Sen bilan baxtim butun…
Istiqlolimiz sharofati bilan farzandlarimizning kelajakda barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlari uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, ularning salomatliklari yo‘lida talaygina ishlar amalga oshirilmoqda. Ona va bola salomatligiga har qachongidan-da katta e’tibor qaratilayotgani quvonarli hol.
Jumladan, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tibbiy yo‘nalishda, ya’ni bolalarning salomatligini tiklash borasida qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda muhim loyihalarni amalga oshirmoqdalar. Ushbu jamg‘armaning xalqaro xayriya jamg‘armalari bilan olib borayotgan qo‘shma loyihalari aholi salomatligi yo‘lidagi ko‘lamdor ishlardan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, Germaniyaning “Fridenzdorf Interneyshnl” xalqaro xayriya tashkiloti hamda Janubiy Koreyaning “Save the Children Korea” xayriya tashkiloti hamkorligida ko‘pgina amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilning 15 avgust kuni ham 16 nafar bola davolanish uchun Germaniyaga uchib ketishdi. Toshkent xalqaro aeroportida bolalarni ularning ota-onalari va “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi xodimlari kuzatib qolishdi.
Mazkur jarayonni kuzatar ekanmiz beixtiyor bizning ham ko‘zlarimizga yosh keldi. Bolalarni olti oyga jonajon yurtidan, ota-onasidan yiroqqa ketishini tasavvur qilish qiyin, albatta. Lekin mana shu mashaqqatli yo‘lda sog‘liqlarini tiklab qaytishlarini o‘ylasak, barcha kuyinganlarimiz o‘rnini shodlik egallaydi.
– Davlatimiz shunday sharoit yaratib berganidan juda mamnunmiz, – deydi sirdaryolik olti yoshli Javohirning otasi Akbar aka.
Safarlaringiz bexatar bo‘lsin, aziz bolajonlar. Qayta uchrashganda sizlarni sog‘-salomat ko‘rishlik barchamizga nasib etsin, deb qolamiz.
Mayna HASANOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri