OSHXONA JIHOZLARI NIMA DEYDI?
Muhiddin OMON
QOZON
Oila a’zolarin
Rizqining men bekasi.
Oshxona jihozlarin
O‘zimman malikasi.
Ismim taratmas jarang,
Ammo qilar ishim zo‘r.
Gapimga ishonmasang,
Mensiz palov damlab ko‘r!
Goh dilim etib xufton,
“Qora qozon” deydilar.
Ammo pishirsam taom
Maqtab-maqtab yeydilar…
TAXTAKACH
Oshxona asboblarin
Hammasi zo‘r, binoyi.
Ammo ular ichida
Yo‘qdir bizdek fidoyi.
Ayting, har kuni yuz bor
Kimga tig‘ sanchadilar.
Piyoz, sholg‘omni qo‘yib,
Ustida archadilar…
Ha balli, qo‘rqmas, jasur,
Bu men-Taxtakach polvon.
Sizlarga hurmatim zo‘r,
Jonimni qilgum qalqon.
Yuzimni sabzi kesgan,
Pichoqqa dosh beraman.
Ishimdan nolimasman,
Hammaga osh beraman!