Uchinchi odam yoxud “yozg‘uvchi”ning tirikchilik tarzi
Aslida bu mavzuda nimadir yozishni ko‘pdan beri niyat qilib yurardim, yaqinda guvohi bo‘lganim – ikki voqea qo‘limga qalam olishga undadi.
– 1-
Mahalla faollaridan biri bilan gurunglashib o‘tirgandik.
Qo‘qqisdan hamrohimning qo‘l telefoni jiringlab qoldi. U ekranda ko‘ringan raqamlarga qarab, miyig‘ida jilmaydi-da:
– Domla, eshitib turing, g‘alati gurung bo‘ladi, – deb telefon dinamigi (ovoz kuchaytirgich)ni qo‘shib qo‘ydi.
Telefondan biroz bo‘g‘iqroq ovoz eshitildi:
– Allo, tanimadingmi, Yozuvchilar uyushmasi raisiman?!
Hayratdan dong qotdim, nahotki tanishimga boshqa birov emas, shaxsan Yozuvchilar uyushmasi raisi qo‘ng‘iroq qilayotgan bo‘lsa? Mamlakatimiz ijod ahlining rahbarimikan yoki viloyatniki?
Ko‘p o‘tmay meni hayratga solgan savol yechimini topdi. O‘zini kimsan Yozuvchilar uyushmasi raisi deb tanishtirgan kimsa men o‘ylagan kishi emas, mahalliy “yozg‘uvchi”lardan biri bo‘lib chiqdi. Tag‘in uning iddaosini qarang:
– Sizlar bechoraning tarafini olmagandan so‘ng, o‘zim qalamimni ishga soldim…
“Yozuvchilar uyushmasi raisi” yana anchagacha suhbatdoshimning qulog‘ini qoqib qo‘liga berdi.
– Xayriyat, bir amallab qutuldim, – dedi u telefondagi suhbat yakuniga yetgach. – Bundaylar bilan ish solishish naq g‘urbatxonaning o‘zginasi…
Qiziq, haq-nohaq shaxsiy manfaati (bugun yozg‘uvchilikni kasb qilib, nimadandir norozi bo‘lgan g‘ov-garang kishilarni chuv tushirib, cho‘ntagini “qalam haqi” bilan to‘ldirayotgan tovlamachilar safi kun sayin ortib borayotgani sir emas) yo‘lida o‘zgalarga tuhmat toshini otayotgan kimsa hech ikkilanmasdan o‘zini Yozuvchilar uyushmasi raisi deb atasa, inson qalbining me’mori bo‘lgan yozuvchilarga rahming kelar ekan.
Bechora yozuvchi, butun umri mobaynida ezgulik yo‘lida qalam tebratib, kitobxon mehrini qozonishga intilsayu, allaqanday tirnoq ostidan kir qidiruvchi kimsa bilan bir xil nisbatga ega bo‘lib o‘tirsa?
Eng alam qiladigan tomoni, bunday yo‘qqa berolmaydigan, borni ko‘rolmaydigan g‘ofil bandalar o‘zlarini chinakam yozuvchidan baland tutsa tutishadiki, sira past tushishmaydi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murodning el orasida mashhur “Ot kishnagan oqshom” qissasida bosh qahramon Ziyodullo chavandoz tilidan ana shundaylar haqida hikoya qilingan bir lavha bor:
“ – Botir aka, bo‘lgan ish bo‘ldi, bo‘yog‘i sindi. Qo‘ying shu arizabozlikni, – dedim.
– Iya-iya! Hey, og‘izga qarab gapirilsin! Kim arizaboz? Bizmi? Biz – yozuvchimiz, bilib qo‘y, yozuvchi! Xalq yo‘lidagi, haqiqat yo‘lidagi yozuvchilarmiz! Anavi g‘azal, roman… yozuvchilar yana nima yozadi, o‘rtoq Hamidov?
Qabatidagi adabiyot muallimi o‘z ulushini qo‘shdi:
– Poema, ballada…
– Ha-ha! Poema, ballada yozuvchilaring yozuvchi emas, biz yozuvchi! Mana biz! Yozuvchilaringning asarlarida fakt yo‘q, adres yo‘q…”
– 2-
Bir qishloq kayvonisi xunobi chiqib gapirib berdi:
– Aslida bu odamlarning har ikkalasi aholi o‘rtasida ancha-muncha obro‘-e’tiborga sazovor kishilar edi. Qishloqda biron xonadon to‘y-ma’raka qilmoqchi bo‘lsa, maslahat oshiga har ikkalasini birga taklif qilishardi. Orada nimadir bo‘lib ikkisining gapi qochib qoldi. Tarafguzarlik boshlandi, kimdir unisini, boshqasi bunisini:
– Sen falonchidan kammi, – deb tezladi.
Oraga “ho‘kiz o‘lsin, go‘sht ko‘paysin” qabilida ish tutuvchi arizabozlar qo‘shilishi masalani chigallashtirdi. Oxir-oqibat har ikkala tomon turli yuqori tashkilotlarga yumaloq-yostiq arizalar oqimini jo‘nata boshladi. Bo‘lmasa, o‘rtada bo‘lishib bo‘lmaydigan narsaning o‘zi yo‘q.
Tekshiruvchilar xunob, na unisi, na bunisi yon berishni istamaydi. Qaysidir tomonni jazoga tortishga asos bo‘ladigan narsani topish amrimahol. Gap talashayotgan ikki sobiq do‘stni yarashtirish uchun bir guruh so‘zo‘tar kishi har ikki xonadonga bordik.
Qizig‘i, ikkovi ham:
– Mening falonchida hech qanday xusumatim yo‘q, – deb javob qaytardi.
Bir-biriga xusumati yo‘q bo‘lsa, buncha arizabozlik qayerdan paydo bo‘layotgani hammamizni hayron qoldirdi. Aniqlasak, har ikkalasi atigi bir marotabadan bir-birining ustidan arz qilishgan, qolgan murojaatlar esa o‘rtaga tushib, ilk arizani yozib bergan “hojatbaror yozuvchilar” tomonidan yo‘llanavergan ekan…
– 3-
Ko‘rayapsizki, har ikkala holatda ham “suvni loyqalatgan” tomon shoir iltijo qilib insofga chaqirgan “uchinchi odam” bo‘lib chiqayapti. Yo‘q, xomtama bo‘lib o‘tirmang, qancha iltijo qilib o‘tirmaylik, unga insof enishi amrimahol. Chunki u oraga nifoq solg‘uvchi, kishilarni bir-biriga qayrab, lazzat oluvchi “uchinchi odam”. Bundaylardan faqat ehtiyot bo‘lgan yutadi.
Holbuki, mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili davom etayapti. Yurtboshimizning o‘zi virtual qabulxona orqali yoshu qari bilan muloqotga kirishayapti. O‘nlab vazirlik va idoralar qoshida “ishonch telefonlari” kechayu kunduz ishlab turibdi. Har bir fuqaro o‘zini tashvishga solgan muammo va kamchiliklarga ular orqali yechim topishi mumkin. Shunday ekan, Sizu bizga “uchinchi odam”ning xizmati na darkor?
To‘g‘ri, yuqori tashkilotlarga yozma yoki og‘zaki murojaat etish har kimning konstitutsiyaviy huquqi. Ammo murojaatlardan xalq foyda ko‘rsin, Vatan yuksalsin. Shaxsiy g‘arazgo‘ylik yoxud “yozg‘uvchilik” faoliyati umumxalq manfaatlariga soya solmasin.
Men ish faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbar yoki fuqaroning tarafini olmoqchi emasman. Har qanday kishi jamiyat qonunlariga rioya qilishi shart. Ammo unutmaslik kerakki, ishlayotgan kishida bilib-bilmasdan xatoga yo‘l qo‘yish ehtimoli ko‘proq. Shuni o‘sha kishining o‘ziga do‘stona tanbeh berish yoki jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish yo‘li bilan ham bartaraf etsa bo‘ladi-ku. Lekin bugun joyida hal qilish imkoniyati bo‘lgan arzimagan kamchiliklarni ham ko‘pirtirib, ustiga o‘nlab asossiz da’volarni qo‘shib, yuqori tashkilotlarga yo‘llashni kasb qilib olgan kishilar soni nechta?
Achinarlisi, aksariyat hollarda nazorat tashkilotlari turli arizalarni tekshirish jarayonida uning muallifi shaxsiyatiga deyarli e’tibor qaratishmaydi. Oqibatda bechora tanqidga nishon bo‘lgan kishi ham ma’nan, ham moddiy zarar ko‘rib qolaveradi.
Yetarli asosga ega bo‘lmagan ariza muallifiga “To‘xta, og‘ayni, sening o‘zing jamiyatga necha pullik foyda keltirayapsan?” degan savolni ko‘ndalang qo‘yadigan vaqt kelmadimi?
Hech bo‘lmasa, bundaylarga yozgan murojaatida keltirilgan fakt va raqamlarning necha foizi tasdig‘ini topganiga qarab baho berish mumkin-ku! Eng muhimi, o‘zini Sizga achinganday ko‘rsatib, ilondek avrashga uringan kimsalardan ehtiyot bo‘lish. Shunda safimizni nafasidan dud o‘rlab, atrof-javonibga “qora ko‘zoynak” ostidan qarovchi “uchinchi odam”lardan tezroq soflashga erishamiz.
Abdunabi ABDIYEV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi