Mehribon onam, qadrdon o`qituvchim

Inson borki, avvalo, unga bilim va ma'rifat dunyosi sari yo'l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlarni jo etgan ustoz va murabbiylarga nisbatan ko'nglida hamisha minnatdorlik tuyg'usi bilan yashaydi.

Har bir oilada farzand dunyoga kelganidan so'ng, ota-ona bag'rida ulg'aya boradi va tarbiya topadi. Qachonki, bolalar olti-yetti yoshga yetib, maktabga borganida esa muallimlar ularni tarbiya qiladilar, ilm sirlarini o'rgatadilar. Shu bois bo'lsa kerak, maktabni «ilm beshigi», deb ham ataydilar.

Hayotimda men uchun ikki karra emas, undan-da aziz bo'lgan onajonim farzandlari uchun ham uyda ham maktabda mehribon va jonkuyar ustoz bo'lgan.

Har safar O'qituvchi va murabbiylar kuni arafasida ustozimga nima sovg'a qilsam ekan deb o'ylanib qolaman. Onamning bir odatlari bor – farzandlaridan hech qachon sovg'a kutmaydilar. Hamisha bizning ehtiyojlarimizni o'ylab kelganlari uchun ham sovg'a xarajatini ortiqcha deb bilardi. Bayram kunlaridagi ozgina mehr, ertalabki bir og'iz iliq so'z u kishi uchun eng katta sovg'a edi.

Maktab davrida ham o'quvchilar bilan birgalashib sovg'a tayyorlasakda, uni berishga juda tortinardim. Shu tufayli bo'lsa kerak, nazarimda, o'qituvchining farzandi bo'lish juda og'ir. Bu senga ikki karra mas'uliyat yuklaydi. Chunki o'qituvchining farzandi barchaga o'rnak bo'lishi, onasining berayotgan ta'limini birinchilardan bo'lib oqlashi kerak.

Eng qizig'i, maktabda sinfdoshlarim onam bilan mening o'rtamizdagi munosabat uydan tashqarida qanday bo'lishiga juda qiziqishardi. Shu tufayli darslarda «oyi» deb yubormaslikka harakat qilardim.

Uyda yolg'iz qiz bo'lganim uchun oyimga ko'p erkaliklar qilardim. Onam maktab yo'lagida meni ko'rib qolsa, ko'zlarimga bor mehri bilan qarardi. Lekin maktabda qattiqo'l ustoz bo'lib tanilgan oyijonim meni erkalashdan o'zlarini tiyardi. Shu tufayli, darslarda ham menga nisbatan ko'proq talabchan edi.

Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi, bir kuni darsga uy vazifasini tayyorlab borolmadim. Aksiga olib o'sha kuni oyim birinchi bo'lib mendan uy vazifasini so'rab qoldi. Bajarmaganimni ko'rib, hech ikkilanmasdan hatto «to'rt» bahosi ham yo'q bo'lgan kundaligimga «ikki» baho qo'ydi. O'shanda oyimdan xafa bo'lmadim, aksincha, sinfdoshlarim oldida uni uyatga qo'yganim uchun juda xijolat bo'lganman.

Chin ma'nodagi ustozlar uchun o'z kasbiga bo'lgan hurmat oldida qolgan barcha narsa arzimasdek bo'lib qoladi. Ustozim – onajonim ana shunday o'z kasbining jonkuyarlaridan biridir. Shu sababli ham ustozlar hamisha izzat va e'tiborda.

Яна ўқинг:  ҚАДРИЯТГА АЙЛАНГАН ФАОЛИЯТ

Mayna HASANOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: