Bedavo semizlikning asosiy sababi aniqlandi
Monreal universitetidagi klinik shifoxona olimlari semizlikning bedavo shakli sabablarini aniqlashdi.
Ma’lum bo‘lishicha, gipotalamus neyronlaridagi ABHD6 fermentining sust ajralib chiqishi ortiqcha vazn bilan kurashishda parhez va mashqlarning foydasini yo‘qqa chiqaradi.
Tadqiqotchilar mutant genli sichqonlar ustida tajriba o‘tkazishdi. Bu sichqonlarning hayot tarzi va oziqlanishi oddiy jonivorlardan farq qilmaydi. Biroq, ular sovuq ta’sirida tananing doimiy haroratini saqlay olmaydi. Shu bilan birga yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan ozuqani iste’mol qilganda semizlikka moyil bo‘ladi. Shunisi e’tiborga loyiqki, ular odatiy parhezga o‘tganida ham o‘z vaznini yo‘qotmaydi.
Olimlarning fikricha xuddi shunday mexanizm inson organizmida ham mavjud. Ushbu taxminni isbotlash uchun bundan keyin ham tadqiqotlarni davom ettirish zarur. Biroq, mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra ortiqcha vazndan xalos bo‘la olmaydigan kishilarda ABHD6 fermenti bilan bog‘liq muammolar mavjud.