Qishloqda tibbiy xizmat sifati yuksalmoqda
Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yuksaltirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu turli xastaliklarni erta aniqlash va samarali davolash ishlari ko‘lami va sifatini yaxshilashga xizmat qilayotir.
Qishloq vrachlik punktlari faoliyatini takomillashtirish borasidagi ishlar samarasini Andijon viloyati Buloqboshi tumani tibbiyot muassasalari faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tumanda 5 qishloq vrachlik punkti hamda 3 oilaviy poliklinika faoliyat yuritmoqda. Ular zamonaviy tibbiy jihozlar va zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda 47 nafar umumiy amaliyot shifokori, 267 o‘rta tibbiyot xodimi 130 mingdan ziyod aholiga malakali xizmat ko‘rsatmoqda.
«Kulla», «Shirmonbuloq», «Jo‘rapolvon», «Sharq Yulduzi» qishloq vrachlik punktlari faoliyati namunali tashkil etilgan.
– 10 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatayotgan punktimiz tumanning chekka hududida joylashgan, – deydi “Kulla” qishloq vrachlik punkti mudiri Ozoda Shamirova. – Muassasamiz zamonaviy EKG, laboratoriya va boshqa zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Ayniqsa, yangi laboratoriya ishga tushirilgani shu yerning o‘zida turli qon tahlillarini olish imkonini bermoqda. Bu kasallikni va uning darajasini tezda aniqlash va samarali davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qishloq aholisi uchun patronaj xizmatini yaxshilash maqsadida qishloq vrachlik punktlarida 100 dan ortiq patronaj hamshirasi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular patronaj sumkasi va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Birlamchi tibbiy muassasalarni dori-darmon va zarur reaktivlar bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qishloq vrachlik punktlarida faoliyat olib borayotgan shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish ham doimiy e’tiborda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida 10 nafar shifokor, 48 hamshira o‘z malakasini oshirdi.
– “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar, shuningdek, Birinchi Prezidentimizning 2014 yil 1 avgustdagi “2014-2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Baxtiyor Komilov. – Buning natijasida qishloq hududlarida aholining reproduktiv salomatlik ko‘rsatkichi yaxshilandi. Ayniqsa, fertil yoshidagi ayollar, bolalar, keksalar va nogironlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tibbiyot xodimlari tomonidan mahallalarda onalar va bolalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, reproduktiv salomatlik, sog‘lom oila va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari barcha yo‘nalishlarda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Faxriddin UBAYDULLAYEV,
O‘zA muxbiri