Boladek beg‘ubor bobo
So‘lim bahor fasli o‘zining betakror jozibasini taratayotgan ushbu damlarda go‘zal va maftunkor may oyida tug‘ilgan Tursunpo‘lat Xolmuhammedov haqida har qancha maroq bilan to‘lqinlanib gapirsak arziydi. Ular oz emas, ko‘p emas, qariyb qirq yildan ziyod bolalar dunyosi bilan yashadilar, bu beg‘ubor olamning sirlaridan voqif bo‘lib, kichkintoylarning sevimli jurnali bo‘lmish «G‘uncha» jurnalida faoliyat yuritib keldilar.
Tursunpo‘lat aka 5 yoshida onasidan ayrilib, buvisining qo‘lida tarbiya topadi. Buvisidan ko‘plab ertak va rivoyatlar eshitib ulg‘aygan bolakayning o‘zi ham kelajakda bolalarning bilim olishlari, ularning zehnli va zukko bo‘lib voyaga yetishlari yo‘lida xizmat qildi.
Tursunpo‘lat aka «Daraxt bir joyda ko‘karadi», degan naqlga amal qilib «G‘uncha» jurnalining fidoyi xodimlaridan bo‘lib, avval texnik muharrir, rassom, badiiy muharrir vazifalarida sidqidildan xizmat qildi. U kasaba uyushmasi ishida, jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etdi. Ko‘pchilikning og‘irini yengil qildi.
«G‘uncha»dagi faoliyatim hayotimdagi eng ajoyib damlar edi. Biron narsadan charchab, asabim buzilib ishxonaga kelsam bu yerdagi bolalarga xos beg‘ubor muhit kayfiyatimni ko‘tarardi. Bolalar jurnali bo‘lgani sabablimi, harqalay bu yerda bolalarcha beg‘uborlik, samimiylik va mehribonlik mavjud edi. Bugun men birga ishlagan mehr-oqibatli insonlarni eslaganimda to‘lqinlab, entikib ketaman.
Hayotda mening ikki onam bor. Biri juda erta olamdan o‘tib ketgan bo‘lsa, ikkinchisi xalqimizning sevimli shoirasi Zulfiya Isroilovadir. Opa meni har gal uchratganlarida, yelkamga qoqib: «Tursunpo‘lat, ishlar qalay, mendan qanday yordam kerak?», der edi. Ana shu samimiy aytilgan so‘zlarning o‘zidan butun charchoqlarim, bor g‘uborlarim, bir zumda tarqab ketardi. Shuhrat domlani esa xech ikkilanmay ikkinchi otam sifatida ko‘rsatgan bo‘lardim. Bu aziz ustozlardan butun umr minnatdorman. Ular menga hamisha beminnat yordam berib, qo‘llab-quvvatlashdi.
Bir kuni meni Maqsud Shayxzodaning oldiga ish bilan yuborishdi. Shoir betob ekan. Eshikni uning ayoli ochdi. Shu paytda bemorga qandaydir dori kerak bo‘lib turgan ekan. Men darhol borib uni olib kelib berdim-da, chiqib ketayotgan edim: – «To‘xtang, o‘g‘lim, buning aks-sadosi nima bo‘ladi, deb qoldi. Men qizarib, ey domla, shu arzimagan narsaga ham pul olamanmi, duo qiling, desam, o‘g‘lim, meni tuzalib ketishimni, oyoqqa turishimni istasangiz, pulni darhol oling, bo‘lmasa doringizni ichmay, tuzalmay yotaveraman, dedi jiddiy qiyofada. Maqsud Shayxzoda ana shunday halol, oriyatli inson bo‘lgan. Bundan tashqari Quddus Muhammadiy, Po‘lat Mo‘min, Zulfiyaxonim, Shuhrat domla singari buyuk insonlar bilan yelkama-elka turib ishlaganimdan fahrlanaman. Ulardan xayotda ham ishda ham juda ko‘p narsa o‘rgandim.
Mana bugun 80 yoshga to‘ldim. Turmush o‘rtog‘im Nafisaxon bilan to‘rt farzandni voyaga yetkazib, uyli-joyli qildik. Uch qizim, bir o‘g‘lim, 11 nafar nabira va bir evaram bor. Nafisaxondek umr yo‘ldoshim borligidan faxrlanaman. Farzandlarimga munosib ota, nabiralarimga munosib bobo bo‘ldim, deb o‘ylayman. Ularga doimo faqat yaxshilik va ezgulik, insonlarning koriga yaraydigan bo‘lib ulg‘ayishlarini yurt koriga yaraydigan elga esh insonlar bo‘lishlarini uqtirdim.
Vasila PO‘LATOVA