, hayotining ma’nosi qobil farzandlar o‘stirish, ularni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan mukammal qilib tarbiyalash, kamolini ko‘rish, ota-onasiga, Vatanga sadoqatli kishilar etib voyaga yetkazishdan iboratdir.

Islom KARIMOV

1949-yil dunyoda ro‘y bergan talafotlar sabab ko‘p bolalar ota-onasidan yetim qolgan. Ana shunday vaziyatda Avstriyaning Imst shahrida German Gmayner ismli shaxs birinchi SOS – bolalar shaharchasiga asos solgan. Vaqt o‘tgan sayin homiylar va hammaslaklarning qo‘llab-quvvatlashi tufayli “SOS – Kinderdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti butun dunyo bolalariga yordam bera oladigan darajaga yetdi. Hozirgi paytda dunyoning 132 mamlakatida 450 ta SOS bolalar shaharchalari faoliyat yuritmoqda.

SOS (Save our soul – “bizning qalbimizni qutqaring”, “ijtimoiy himoya” ma’nolarini anglatadi) bolalar mahallalari ota-ona g‘amxo‘rligidan erta judo bo‘lgan bolalarni tarbiya qilishning oilaviy modelidir.

“O‘zbekiston SOS bolalar mahallalari uyushmasi” xayriya tashkiloti ham O‘zbekiston respublikasi hukumati hamda “SOS – Kinderdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti o‘rtasidagi kelishuvga asosan Vazirlar Mahkamasining 1997-yilgi qarori bilan tashkil etilgan. Uyushma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari – qarovsiz qolgan bolalarga uzoq muddat davomida g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdan iborat.

Toshkent SOS bolalar mahallasi ham ana shunday ezgu maqsadlarni ko‘zlab barpo etilgan. Hududda 14 ta uy, MTM, sport va o‘yin maydonchalari mavjud. Mahallaning “Mehribonlik” uyidan farqi shuki, bu yerda aka-ukalar, opa-singillar bir-biridan ajratilmay, bir oilada tarbiyalanadi. Farzandsiz ayollar ham o‘z oilalariga ega bo‘ladi. Har bir xonadonda olti, yoki yetti nafar bola tarbiyachi ona nazoratida yashaydi.

Xonadonlarda mehmon bo‘lsangiz oddiy o‘zbek oilasiga mos shart-sharoitning guvohiga aylanasiz. Ikkitadan yuvinish xonasi, qizlar va o‘g‘il bolalar uchun alohida yotoqxona, dars xonasi, kompyuter, kir yuvish mashinasi, televizor, xullas, yaxshi yashash uchun barcha sharoit muhayyo. Ona bolalarining maktabdan kelishiga mazali taomlar tayyorlaydi va barchasi bir dasturxon atrofiga yig‘iladi.

– Bolalar shaharchasida besh yildan buyon yashayman, – deydi Anora Nig‘matullayeva. – Olti nafar bolam bor. Ularning millati har xil lekin barchasi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Uyimizda barcha qulayliklar bor, ammo bolalar uchun bu yetarli emas. Ya’ni ular mehrga tashna, ota-onasini sog‘inadi. Ana shunday paytlarda har doimgidan ham ko‘proq ularning yonida bo‘laman. Ular meni “oyijon” deb chaqiradi. Qalbimdagi barcha og‘riqlarim unutilib, bolalarim bilan o‘zimni baxtli his etaman. Qizlarim, o‘g‘illarim bilan sirlashaman. Barchamiz birgalikda bozor-o‘char qilamiz. Dam olish kunlari tevarak-atrofda obodanlashtirish ishlarini olib boramiz.

Яна ўқинг:  БАЛДАИ МАҲФУЗА ДЕРЛАР...

Darhaqiqat, atrofni ko‘zdan kechirar ekansiz, saranjom-sarishtali mahallada ahil oilalar yashayotganiga ishonch hosil qilasiz. Ayni kunlarda mahalladagi eng katta archani yangi yil uchun bezatishmoqda. Yigitlar atrofga rang-barang chiroqlar ilishmoqda, qizlar esa yaltiroq qog‘ozlardan archa o‘yinchoqlarini yasashyapti. Chetdan turib bu manzarini kuzatar ekansiz, bolalarning beg‘ubor nigohidan zavqlanasiz.

Shaharcha bolalari har bir bayramni cheksiz quvonch bilan nishonlaydi. Ayniqsa, tug‘ilgan kunlarda onalar va bolalar birgalikda shirinliklar, turli taomlar tayyorlashadi.

– Bu yerda o‘zimni o‘z uyimdagidek his qilaman, – deydi o‘n uch yoshli Aziz Ahmedov. – Kelgan vaqtlarim ko‘nikishim qiyin bo‘lgan. Lekin onamning shirin so‘zlari, aka-ukalarimning bag‘riga bosib mehr berishi, qo‘shnilarimizning hamjihatliligi sabab tez orada o‘zimni shu mahallaning a’zosi deb bildim. Onam maktabimizda o‘tkaziladigan ota-onalar majlisiga boradi. Dars tayyorlashimda ko‘maklashadi. Futbol to‘garagiga qatnaganim uchun ba’zida uyga kech qolsam eshik yonida o‘tirib meni kutadi. Bu mahallada yashayotganimdan, Yurtboshimizning bizga qilayotgan g‘amxo‘rligidan xursandman. Kelajakda, albatta, Vatanimga munosib farzand bo‘laman. Harbiy libos kiyib, yurtim oldidagi vazifamni bajaraman! Ana o‘shanda men xalqimning jasur o‘g‘loni bo‘lib, ko‘ksimda yurt sha’nini olib yuraman.

Ko‘nglida Vatan tuyg‘usi bilan ulg‘ayayotgan bu bolalar o‘zlarining hamisha e’tiborda ekanidan baxtiyordir. Ayni kunda mahallada 70 nafar bola istiqomat qiladi. Mahallada futbol, shaxmat, raqs va adabiyot to‘garaklari tashkil qilingan. Bundan tashqari, bolalar boshqa maktablarga borib yoki maxsus kurslarda chet tillaridan saboq olishadi. San’atga ishtiyoqmand yoshlar turli festivallarda ishtirok etadi. Sportchi bolalar ham chempionatlarda qatnashib, qalbida so‘nmas g‘ayrat bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqda. Har bir bola o‘zining hayot yo‘lini tanlashga intilmoqda.

O‘n olti yoshga to‘lgan bolalar mahalladan “uchirma” bo‘lishadi – mustaqil hayotga qadam qo‘yadi. Toshkent shahar hokimiyati tomonidan ajratilgan Yoshlar Uyida yashay boshlaydilar. Bu yerda ham pedagog va tarbiyachilar ular bilan hamnafas.

Toshkent shahar hokimiyati SOS Yoshlar uyi uchun to‘qqiz qavatli turar joy binosining birinchi qavatidan bir necha xonadonni ajratgan. Yotoqxonalar zamonaviy mebel, gilam, televizorlar bilan jihozlangan, alohida oshxonaga ega. O‘smirlar bu yerda tarbiyachilar nazoratida bo‘ladi.

“Bolaning begonasi bo‘lmaydi”, degan naqlga amal qiladigan xalqimiz farzandlarini eng avvalo, ona yurtning istiqbolli kelajagi sifatida ko‘rishadi, mehr bilan parvarishlaydi. Atrofdagilardan faqat va faqat yaxshilik ko‘rgan bolalar kelgusida hech shubhasiz elparvar, yurtsevar insonlar bo‘lib kamol topadi. Bolalar shaharchasida yashayotganlar ham ana shunday qaynoq mehr, cheksiz g‘amxo‘rlik ruhida voyaga yetmoqda. Kelajakda ular yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, yuksak marralar pillapoyasidan ko‘tarilishadi va mustaqilligimizning barqarorligiga munosib hissa qo‘shadi.

Яна ўқинг:  Анҳорнинг сўлим соҳилларида

Dildora QARShIBOYeVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: