Tibbiyot yangiliklari
Allergensiz sut
Sigir suti allergiya qo‘zg‘atuvchi mahsulotlar sirasiga kiradi. U bolani ovqatlantirishni qiyinlashtiradi, hatto ba’zida uning hayotini xavf ostida qoldiradi. Yangi zelandiyalik genetik olimlar ana shu muammoning yechimini topish maqsadida, sigirlarning o‘ziga xos boshqa bir naslini yaratdilar. Bu sigirlarning sutida allergiya qo‘zg‘atuvchi zararli moddalar 96 foizga kamroq to‘planadi.
Isroillik mutaxassislarning fikricha, bunday sut mutlaqo havfsiz bo‘lib, u bilan bemalol bolani ovqatlantirsa bo‘ladi. Yangi naslli sigirlar qisqa vaqtda ko‘paytirildi va yangicha sut mahsulotlari ommalashib ketdi. Hozir Yangi zelandiyalik mutaxassislar bolalarni oziqlantirishda sutidan foydalansa bo‘ladigan boshqa hayvonlarning maxsus naslini yaratish ustida ish olib bormoqda.
Zaytun yog‘i keksalar uchun foydali
Fransuz olimlarining fikricha, zaytun yog‘idan tayyorlangan ovqatlar sog‘liqqa zarar yetkazmaydi. Ilmiy tekshiruvlar zaytun yog‘iga bo‘lgan ishtiyoq insult xavfini kamaytirishini isbotladi.
«Neurology» tibbiyot jurnalida e’lon qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra mutaxassislar 65 yoshdan oshgan 7600 nafar kishini 5 yil davomida kuzatish jarayonida zaytun yog‘idan salatlar va umuman ovqat tayyorlashda foydalanadigan odamlar insultdan boshqalarga nisbatan 41 foiz kamroq aziyat chekishini isbotlashdi.
D vitamini bolalarnidiabetdan himoya qiladi
Diabet faqat katta yoshdagilarda emas, balki bolalar va o‘smirlarda ham uchraydi. Uni keltirib chiqaradigan eng katta omil ortiqcha vazn hisoblanadi. Missuri universiteti (AQSH) tadqiqotchilari ortiqcha vaznga ega kishilarga qondagi qand miqdorini nazorat qilishda va kasallik kuchayishining oldini olishda D vitamini yordam berishini aniqladilar.
Ovqatlanish fiziologiyasi professori Ketrin Peterson boshchiligidagi olimlar 35 nafar ortiqcha vaznli diabetga yo‘liqqan bolalarni ko‘rikdan o‘tkazdi. D vitaminni qabul qilgan bemorlarda insulin miqdori me’yoriy holatga keladi.
Professor Petersonning fikricha, ortiqcha vaznli odamlarga D vitamini ko‘proq kerak bo‘ladi. Chunki, yog‘ to‘qimalari vitaminning to‘la hazm bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.