Jigar bir kecha-kunduzda 1,5 barobar kattalashadi
Shveysariyalik olimlar inson jigari kemiruvchilarda bo‘lgani kabi bir kecha-kunduzda o‘z hajmining yarmi darajasida kattalashishi va yana odatiy o‘lchamiga qaytishi mumkinligini taxmin qildi.
Tadqiqotchilar sichqonlar jigari muntazam ravishda kattalashishi va qisqarishi jarayonini o‘rgandi hamda mazkur tana a’zosi taxminan 40 foizga o‘sishini aniqladi. Bu jarayon sichqonlarning sirkad ritmlari bilan bog‘liq: ular tungi hayvonlar bo‘lgani sababli jigari kunduzi qisqarib, tunda kattalashadi.
Inson jigari ham shu usulda ishlaydi, faqat kemiruvchilardan farqli ravishda sirkad ritmlari asosida, ya’ni kunduzi kattalashadi.
Ekspertlar fikriga ko‘ra jigar oqsillar sintezi uchun zarur bo‘lgan ribosomalar soni ko‘payadigan va kamayadigan gepatotsit hujayralari hisobiga kattalashadi. Bu organning bir kecha-kunduzlik sikli yakuniga yetganda ribosomlar miqdori yana qisqaradi. Shuningdek, olimlar inson turmush tarzi sirkad ritmlari bilan to‘g‘ri kelmasligining salbiy oqibatlarini ham aniqladilar. Unga ko‘ra inson tungi vaqt – jigarning faol bo‘lmagan payti ko‘pincha bedor bo‘lsa semirish, qand kasalligi, tushkunlik va saratonning ayrim turlariga chalinish xavfi oshishi mumkin ekan.
Aziza SULAYMONOVA