Qalblar g‘ururga to‘ldi

O‘tgan hafta yaqin dugonam qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘lini uylantirayotganini, to‘yda ishtirok etsam, boshi osmonga yetishini aytdi. To‘y bahona Qarshida yashaydigan yaqinlarimni ham ko‘rib, ular bilan dildan suhbatlashish istagida safar tadorigini ko‘ra boshladim.

Tong sahar yaxshi niyatlar bilan yo‘lga chiqdim. Dastlab “Afrosiyob” tezyurar poyezdiga chipta oldim. Qanday ajoyib! Poyezdning qulay va shinam kupelari beixtiyor, yo‘lovchiga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etadi. Negadir, xayolimdan talabalik yillaridagi yo‘l qatnovlari o‘ta boshladi…

O‘sha paytlari biror bayram yaqinlashganda yoki imtihonlar tugagan kezlarda o‘n-o‘n besh kun oldin ham poyezdga chipta topilmasdi. Baribir yo‘lga chiqmasdan iloj yo‘q. Ta’til bo‘lishi bilan shohbekatga yuguramiz. Vokzal odamlarga to‘la. Poyezd yo‘lga qo‘yilishi zahoti bir amallab vagon zinapoyalaridan ko‘tarilishga harakat qilinardi. Chaqqon yigitlar tavakkaliga o‘zlarini vagonning ochiq derazasiga urib, ichkariga otilishardi. Bir so‘z bilan aytganda, yo‘lga chiqish azob edi. Qarshidan jo‘nagan poyezd o‘n ikki soatda Toshkentga kirib kelardi.

Bugun-chi? Yaratganga beadad shukurlar bo‘lsin! Hech birimizning xayolimizga kelmagan mo‘jiza! Tezyurar poyezdlar…

Toza va ozoda kupeda ketyapmiz. Hamma o‘z o‘rnida. Xorijlik sayyohlar ham bor. Ular Samarqand, Qarshi, Shahrisabzni tomosha qilgani ketishayapti. Kimdir gazeta o‘qigan, kimdir qo‘lidagi ixcham kompyuterga tikilgan, kimlardir shirin suhbat og‘ushida…

Biz o‘tirgan poyezd shamoldek yelib shahar va qishloqlarni, qir-adirlarni bir zumda ortda qoldirdi. Roppa rosa uch yarim soatda Qarshiga yetib keldik.

Dugonam kenjatoy o‘g‘lining nikoh to‘yini Qarshi shahridagi go‘zal to‘yxonalardan birida o‘tkazdi. Hamma ko‘tarinki kayfiyatda. Baxtli kun esda qolarli tarzda o‘tdi. To‘y sohiblarini qutlab, kelin-kuyovga eng ezgu tilaklarni bildirdik.

Ertasi kuni o‘g‘lim O‘zbekxo‘ja, kelinim Dilafro‘z, qizim Dilnoza, kuyovim Ziyodulla hamda shirindan shakar nabiralarim Asadbek, Farzonaxon, Farangiz, Azizbeklar bilan qadrdon maskanimiz Qarshini aylandik. Shahar tez orada tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketibdi. Keng va ravon yo‘llar kishi aqlini shoshiradi. Qarang-a, naqd ertaklar shahriga kelib qolgandekman! Ko‘rkam va zamonaviy ko‘p qavatli binolarning birinchi qavatidagi savdo do‘konlari, maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalari xaridorlar va mijozlar bilan gavjum.

– Qarshi butunlay o‘zgarib ketibdi – ku! – deyman hayratimni yashirolmay…

– Yaqinda shaharda yangi, zamonaviy turar joy inshootlarining 32 tasi foydalanishga topshirildi. Bu yil esa shunday uylardan yana 25 tasi qurilayapti, – deydi quvonch bilan o‘g‘lim O‘zbekxo‘ja.

Yana o‘qing:  O‘zbekiston milliy universitetida taekvondo fakulteti tashkil etildi

“O‘zbekiston” va “Nasaf” ko‘chalari kesishgan joydan o‘tayapmiz. Bu yerlar avvallari eski shaharning bir qismi edi. Qarang, xuddi shu joyning o‘zida 24 xonadonga mo‘ljallangan ko‘rkam va zamonaviy turar joy binolari qad rostlabdi.

– Yaqinda Amir Temur ko‘prigini oynai jahon orqali ko‘rib, quvonchimni ichimga sig‘dirolmadim, – deyman yaqinlarimga.

Ular xursand holda ana shu ko‘prik sari yo‘l boshlashadi. Mana, tarixiy inshoot ustidamiz. Atrofga boqib, lol qolasan kishi. Oldinlari hatto tasavvurimizga ham sig‘dirolmasdik, shunday go‘zal va obod joylar barpo etilishini. Ko‘prik atrofidagi keng maydonni egallagan xushmanzara maskanlar beixtiyor e’tiborni tortadi. Ayniqsa, biz – yoshi ellikdan oshgan insonlar uchun bunday bunyodkorlik ishlari haqiqatan ham mo‘jiza sanaladi. Ko‘prik atrofidagi keng yer maydonlari odamlarning hordiq chiqarishi uchun sayilgohga aylantirilgan. Daryo qirg‘og‘idagi eski binolardan asar ham qolmagan. Ular o‘rnida barpo etilgan go‘zal xiyobon esa odamlarni o‘z bag‘riga chorlaydi. Yoritish uskunalarini aytmaysizmi?! Ular tunni quvib, atrofga o‘zgacha go‘zallik, charog‘onlik baxsh etadi. Daryo sohili bo‘ylab kemalar to‘xtaydigan to‘rtta joy qurilgan. 51 ta katamaran, 2 ta turistik kater va 4 ta attraksion dam oluvchilar ixtiyorida. Keksa otaxonu onaxonlar yuzida tabassum. Ota-onasi, aka-opasi bilan atrofni tomosha qilayotgan shodon bolakaylar quvonchi olamga sig‘maydi.

– Daryo qirg‘og‘i bo‘ylab yursangiz kottejlar, kafe-bar, bolalar maydonchalari, sun’iy qoplamali sport maydonchalarini ko‘rasiz, oyijon! Shahrimiz kundan-kunga chiroy ochayapti, – deydi qizim Dilnoza.

– Qarang, dadajon, mana bu askar siz bilan ishlaydimi? – deya dadasini savolga tutadi nabiram Farangiz.

– Dadajonimiz chegarachi!, – opasining so‘zini ma’qullaydi Azizbek.

– Ha, bolajonlarim. Dadangiz Ziyodulla jasur harbiylardan. Ular kun-u tun Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlaydilar. Shu bois, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Sizning dadangiz esa, o‘g‘lim O‘zbekxo‘janing farzandlariga yuzlanaman, – neft va gaz sanoati sorhasining yetuk mutaxassisi. Qizim Dilnoza esa shifokorlik kasbini tanlagan… Shukrlar bo‘lsinki, hammamiz el-yurt xizmatidamiz… Sizlar ham yaxshi ta’lim-tarbiya olib, bir nechta tillarni o‘rganib, zamon talablari darajasida bilim olsangizlar Vatanimiz, xalqimiz koriga yaraydigan insonlar bo‘lasizlar…

– Albatta, O‘zbekistonimizga munosib farzandlar bo‘lamiz! – deyishadi nabiralarim faxr bilan.

Yana o‘qing:  YOSH OILALAR QO‘LLAB-QUVVATLANMOQDA

Qarshi shahrini uzoq aylandik. Bunyodkorlik, obodonchilik ishlarini ko‘rgan sari qalbim g‘ururga to‘ldi.

– Bir-birimizga hamisha xushxabarlar aytaylik, bolalarim!, – dedim farzand va nabiralarimga. – Tilagim go‘zal va betakror Vatanimizning tinchligi bardavom bo‘lsin!

Nigora JUMAYEVA,

shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: