O‘quv qayda bo‘lsa, ulug‘lik bo‘lar
Samarqand viloyati Tоyloq tumanidagi 38-umumta’lim maktabi jamoasi ta’lim jarayonidagi yangiliklarni o‘z ish-faoliyatiga tatbiq etib, katta yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
Mazkur bilim maskanida 53 nafar o‘z ishining jonkuyarlari bo‘lgan malakali pedagog 586 nafar o‘g‘il-qizga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Zamon talablariga mos maktab binosida mavjud fizika, kimyo-biologiya laboratoriya xonalari kerakli jihozlar bilan ta’minlangan.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida maktabimizda chet tillarini o‘qitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
8 ming 310 ta o‘quv darsliklari, 540 ta badiiy adabiyotlar, 30 dan ziyod elektron darsliklar bilan ta’minlangan axborot resurs markazimizda o‘quvchilar o‘z bilim va salohiyatlarini oshirmoqdalar, – deydi maktab direktori Alisher Hojiqulov.
Shu o‘rinda maktab o‘qituvchilari orasida ustoz-shogird an’analari yaxshi yo‘lga qo‘yilganligini aytib o‘tish joiz. Endi ish faoliyatini boshlayotgan yosh pedagoglar ustoz o‘qituvchilar ish tajribasidan o‘rganib, ochiq darslar o‘tmoqda. Ustozlar ularning pedagogik mahorati, bolalar bilan muomalasi va o‘tilayotgan mavzuning o‘quvchilar ongiga yetkazish uslublari borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda. Turli fanlar bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan uslubiy birlashma raislari o‘qituvchilarning ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirib boradilar.
Barcha ta’lim muassasalari qatori mazkur umumta’lim maktabida ham fanlarning o‘qitilish samaradorligini oshirishga amaliy va metodik yordam berish maqsadida “Fan oyliklari” muntazam o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Sentabr oyida geografiya, iqtisodiy bilim asoslari fan oyligi, oktabr oyida milliy istiqlol g‘oyasi turkumiga kiruvchi fanlar bo‘yicha fan oyligi o‘tkazildi. Maktabda ikki nafar oliy ma’lumotli geografiya fani o‘qituvchisi mashg‘ulotlarni olib bordi. Oyning birinchi haftasida o‘quvchilardan kirish testlari olindi va tahlil etildi. Ikkinchi haftada esa 5-sinflar o‘rtasida “Jonajon o‘lkam mening”, 9-sinflar o‘rtasida “Intellektual ring” musobaqalari o‘tkazildi. Uchinchi haftada fan o‘qituvchilarining uch soatdan olti soatlik darslari ilmiy bo‘lim mudiri va o‘qituvchilar tomonidan tahlil etildi. To‘rtinchi haftada fan oyligini yakunlash maqsadida yakuniy testlar olinib, tahlil etildi. Ushbu fan oyligiga bag‘ishlab devoriy gazeta va albomlar tayyorlandi.
Oktabr oyida o‘tkazilgan ona tili va adabiyoti, xorijiy tillar va iqtisod fanlari oyligida ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari o‘quvchilarning bilim bo‘shliqlarini aniqlash maqsadida kirish testlari oldi va tahlil etdi. Maktabning 7-sinfida Saida Xojiqulovaning “Usmon Nosirning she’rlariga tavsif”, 5-sinfida “Hamid Olimjon – baxt va shodlik kuychisi” deb nomlangan darslari namunali deb baholandi.
O‘quvchilar darsdan bo‘sh vaqtlarini sport va fan to‘garaklarida mazmunli o‘tkazishlari uchun bilim maskanida barcha sharoitlar muhayyo. O‘quv yili davomida turli fanlar bo‘yicha o‘tkaziladigan “Qiziqarli matematika”, “Ajdodlar merosi”, “Amir Temur tavallud kuni”, “Prezident asarlari bilimdoni”, “Siz qonunni bilasizmi?”, “Dasturlash tilini o‘rganamiz”, “Men sportni sevaman”, “Xotira turniri” ko‘rik-tanlov va musobaqalar o‘quvchilarning fikrlash qobiliyatini o‘stirish hamda jismoniy salomatliklarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Faol va iqtidorli o‘quvchilar maktab faxri hisoblanadi. Jumladan, o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadalari natijalariga ko‘ra Nigina Ortiqova ona tili va adabiyoti, Shahboz Begimov rus tili va adabiyoti fanlari bo‘yicha tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar. Viloyat bosqichida esa faxrli o‘rinlarga munosib deb topildilar.
Shuningdek, maktabning 8-sinf o‘quvchisi Dilafruz To‘xtayeva “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi insholar ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida faxrli birinchi o‘rinni egallab, ijodiy ishi respublika bosqichiga taqdim etildi.
Bundan tashqari shaxmat bo‘yicha viloyat birinchiligida ishtirok etgan 8-sinf o‘quvchisi Xudoyberdi Tursunov sovrinli ikkinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.
Ishonamizki, bunday ilg‘or bilim maskanida ta’lim-tarbiya olayotgan yoshlar kelajakda bizning suyanchimiz va tayanchimiz bo‘lib, ezgu va xayrli ishlarimiz davomchilari bo‘ladilar.
Faxriddin NURMUHAMMEDOV,
Samarqand viloyati