Alpomish izdoshi

Toshkent viloyatining Angren shahridagi so‘lim Ko‘kterak mahallasining “Olmazor” ko‘chasida yashovchi, tabiatan kamgap, og‘ir-vazmin Anvarjon Ro‘ziqulovning otasi Rinat aka o‘g‘il bola sport bilan shug‘ullangani yaxshi deya olti yoshli o‘g‘lini “Dinamo” boks klubiga yetaklab keldi. II karra O‘zbekiston chempioni, sport ustasi Rustam Rustamovdan ilk saboq olib yurgan kezlari Anvarjon biroz qiynaldi.

O‘zidagi metin iroda, otasining ishonchi unga quvvat berib, asta-sekin sportning bu turi bilan shug‘ullanishga kirishib ketdi. Shuningdek, boks klubida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Mavlon Ochilov, yordamchi murabbiy Abdumo‘min Zaxurov ham qahramonimizning mohir sportchi bo‘lib shakllanishiga o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Tinimsiz mashg‘ulotlar o‘z samarasini bera boshladi. Ilk bor 2004-yil 8 yoshida Navro‘z bayramiga bag‘ishlab Bekobod shahrida o‘tkazilgan viloyat birinchiligida I o‘rinni qo‘lga kiritganida yaqinlarining boshi osmonga yetdi. Bundan ruhlangan Anvarjon o‘z ustida yanada qattiqroq ishlab,yangidan-yangi cho‘qqilarni zabt eta bordi. 2010-yilda “Mustaqilligimizning 19 yilligi” hamda “Barkamol avlod” yiliga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro turnirda 44 kg vaznli sportchilar o‘rtasida I o‘rinni egallashi ham ustozlarining Anvarjonga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi.

2012-yil ham yosh bokschi uchun omadli keldi. Yanvar oyida Toshkent shahar “Shifokor” sport saroyida o‘tkazilgan “Kuchlilar xalqaro turniri”da 50kg vaznli sportchilar o‘rtasida II o‘rinni, aprel oyida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida 1996-1997-yilda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida faxrli I o‘rinni egallab, O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Qozog‘istonning Olma-ota shahrida musobaqada ham Anvarjonga I-o‘rin nasib etdi. Avgust oyida Farg‘ona viloyatining Rapqon tumanida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Ochiq birinchiligida tengdoshlaridan ustun ekanini isbotlab oltin medal sohibi bo‘ldi.

O‘sha yilning 30-oktyabridan 6-noyabrigacha O‘zbekiston boks majmuasida 1995-1996-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida birinchi marotaba O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur turnirning qizg‘in va murosasiz bahslarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Respublikamizning turli viloyatlari hamda Toshkent shahridan jami 180 nafar mohir sportchilar ishtirok etishdi.

Toshkent viloyati terma jamoa a’zolari tarkibidan o‘rin olgan “Dinamo” boks klubining umidli sportchilari ham turnirda qatnashib, yuqori natijalarga erishdilar.

O‘z vaznida ya’ni 52kg vazn toifasida hamshaharimiz Anvarjon Ro‘zuqulov musobaqalarning qizg‘in bahslarida Shukur Rahimov (Namangan), Abbos Isakov (Qashqadaryo), Jasur Xaydarov (Toshkent vil.), Abdulhay Shorahmedov (Parkent shahri), Shohruh Nabiyev (Andijon) singari raqiblar ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi hamda O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘ldi. Anvarjonning bu yutug‘i albatta, mahalladoshlarimiz, hamshaharlarimiz quvonchiga sabab bo‘ldi, – deydi mahalladoshi, ARU xodimi To‘lqin Razzoqov mamnuniyat bilan.

Яна ўқинг:  ҚВП – аҳолини соғломлаштиришда муҳим бўғин

Hozirda A.Ro‘zuqulov Osiyo hamda Jahon chempionatlariga qizg‘in taraddud ko‘rmoqda. Biz ham yosh umidli sportchiga kelgusi musobaqalarda ham omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Muhabbat ABDUQODIROVA

Angren shahri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: