Oydinoyning oydin orzulari
O‘g‘il farzanddan so‘ng qizalog‘imning tug‘ilishi oilamizga quvonch olib keldi. Umr yo‘li yorug‘ bo‘lsin, deya bobo-yu buvisi unga Oydinoy deya ism qo‘ydilar.
Shifokorlar tug‘ruqxonaning o‘zidayoq, bolaning yurak sohasida nuqsoni borligini aytishganida, onalik baxtidan masrur bo‘lib, bunga biroz e’tiborsizlik qilibman. Chunki, o‘shanda qizimning jajji chehrasida hech qanday kasallik alomatini sezmagandim.
Xastalik vaqt o‘tishi bilan yuzaga chiqa boshladi. Oydinoy yoshga to‘lib, injiq, holsiz bo‘lib qoldi. Shifokorlarga murojaat qilganimizda yurak sohasida yetishmovchilik borligini yana bir bor ta’kidlashdi. Qizimning og‘izchasida guruchdek tishlari chiqa boshlagandan buyon rangi-ro‘yi o‘zgarib, butkul quvvatdan qoldi. Shundan so‘ng zudlik bilan farzandimda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Toshkent tibbiyot pediatriya institutining qo‘li yengil shifokorlari qizimni operatsiya qilishdi. Davo muolajalaridan so‘ng Oydinoyning ahvoli ancha yaxshilandi. Qizalog‘im maktab yoshiga to‘lganida uning sog‘lig‘i yana orqaga keta boshladi. Nigohlari, rangi-ro‘yidan xastalikning alomati yaqqol sezilib turardi. Navbatdagi tibbiy tekshiruvdan so‘ng Oydinoyda yana jarrohlik amaliyotini o‘tkazish lozimligi, endigi operatsiya bir muncha murakkab ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bola bo‘lib, bolalik gashtini surmagan qizimni ko‘rib, ko‘nglim ezilib ketdi. Sababi tengqurlariga nisbatan Oydinoy biroz tez harakat qilsa, charchab, hansirab qolar, so‘nggi paytlarda maktabga qatnashi, hattoki, uy vazifalari ham unga qiyinchilik tug‘dira boshladi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ko‘magi bilan bolalarda yurak sohasida operatsiya o‘tkazilishini eshitib, umid bilan fond mutaxassislariga murojaat qildim. Kasbiga mas’uliyat bilan yondashadigan xodimlar tez orada oilamizga sim qoqib, yaqin kunlarda poytaxtga Hindistondan malakali shifokorlar kelishini, chuqurlashtirilgan tibiy ko‘rik o‘tkazilishini ma’lum qilishdi. Ana shu ko‘rikdan so‘ng qizim Hindistonga davolanish uchun jo‘natildi. Shukrki, ona sifatida qizimga uzoq yurtda hamroh bo‘ldim. Murakkab operatsiya muvaffaqiyatli o‘tib, bolamni oddiy palataga o‘tkazishganida Yaratganga shukronalar aytdim. Yetti yildan ortiq vaqt dard chekkan qizimning ko‘rinishi soat sayin yaxshilanib bordi. Uning nigohlarida va xatti-harakatida jonajon yurtimizni, so‘lim Andijonni sog‘ingani yaqqon sezilib turardi. Samolyot Toshkent ayeroportiga qo‘nib, tushish tadorigini ko‘rayotganimizda qizimning yuz-ko‘zidagi sevinchini ko‘rib, ko‘nglim yorishib ketdi. Oydinoydagi ijobiy o‘zgarishdan dadasining ham ko‘zlariga yosh qalqidi.
Qizim jarrohlik amaliyotini o‘tkazganiga bor-yo‘g‘i bir oydan oshdi. Uning nigohlari, barmoqchalari, lablaridan xastalik alomati chekindi. Xushchaqchaqlik, serharakatlilik va kuch-quvvat uni butkul boshqa qizaloqqa aylantirib qo‘ydi. Hozirda farzandim maktabiga o‘zgacha ishtiyoq bilan qatnamoqda. Men va oilamizga quvonch hadya etgani uchun “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining jonkuyar xodimlariga minnatdorlik bildiraman.
Shohida HAMIDOVA,
Andijon viloyati,
Asaka shahri