Shavkat Mirziyoev Navoiy viloyatida bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida Navoiy viloyatiga safar qildi.
Ushbu viloyat haqida gap ketganda, avvalo, uning mehnatkash xalqi, yer osti va yer usti boyliklari, ulkan iqtisodiy salohiyati ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Mamlakatimizning yirik sanoat hududi hisoblangan mazkur viloyatda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati izchil rivojlanmoqda.
Davlatimiz rahbari o‘zining saylovoldi dasturida Navoiy viloyatini rivojlantirish bo‘yicha ulkan rejalarni bayon etgan edi. Prezidentimiz tashrif davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, istiqbolli loyihalar bilan yaqindan tanishdi, xalq bilan bevosita muloqot qildi.