Amir Temur nomidagi mahallaning bir kuni
Ijtimoiy adolat, bag‘rikenglik, halollik, mehr va saxovat, yurt obodligi buyuk bobomiz Amir Temur amal qilgan ezgu g‘oyalardir.
Sohibqiron bobomiz umrini bag‘ishlagan g‘oyalar bugungi kunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan xalq orzu-o‘ylariga yelkadosh, maslakdosh bo‘lish, odamlar og‘irini yengil qilish kabi ezgu sa’y-harakatlarda, ibratli intilishlarda o‘z ifodasini topmoqda.
Yashnobod tumanidagi Amir Temur nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida yigirmadan ortiq millat va elat vakillaridan iborat to‘rt mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Abdulaziz Shakarov ushbu mahallaga rais bo‘lib saylanganiga bir yil bo‘ldi. Abdulaziz akaga har bir xonadonning dardu-muammosi, orzu-intilishlari, kundalik tashvishlari oynadek ravshan. Harbiy sohadan nafaqaga chiqqan rais ishda intizom, tartib bo‘lishiga qat’iy amal qiladi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 3 fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni mahallaning jamiyat hayotidagi ta’siri va o‘rnini yanada kuchaytirishda yangi bosqichni boshlab berdi, – deydi A.Shakarov. – Fevral oyining o‘zida mahalla faollari guruhlarga bo‘lingan holda xonadonma-xonadon yurib, har bir oilaning muammosi, kundalik tashvishlari, undagi ma’naviy muhitni atroflicha o‘rgandi. Ularni iqtisodiy, ijtimoiy-ma’naviy, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tasniflab, avvalo, mahallaning o‘z kuchi, zarur topilganida mutasaddi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tegishli choralar ko‘rishga kirishildi.
Odamlar hayotini atroflicha tahliliy-tanqidiy o‘rganish beiz ketmadi. Aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish, ijtimoiy himoya, atrof-ko‘chalarni obod qilish, chiroqlar o‘rnatish, ozodalikka rioya etish, yolg‘iz keksalar, imkoniyati cheklangan fuqarolarga madad ko‘rsatishga doir muammolarga hamjihatlikda yechim topildi. Mahalla hududidagi 12 ko‘p qavatli uy, 119 yakka tartibdagi xonadondagi dolzarb masalalar atroflicha va bamaslahat hal etilmoqda. «Kamalak-kommunal» hamda «Binafsha-servis» uy-joy mulkdorlari shirkatlari bilan birgalikda ichki yo‘laklar asfaltlandi. Ko‘p qavatli uylarning tomi ta’mirlandi.
Hovlisida tadbirkorlik qilib, qo‘shimcha daromad topish istagidagi bir guruh fuqarolarga bankdan imtiyozli kredit olib, o‘z biznesini boshlashiga yaqindan ko‘maklashildi. Mahalla tavsiyasi bilan qirqqa yaqin fuqaroga mikrokreditlar olishda yordam ko‘rsatildi. Botir Mavlonqulov hovlisida novvoyxona ochdi, maktabda o‘qituvchilik qilayotgan Olimjon Bobojonov qo‘shimcha daromad manbai sifatida uyida gulchilik bilan shug‘ullanmoqda, Mirvohid Mirobidov issiqxona tashkil etib, limon yetishtirmoqda.
– Hamma ish boshlangunicha murakkab, – deydi mahallada yashovchi Abduvali Abdurahmonov. – Faollarning har bir xonadon holidan xabar olib turishi, odamlarning kayfiyati, hayotdan, jamiyatdan roziligini muttasil surishtirishi mahalla ahlini ham ko‘rsatilayotgan e’tiborga shukronalik, mas’uliyat, shu yurt taqdiri uchun kuyunchaklik bilan yashashga undamoqda. Mahallaning qo‘llab-quvvatlashi bilan hovlimizda parranda boqayapmiz.
Diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi Feruza Ne’matullayevaning aytishicha, xonadonma-xonadon yurib, ajrashish bo‘sag‘asiga kelib qolgan ikki yosh oila nikohining buzilishiga barham berildi. Kelinchak Dilafro‘zga ayol baxti faqatgina oilada, uning onaligida, bekaligida ekani tushuntirildi. Kuyov Ravshanga g‘urur, haddan ziyod mag‘rurlik oila sha’nini asray bilish, oila uchun mas’uliyatni teran anglash bilan bevosita bog‘liq ekani hayotiy misollar yordamida uqtirildi.
