Yoshlar – mamlakatimiz tayanchi

Kelajakda O‘zbekiston yuksak darajada taraqqiy etgan iqtisodi bilangina emas, balki bilimdon, ma’naviy jihatdan yetuk farzandlari bilan ham jahonni qoyil qilishi lozim.

Islom KARIMOV

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni arafasida poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan yigit-qizlarga orden, medal, faxriy unvonlar va “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilari Mustaqillik maydonida bo‘lib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu-niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Yuksak mukofotlar Prezidentimizning 2013 yil 3 dekabrda qabul qilingan “Yuqori natijalarga erishgan bir guruh iqtidorli yoshlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga binoan topshirildi.

Ushbu farmonga muvofiq bir guruh yoshlar “O‘zbekiston iftixori” va “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvoni, “Do‘stlik” ordeni, “Jasorat”, “Sodiq xizmatlari uchun” hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashining qaroriga binoan 27 nafar yigit-qiz “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan ta’sis etilgan ushbu yuksak mukofot har yili o‘zining fidokorona mehnati, o‘qishda, ishda, ilm-fan, ijod, madaniyat va sport sohasida erishayotgan ulkan yutuqlari bilan Vatanimizning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlarga beriladi.

Tantanali marosimda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodga jahon andozalari darajasida bilim berish, ularning kasb egallashi, sport bilan shug‘ullanishi, o‘z salohiyati va intilishlarini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani samarasida yoshlarimiz turli jabhalarda ulkan yutuqlarga erishayotganini ta’kidladi.

O‘z safida 5,9 million yigit-qizni birlashtirgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilimi, iqtidori, mehnatsevarligi va sadoqati bilan mamlakatimiz ravnaqiga hissa qo‘shayotgan yoshlarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor bermoqda.

Tadbirda mukofotlangan yigit-qizlar davlatimiz rahbariga yoshlarga ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida astoydil mehnat qilishini ta’kidladilar.

Yuksak mukofot bilan taqdirlanganlar orasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti katta ilmiy xodimi, izlanuvchi Sakina Muhammadjonova ham bor. Sakina arxitektura restavratsiyasi bo‘yicha yetakchi mutaxassis bo‘lish bilan birga, ajoyib haykaltarosh hamdir. Sharq miniatyura ustasi Kamoliddin Behzodning institutda o‘rnatilgan haykali uning mahoratidan dalolat beradi. Yosh haykaltaroshning iqtidori nafaqat mamlakatimiz, balki Belgiya, Gretsiya, Misr, Hindiston, Rossiya kabi xorijiy davlatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazma va ko‘rik-tanlovlarda ham e’tirof etilgan.

Yana o‘qing:  Maktablarda savodxonlik kechalari

– Ayni paytda O‘zbekiston reklama san’atining badiiy-estetik jihatlariga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar ustida ishlayapman, – deydi S.Muhammadjonova. – Biz, yoshlarning o‘z iste’dod va qobiliyatimizni har tomonlama namoyish etishimiz uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayotgan, ozgina yutug‘imiz ham munosib baholanib, yuksak qadrlanayotgan buyuk mamlakat farzandi ekanimdan faxrlanaman. 2009 yilda Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi, 2010 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan edim. Endi, mana, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim, bu menga ulkan mas’uliyat yuklaydi va yangi ijodiy cho‘qqilar sari undaydi.

Taqdirlash marosimi yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.

Sardor TOJIYEV,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: