Oilalar totuvligi
profilaktika inspektorlarining mahalla bilan faol hamkorligi samarasidir
Profilaktika inspektorlarining huquqbuzarliklarning oldini olishda va jinoyatchilikka qarshi kurashishda jamoatchilik bilan hamkorligi katta ahamiyatga ega.
Ushbu hamkorlik kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari tamoyilini o‘zida ifoda etadi.
Profilaktika inspektorining mahallalar bilan faol ishlashi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish imkonini beradi. Mustaqillik yillarida qabul qilingan ko‘plab qonunlar va qarorda ham bu masalalarga a’lohida e’tibor berilgan.
Mahallalarda tinchlik, osoyishtalik, xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, yurtdoshlarimizda ogohlik va faollikni oshirish, huquq-tartibotni mustahkamlashda “Mahalla posboni” jamoat tuzilmasi sardori va a’zolari, diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar va fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzurida o‘ndan ortiq komissiyalar ishlab turibdi. Ushbu komissiyalar huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning sodir etilishi sabablari hamda bartaraf etish bo‘yicha profilaktika inspektorlariga yaqindan ko‘mak beradilar. Shu bilan birga “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, nodavlat-notijorat tashkilotlarining ishonchli hamkorligi ham bunda salmoqli o‘rin tutmoqda.
“Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi va ushbu komissiyalar o‘z vazifasiga munosib yondoshsa, fuqarolarning oilada va mahallalarda tinch-osoyishta, hamjihatlikda yashashiga erishiladi. Oilaviy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Pirovardida yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shiladi. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini milliy va ma’naviy qadriyatlarimizga tayangan holda keng targ‘ib etish orqali esa ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga ko‘maklashiladi. Zero, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasining asosiy maqsadi ham mahallalarda tinchlik, osoyishtalik, xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarda ogohlik va faollikni oshirishdan iboratdir. Fuqarolar yig‘inining “Mahalla posboni” jamoat tuzilmasi, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi hamda yarashtirish komissiyalari bilan hamkorligi huquqbuzarlik sodir etgan va profilaktik hisobda turgan shaxslarning takroran huquqbuzarlik sodir etishining oldini olishda va ularning sog‘lom turmush tarziga rioya qilishida samara beradi.
Afsuski, ayni kunlarda oilaviy kelishmovchilik natijasida mahallalarda turli huquqbuzarliklar, mayda bezoriliklar sodir bo‘lmoqda. Masalan, joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida Chilonzor tumanida ajrimdan so‘ng aliment to‘lashmayotganlarga oid 22 ta, mahalladoshlarning o‘zaro janjaliga oid 35 ga yaqin voyaga yetmagan bolalarning huquqbuzarliklari bo‘yicha 15 ta masala ko‘rib chiqildi. Bu huquqbuzarliklarning asosiy jabrdiydasi voyaga yetmagan bolalar bo‘lib qolayotgani achinarlidir. Chunki, oiladagi va qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchilik ham bolalar ko‘z o‘ngida sodir bo‘lmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan ular tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mehr-muhabbatli oilalarda va osoyishta mahallalarda doimo qut-baraka bo‘ladi. Bolalar esa bunday muhitda sog‘lom fikrlovchi, yetuk insonlar bo‘lib kamolga yetadi.
Ravshan SA’DULLAYEV,
Chilonzor tuman IIB tergovchisi