“SOG‘LOM AVLOD UCHUN” JAMG‘ARMASI TASHKIL ETILGANINING 20 YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN “SOG‘LOM AVLOD – MILLAT KELAJAGI” MAVZUSIDAGI XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYa ISHTIROKCHILARIGA

Qadrli do‘stlar!

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Avvalambor, siz, azizlarni – “Sog‘lom avlod uchun” xayriya jamg‘armasi tashkil etilganining 20 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan xalqaro anjuman qatnashchilarini, Jamg‘armaning barcha xodimlari va faollarini bugungi qutlug‘ sana bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Mustaqil O‘zbekiston tarixida hukumatga qarashli bo‘lmagan birinchi jamg‘arma sifatida tashkil topgan, noyob va betakror xususiyatlari bilan ajralib turadigan ushbu ijtimoiy tuzilma o‘tgan davr mobaynida, o‘ta muhim va mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirishda ko‘pgina yutuq va marralarga erishdi.

Ayniqsa, yurtimizda onalik va bolalikni himoya qilishdek ezgu maqsadga qaratilgan, dunyo hamjamiyati tomonidan tan olingan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturini hayotga joriy etishda Jamg‘armaning beqiyos o‘rni va mohiyatini o‘lchash va baholash qiyin.

Azal-azaldan o‘zining bolajonligi, oilaga mehri va sadoqati bilan tanilgan el-yurtimizning, xalqimizning qalbida doim saqlanib kelayotgan bunday olijanob intilishlar mustaqillik yillarida O‘zbekistonda tom ma’nodagi umummilliy harakatga aylandi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Mamlakatimizda o‘tgan yillar davomida millat genofondini yaxshilash, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash maqsadida Toshkent shahri va barcha viloyatlar markazlarida zamonaviy perinatal va skrining markazlari bunyod etilgani, birgina 2012 yilda tibbiyot muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish, diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun 263 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanganining o‘zi, o‘ylaymanki, bu yo‘nalishdagi ishlarimizning ko‘lami va miqyosidan dalolat beradi.

Yurtimizda shakllangan reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha milliy model Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Sharqiy Yevropa, Boltiqbo‘yi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari uchun eng yaxshi mintaqaviy dastur sifatida tavsiya etilgani, hech shubhasiz, xalqaro miqyosdagi yuksak e’tirofdir.

Bunday ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishda ko‘plab davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Buni Jam­g‘arma tomonidan 1996 yildan buyon mamlakatimizning chekka va olis tumanlarida yashayotgan 3 milliondan ziyod yurtdoshlarimizga malakali tibbiy-ijtimoiy patronaj yordami ko‘rsatilgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Mazkur Jamg‘arma bilan deyarli bir vaqtda ta’sis etilgan, mustaqil Vatanimizning birinchi ordeni bo‘lgan “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan shu kunga qadar jami 850 dan ortiq yurtdoshimiz, jumladan, chet el fuqarolari taqdirlangani va ularning safi tobora kengayib borayotgani chuqur ramziy ma’noga ega.

Yana o‘qing:  Sog‘lom avlod – millat kelajagi

Bu chiroyli nishon ko‘ksini bezab turgan insonlarni ko‘rganda, mening nazarimda, mamlakatimizning bosh maydoni bo‘lmish Mustaqillik maydonida o‘rnatilgan “Baxtiyor ona” haykali siymosida aynan ana shu ordendagi ona va bola tasviri mujassam bo‘lgandek tuyuladi.

Mana shu quvonchli ayyomda “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohiblarini va bugun davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan vatandoshlarimizni chin qalbdan tabriklashni o‘zim uchun katta sharaf, deb bilaman.

Fursatdan foydalanib, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilishdek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan sizlar kabi fidoyi insonlarga, Jamg‘armaning barcha xodimlari va faollariga, avvalo, uning joylardagi bo‘limlarida, mahallalarimizda sidqidildan xizmat qilayotgan jonkuyar opa-singillarimizga hurmat-ehtirom va minnatdorlik bildirishni o‘zimning burchim, deb hisoblayman.

Shular qatorida mana shunday ezgu maqsad yo‘lida Jam­g‘arma bilan doimiy va samarali hamkorlik qilib kelayotgan yurtimizdagi va chet ellardagi homiy tashkilotlarga, xalqaro ins­titutlarga samimiy tashakkur izhor etaman.

Qadrli do‘stlar!

Barchangizni “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jam­g‘armasining 20 yilligi bilan yana bir bor tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, olijanob faoliyatingizda yangi-yangi yutuqlar tilayman.

Islom KARIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: