Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ishni nimadan boshlagan ma’qul?
Yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, xususiy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda yuritish uchun qo‘shimcha ravishda qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida kredit tizimi soddalashtirilmoqda. Shu sabab hozirda fuqarolarimiz orasida tadbirkorlik faoliyatiga qiziqish tobora ortib bormoqda.
Ammo tadbirkorlikni endi yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimiz ishni nimadan boshlashni bilmay qiynalishadi Shuni inobatga olib, ularni qiziqtirayotgan savollarga mutaxassislar yordamida javob olishga harakat qilamiz.
Tadbirkor bo‘lish uchun eng avval qayerga murojaat qilish zarur?
Avvalo har bir fuqaro turli masala va muammolar yuzasidan o‘zi yashab turgan manzildagi MFYga murojaat qiladi. Chunki, hozir yurtimizda mahalla institutiga ko‘plab vakolatlar berilgan.
– Bir qancha fuqarolarimiz tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va bu bo‘yicha kerakli maslahatlar olish maqsadida mahalla idoramizga kelishmoqda, – deydi poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi “Shuhrat” MFY raisi Nurjon Najimov. – Biznes qilmoqchi bo‘lgan shaxslardan o‘z yordamimizni ayamaymiz. Birinchi navbatda ularga mahallamiz yaqinidagi banklarning manzilini beramiz. Keyin esa qaysi turdagi kredit foydali va mablag‘i qancha ekanligi xususidagi ma’lumotlar bilan tanishtiramiz. Shundan so‘ng ular o‘zi istagan kredit turini tanlab, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkin bo‘ladi.
Korxona qanday tashkil etiladi?
Mamlakatimizdagi har bir tuman hokimiyatlari qoshida “Yagona darcha” xizmati tashkil etilgan. Tadbirkor bo‘lmoqchi bo‘lgan barcha fuqarolar, o‘zlari tashkil etayotgan korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ushbu xizmatga murojaat qiladilar.
Korxona yoki firma ochmoqchi bo‘lgan fuqaro eng avvalo unga nom qo‘yishi kerak bo‘ladi. Agarda u yangi ish o‘rinlari yaratmoqchi bo‘lsa, korxonani ma’suliyati cheklangan jamiyat deb ro‘yxatdan o‘tkazadi. Barcha hujjatlar rasmiylashtirilgach, o‘zlariga ma’qul kelgan bank bilan shartnoma tuzib, hisob raqamiga ega bo‘ladi.
Ushbu bosqichlardan so‘ng bankka kredit olish uchun murojaat qilish mumkin. Har bir bankda kredit bo‘limi tashkil etilgan bo‘lib, mutaxassislar bo‘lajak tadbirkordan o‘z tavsiyalarini ayamaydilar.
– Tadbirkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorga muvofiq hozirda nafaqat yuridik, balki jismoniy shaxslarga ham kredit ajratilmoqda, – deydi Ipoteka bankining Shayxontohur filiali kredit bo‘limi bosh mutaxassisi Otabek Bo‘riboyev. – Xonadonida qoramol yoki parrandachilik va yana boshqa xo‘jalik turi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar uchun alohida imtiyozlar belgilangan. Ularga patent ochish, biznes reja tuzish kabi qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi. Faqat o‘z yashash joyidagi mahallasidan tavsiyanoma olib kelishi talab etiladi. Ana shu hujjatlar bilan kredit olish imkoniga ega bo‘ladilar.
Aholi o‘rtasida yirik tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan, o‘z korxonasini tashkil etish istagida yurgan ko‘plab fuqarolarimiz bor. Ularga yuqorida keltirgan talablardan tashqari biznes reja tuzish tavsiya etiladi.
Biznes reja qanday tuziladi?
Biznes reja bu – o‘zi amalga oshirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlik ishi haqidagi yozma yoki hisobot shaklidagi ma’lumot. Unda o‘z faoliyatining aniq maqsadi, loyihaga qancha mablag‘ ketishi, daromadi va ehtiyojlari batafsil aks etadi. Asosiysi, bank tomonidan olingan kreditni ma’lum vaqt mobaynida to‘liq qaytarilishini hujjatda ko‘rsata olishi zarur bo‘ladi. Bundan tashqari bankka patent(faoliyat turini) tasdiqlovchi hujjat, biznes reja, o‘z nomiga ochilgan hisob raqamini tasdiqlovchi guvohnoma bilan murojaat qilsalar, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun kredit olish imkoniga ega bo‘ladilar.
Kredit ajratilishidan avval bank kreditni kimga, nima maqsadda berayotganini bilishi kerak. Noqonuniy maqsadda ishlatilmasligini nazoratga olish uchun bank mutaxassislari barcha ish jarayonidan xabardor bo‘lishi lozim.
Charos XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri