Shahar berishga shoshilmang
Xalq – samimiy ijodkor. U to‘qigan ertak, rivoyat, maqol yoki topishmoq o‘ta hayotiy va milliy bo‘lgani uchun tildan tilga o‘tadi, sayqal topadi. Necha-necha asrlardan beri omon saqlanib kelayotgan bunday noyob durdonalarni darvozasi qulf ko‘rmagan xazinaga o‘xshatish mumkin. Undan har kim xohlaganicha foydalanaveradi. Yoki danagi qattiq bodomga qiyoslasa bo‘ladi. Topishmoqning mag‘zi shirin, lekin avval uni aql toshi bilan chaqish kerak.
Bolalik paytlarimizda maktabdami, mol boqqani chiqqandami bolalar bilan topishmoq aytish o‘ynardik. Kimning jumbog‘ini yecholmasak, o‘sha bola bir-ikki kun gerdayib yurardi. Shuning uchun kattam – bobomni har kuni yangi topishmoq aytishga qistardim. Boshqalar ham o‘z “axborot manbai”dan ma’lumot olardi. Shunday qilib o‘zimiz sezmagan holda bebaho boylik to‘plardik. Bu odat balki hozirgi bolalarda ham bordir.
Topishmoq ko‘pincha istiora yoki o‘xshatish asosiga quriladi. Shu sababli u fikrlashga, tasavvurni kengaytirishga, hayotni badiiy anglashga undaydi. Har qanday ijod shaklining, xususan, adabiyotning manbayi bevosita hayotning o‘zi. Demak, so‘zni his qilmagan, tasavvuri keng bo‘lmagan odam hayotni teran tushunmaydi.
O‘zbek topishmoqlarida inson va uning a’zolari, tabiat hodisalari, jonivorlar va turmushga aloqador tasvirlar ko‘p uchraydi.
Odatda, topishmoqni topolmagan odam “Shahar berdim!” deb qutuladi. Lekin iloji boricha jumboqni yechish kerak. Sababi shahar berish degani yengilish, bosh egish ma’nosini anglatadi. Ori bor kishi izlanadi, o‘ylaydi, tasavvur qiladi – oxiri topadi.
Bolalarga yoshligidan xalq ijodiyotini o‘rgatib borish ularning idrokini boyitadi, tasavvuriga qanot bog‘laydi.
Quyida topishmoqlardan bir nechtasini keltiramiz. O‘zingizni bir sinab ko‘ring.
1. Bir uya ustida ming ari.
2. Otasi uyda qolar,
Bolasi bozor borar.
3. Kecha tomda bir patir ko‘rdim,
Erta qarasam – yo‘q.
4. Yo‘nsa yo‘g‘on bo‘lar.
5. Ko‘zining yoshi oyog‘iga dori.
6. Qora uyda ming chiroq, uyni yoritmas.
7. O‘nta og‘a-ini boshidan
O‘nta oy tushib ketdi.
8. Ko‘k ko‘ylakli xotin
Sariq bola ko‘targan.
9. Devorga qo‘ngan qushim
Ba’zilari bir qanot,
Ba’zilari qo‘sh qanot.
10. Bir qo‘yim bor
Turib semirar.
11. Kichkina itcha hurmaydi,
Tishlamaydi, uyga qo‘ymaydi.
Orif TOLIB tayyorladi