Sport, san’at va iroda

mazkur uchlikni o‘zida jamlagan qizaloq

Chehrasidan nur yog‘ilayotgan qizaloq Xorazmning “Lazgi”siga raqsga tushardi. Uning iqtidori nafaqat meni, balki atrofdagilarning ham hayratini oshirdi. Qizchaning onasi Gulchehra Mirzahakimova farzandining badiiy jamoa qoshidagi “Bulbulcha” ashula va raqs ansambli a’zosi ekanligi haqida gapirdi.

– Bir paytlar sportning akrobatika va sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lgan buvisi O‘ktamxon Ismoilova qizimiz Irodani to‘rt yasharligida “Menga o‘xshab sportchi bo‘lsin, sog‘lom ulg‘ayadi”, – degani uchun uni “Jar” sport majmuasiga, badiiy gimnastika yo‘nalishiga berdik. U bir necha bor tengdoshlari orasida o‘tkazilgan musobaqalarda nufuzli o‘rinlarni egalladi. Keyinchalik qizimizdagi raqs san’atiga bo‘lgan qiziqish va e’tibori bois uni “Bulbulcha” ashula va raqs ansambliga olib keldik. Mana, natijani ko‘rib turibsiz, – deydi qizining muvaffaqiyatlaridan faxrlangan Gulchehra Mirzahakimova.

Bugungi kunda Iroda ustozlari – bosh baletmeyster, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Noila Artiqova, baletmeyster Nargiza Isaqovadan san’atning nozik va go‘zal turi – raqs sirlarini o‘rganmoqda. Iroda yosh bo‘lishiga qaramay mamlakatimizning Mustaqillik bayramlari va boshqa tadbirlarda surxoncha, xorazmcha, hindcha, “Chittigul” kabi folklor raqslarini ijro etib muxlislar e’tiboriga tushgan.

– Iroda nihoyatda iqtidorli, uning kelajagi porloq ekaniga ishonaman, chunki raqsni dildan sevadi va o‘rgatganlarimizni tez ilg‘ab, qabul qilib oladi. Maktabdagi sinf rahbari Yelena Aleksandrovich bilan ham suhbatlashganimda uning ilmiy salohiyati yuqoriligini ta’kidlashdan charchamaydi, – deydi ustozi N.Artiqova.

Ha, maktab ma’muriyati tomonidan berilgan faxriy yorliqlar ham Irodaning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari va a’lo xulqiga berilgan bahodir.

Iroda poytaxtimizdagi 110-umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi. O‘qishdan bo‘sh vaqtlarida badiiy kitoblar mutolaa qilishni va uning mavzusi haqida onasi Gulchehra opa bilan fikrlashishni xush ko‘radi.

San’at hamisha ezgulikka esh bo‘lgan, unga oshufta qalblar esa atrofdagilarga faqat yaxshilik sog‘inib yashaydilar. Iroda hali yosh, ammo orzulari bir dunyo. Ana shu porloq kelajak hamisha uning yo‘lini yoritib tursin.

MEHRIBONU

Яна ўқинг:  Скрининг текшируви она ва бола саломатлигининг асосидир

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: