Omad kaliti – bilim

Azizjon Qahhorov va Nazokat Ahmedova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari tanlovi g‘olibi bo‘ldi

Har bir mamlakatning iqtisodiy rivoji aholi real daromadlarining oshishiga, ishsizlikning kamayishiga, eng asosiysi xalq farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Birgina bu emas, hozirgi shiddatkor asrimiz vatan ichra mo‘jaz vatan hisoblanmish har bir oila daromadlari va sarf-xarajatlarining hisob-kitobida ham aynan iqtisodiy bilimlarni talab etmoqda. Shubhasiz, bugunning har bir kishisi, ayniqsa, yoshlarning moliyaviy sohadagi bilimlarni puxta egallashi vatanimiz ravnaqi va uning yanada gullab yashnashiga munosib hissa qo‘shadi.

Xalqimizda “Bola boshdan, aql yoshdan”, degan naql bor. Darhaqiqat, har bir farzand tarbiyani oila davrasidan oladi.

– O‘qituvchilar oilasida kamolga yetganman. Otam Ahror Azimov, onam Dilbar Raupova o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan dars beradi. Qanchalik ishlari ko‘p bo‘lmasin, ular biz farzandlarni o‘qishimiz, qiziqishimiz, yurish-turishimiz bilan jiddiy shug‘ullangan. Ota-onamning ma’naviy rag‘bati tufayli ayni vaqtda Toshkent moliya instituti “Korporativ moliya va qimmatli qog‘ozlar bozori” mutaxassisligi 2-kurs magistrantiman, – deydi Azizjon Qahharov.

– Dastlab o‘zim tug‘ilgan Qiziltepa tumanining “Qiziltepa tonggi” gazetasida maqollalarim, qator boshqotirmalarim bilan ishtirok etgan bo‘lsam, endilikda “Korporativ moliya sohasi” bo‘yicha maqolalarim respublika miqyosidagi turli jurnallarda nashr etildi.

2012-yilda iqtisodiy yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlari orasida Qarshi shahrida o‘tkazilgan Respublika olimpiadasida “Milliy va jahon iqtisodiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladim. Matematika fani bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘tkazilgan olimpiadada faxriy yorliq bilan mukofotlandim.

Mamlakatimizda biz yoshlarga yaratilgan keng imkoniyatlar va yetarlicha shart-sharoitlar har birimizni o‘qib-izlanishga undaydi. Institutda faoliyat yuritayotgan “Yosh moliyachi”, “Intelekt” klublari a’zosi sifatida bilimlarimni yanada mustahkamlab borayapman. Qolaversa, muassasadagi iqtidorli talabalar kengashi raisi sifatida belgilangan reja asosida har oyda ilmiy anjuman va davra suhbatlari o‘tkazib boramiz. Bunday tadbirlarda yetuk olimlar ishtirok etib iqtisodiyotning dolzarb vazifalarini sodda usullardan foydalanib tushuntirishi biz talabalar uchun mahorat maktabi vazifasini o‘taydi.

O‘quv jarayonidagi izlanishlarim va ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi bois 2013-2014-o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Bunda, albatta, ota-onamning, ustozlarimning mehnati katta.

Яна ўқинг:  Фарзанд – қутлуғ неъмат

Ayni vaqtda ustozim iqtisod fanlari nomzodi Umar Burxonov yetakchiligida korporativ moliya sohasida chet el mamlakatlarining o‘zini oqlagan tajribalarini chuqur o‘rganib ularni milliy iqtisodiyotimizga, mamlakatimizning o‘ziga xos modelidan kelib chiqqan holda tatbiq etish borasida izlanishlar olib borayapman. “Moliyaning zamonaviy yo‘nalishlari” nomli risolam nashrga tayyorlanmoqda. Maqsadim “Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida korporativ moliya munosabatlarini takomillashtirish yo‘nalishlari” mavzusidagi ilmiy izlanishimni davom ettirib, kelajakda doktorlik darajasiga yetish uchun astoydil harakat qilishdan iborat.

O‘qituvchilik ham mas’uliyatli, ham mashaqqatli, shu bilan birga sharafli kasbdir. Ustoz nafaqat kuchli bilimga ega bo‘lishi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi, balki sabr-toqatli bo‘lib har bir o‘quvchisining qalbiga yo‘l topa olishi lozim. Ana shundagina u obro‘-e’tibor qozona oladi.

Shularni chin dildan his etib, o‘qituvchi bo‘lishga qaror qilgan Nazokat Ahmedova ayni vaqtda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining 4-bosqich talabasi.

– 2013-2014-o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan tengdoshlarim qatoridan joy olganimdan cheksiz quvondim, – deya ta’kidlaydi u.

– Yurtboshimizning “Shu yurt meniki. Uning gullab-yashnashi uchun men harakat qilmasam, kim jon kuydiradi, deydigan yoshlarni ko‘rsam, menda xuddi qanot paydo bo‘lganday bo‘ladi. Men yoshlarga o‘zimga ishonganday ishonaman” degan so‘zlari biz yoshlarga ko‘tarinki ruh bag‘ishlaydi. Shular haqida o‘ylarkanman, shunday yurtda tug‘ilganimdan faxrlanaman. Tanlagan yo‘lim, aniq maqsadim, mehribon ustozlarim borligidan g‘ururlanaman. Hali maktab partasidayoq menga keng imkoniyatlar yaratib bergan ota-onam, qalbimda ilm olishga ishtiyoq uyg‘otgan o‘qituvchilarimdan behad minnatdorman. Ehtimol, besh yoshimda onajonim qo‘limdan yetaklab “Bulbulcha” bolalar ashula va raqs ansambliga olib borgani va u yerda san’at sirlarini o‘rganganim, keyinchalik maktabdagi muallimlarim boshchiligida “Ilhom chashmalari”, “G‘azalxon yoshligim” kabi ko‘rik-tanlovlarda qatnashib g‘oliblikni egallaganim bugungi muvaffaqiyatlarimga zamin hozirlagan bo‘lsa ajab emas.

Ayni vaqtda ilmiy rahbarim filologiya fanlari nomzodi dotsent Islomjon Yoqubov boshchiligida “O‘zbek va hind xalqi folklor asarlarining falsafiy-axloqiy, badiiy-estetik mohiyatini qiyosiy tahlil qilish, poetik tafakkur mushtarakligini ochib berish” mavzusida izlanishlar olib borayapman.

Sharq badiyati durdonalari bir o‘zakka borib taqalgani bois azaldan urf-odatlarimiz-u fikr-mulohazalarimizda mushtaraklik mavjud. O‘zbek va Hind xalq dostonlaridagi olam va odam o‘rtasidagi bog‘liqlik, komil inson tarannumi, kamolot bosqichlaridan o‘tish, qahramonlik ko‘rsatish, samoviy e’tiqodlar, oila qurish kabilarda epik qahramonning to‘siqlarni yengib o‘tib, ezgu maqsadlarga erishishdagi o‘rni kabi parallelliklarni tipologik o‘rganish adabiyotshunosligimiz uchun yangi ufqlar ochadi. Zero, mustaqillikka erishganimizdan so‘ng qadimgi manbalar, muqaddas kitoblar, noyob qo‘lyozmalarni o‘rganish imkoni benihoya kengaydi.

Яна ўқинг:  Болалар саломатлиги йўлида самарали ҳамкорлик

G‘oliblik meni nafaqat bilim va izlanishga, balki xotin-qizlar orasida o‘z o‘rnimga ega bo‘lishga ham undaydi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan mahallalarda tashkil etilgan “Aholi o‘rtasida reproduktiv salomatlik”, “Odam savdosiga qarshimiz”, “Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish” kabi ko‘plab mavzulardagi seminar-treninglarda o‘z ma’ruzalarim bilan qatnashib kelayapman.

Bir so‘z bilan aytganda yurt taqdiriga befarq bo‘lmasdan, uning gullab-yashnashiga o‘zimning halol mehnatim bilan hissamni qo‘shaveraman. Zero, tinchlik hukm surayotgan yurtimizda buning uchun barcha imkoniyatlar muhayyo.

Azizjon hamda Nazokatning teran fikrlashini ko‘rib, yurtimizning shunday iqtidorli o‘g‘il-qizlariga aslo ko‘z tegmasin deging keladi.

Jamila HAYDAROVA suhbatlashdi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: