Poliklinika bosh shifokori aholi oldida hisob berdi
Shayxontohur tumanidagi 41-oilaviy poliklinika hududdagi 25 ming 700 dan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Muassasada tashkil etilgan kunduzgi statsionarda bemorlar shifokor nazoratida bo‘lib, kerakli muolajalarni olmoqda.
Bu haqda mazkur poliklinika bosh shifokorining hudud aholisiga bergan hisobotida ma’lum qilindi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, hudud aholisi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan joriy yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi barcha soha qatori aholi salomatligini ta’minlash, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatish borasidagi ezgu ishlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Shayxontohur tumanining Ipakchi, Eski Jarariq, Zafarobod, O‘zbekiston, Ko‘kcha mahallalari aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi ushbu oilaviy poliklinikada 10 umumiy amaliyot shifokori va 20 patronaj hamshirasi faoliyat olib boradi. 4 ming 400 xonadon, 6 ming 376 oila, 2 umumta’lim maktabi va 4 maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud ushbu hududda hamshiralar o‘ziga biriktirilgan xonadonlarga qatnovlarni tashkil etmoqda. Mahalla va ta’lim muassasalarida jamoatchilik nazoratining ahamiyati, sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, tibbiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan madaniy-marifiy tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
– Muassasamiz bilan tez tibbiy yordam xizmati o‘rtasidagi uzviy hamkorlik kuchaytirildi, – dedi oilaviy poliklinika bosh shifokori Dildora Mirxoliqova. – Surunkali kasalligi bor bemorlarni patronaj bilan qamrab olish darajasi, murojaat qilgan bemorlar uchun zarur dori-darmon vositalari ta’minoti yaxshilandi. Poliklinikamiz uchun alohida mashina ajratilgani patronaj xizmatini tezkor va samarali tashkil etishga yordam bermoqda.
Yig‘ilishda poliklinika faoliyati batafsil muhokama qilinib, mavjud muammolarning yechimi bo‘yicha fikrlashildi.
Ikrom AVVALBOYEV,
O‘zA