– Qarigandan keyin sog‘liq ham mo‘rtlashib qolarkan, – deydi Meliboy ota Rahimov. – Shifoxonaga yotib, vrachlar ko‘rigidan o‘tishni anchadan beri dilimga tukkandim. Mahalladagilarning yordami bilan hech qancha vaqt o‘tmay, yugur-yugursiz «Nuroniy» sihatgohida davolanib chiqdim. Hammalariga ming rahmat!
Imkoniyati cheklangan Yelena Kimga maxsus aravacha, Anjelina Yepifanovaga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatilganida ular keksalarga e’zoz va e’tibordan g‘oyat mamnun bo‘ldi. Nig‘mat ota Muhamedovning uy-joyi mahalla ko‘magi bilan ta’mirlanib, obod holatga keltirilganida ota ko‘ziga yosh qalqib, yurtimizni, mahalla fidoyilarini, himmati baland tadbirkor qo‘ni-qo‘shnilarini uzoq duo qildi. To‘rt xonali uyda bir necha o‘g‘illarining oilasiyu farzandlari, nevaralari bilan yashayotgan Mavjuda opa Abdullayevaning ham ko‘ksiga shamol tegdi. Mahalla tavsiyasiga ko‘ra o‘g‘li Fazliddin Sergeli tumanida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylarni oluvchilar ro‘yxatiga kiritildi.
– Har bir insonning dardini tushungan, uning og‘irini yengil qilayotganlarning umri-joni ziyoda bo‘lsin, – deb ertayu kech, dasturxon atrofida duo qiladi Mavjuda opa.
Aholining xohishiga ko‘ra, mahalla raisining nuroniylar bilan ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib ko‘p yillik hayot tajribasiga ega otaxon Qosimjon Isoqov, yoshlar bilan ish olib borish masalalari bo‘yicha o‘rinbosar etib pedagog Zebo Nazarova saylangach, ishlar yanada yurishib ketdi. Mahalla hududidagi 152-maktab, politexnika hamda xotin-qizlar kasb-hunar kollejlarida o‘quvchilarning davomati, darslarni puxta o‘zlashtirishi, yoshlarni turli nomaqbul yo‘llardan, milliy hayot tarzimizga zid va zararli g‘oyalardan asrash bo‘yicha ishlar yanada kuchaytirildi. Ta’lim olish uchun yaratilgan keng imkoniyat va sharoitlarga panja orasidan qaraydigan o‘quvchilar ota-onalari bilan birgalikda mahalla idorasiga chaqirtirilib, atroflicha suhbat o‘tkazildi. Mahalla-ko‘y ichida izza bo‘lgan ota-ona endi farzandining o‘qishga to‘liq qatnashini, yurish-turishini erinmay nazorat etmoqda.
– Mahalla aralashuvi bilan 12 yillik ta’limning majburiy ekani, o‘quvchi bilim bilan birga kasb-hunar egallashi zarurligini ota-onalar anglab yetmoqda, – deydi Yashnobod politexnika kasb-hunar kolleji direktori Zokir G‘aniyev. – «Progulchi», dangasa, mas’uliyatsiz o‘quvchilar keskin kamaydi.
Mahalladagi o‘smir yigitlarning ba’zi «sho‘xlik»lari, tarbiyasizligi chindan ham endi jilovlangan. Ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilgan kuzatuv videokameralari nainki jinoyatchilik, balki mahalla hududida kimlar yurgani, hatto yo‘l-yo‘laklarga chiqindi tashlab ketuvchi «chaqqon»larni ham tezda fosh etadi.
– Yoshlarning qadam bosishi, har bir xonadonning pasport ma’lumotlari, shu mahallada ro‘yxatdan o‘tgani, mahallaga kimlar kelib-ketayotgani doimiy e’tiborda, – deydi profilaktika inspektori Bahodir G‘afurov. – Bularning barchasi odamlarni tinchlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga, hamjihatlikka, ahillikka, fuqarolik pozitsiyasi, ijtimoiy burchini teran anglashga chorlamoqda.
…Amir Temur nomidagi mahallada yangi gul va daraxt ko‘chatlari bo‘y cho‘zmoqda. Hademay bog‘cha yonida bolalar maydonchasi, kutubxona, sport bilan shug‘ullanuvchi o‘quvchilar uchun maxsus maskan bunyod bo‘ladi…
Nazokat USMONOVA,
O‘zA muxbiri