O‘spirinlik: bu davrda farzandingizga yanada e’tiborli bo‘ling

Farzandlarimizning voyaga yetish jarayonida jismoniy va ruhiy o‘zgarishlarni anglash, ularda ijobiy munosabatlarni shakllantirish ota-onalar va biz kattalarning oldimizdagi eng mas’uliyatli vazifadir.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, o‘smirlik davrida organizmda ichki sekretsiya bezlari faoliyati bilan bog‘liq o‘zgarishlar ro‘y beradi. Ayniqsa, qalqonsimon va jinsiy bezlar ajratib chiqaradigan gormonlar organizmda modda almashinuvining katalizatori vazifasini bajaradi. Endokrin va asab tizimi bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, bu o‘smirda quvvatning keskin ortishi va patogen ta’sirlarga o‘ta sezgirlik bilan xarakterlanadi. O‘smirlarda aqliy yoki jismoniy ortiqcha toliqish, uzoq muddatli asabiy zo‘riqish, affektlar, kuchli salbiy hissiyotlar (qo‘rqish, g‘azab, xafagarchilik) endokrin va asab tizimi funksiyasining buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘smirlik davrining o‘ziga xos xususiyatlaridan yana biri hissiyotga ko‘p berilishdir. Bu holat bola dunyoga kelganidan boshlanadi. Ya’ni, u onasi va atrofdagilarning mehr-muhabbatini namoyon etishiga, erkalashiga ehtiyoj sezadi. Shu bois, bolalarning boshini silab, yoqimli so‘zlar bilan ularga dalda berilsa, farzand xursand bo‘ladi, mehr ko‘rsatayotgan shaxsga talpinadi. Kichkina hayotida duch kelgan muammolarini hal qilishda kattalar yordamiga muhtojlik sezadi va ularga intiladi.

Shuningdek, o‘smirlik davrida bolalar o‘z xonasida yolg‘iz qolishga, ayniqsa, ota-onasi, oila a’zolari nazaridan chetroqda bo‘lib, o‘y-xayollari bilan mashg‘ul holda vaqt o‘tkazishni istaydi. Ko‘proq tengdosh va yaqin o‘rtoqlari bilan muloqotda bo‘lishga intiladi. O‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoladi. Farzandida kuzatilayotgan o‘zgarishlarning sababini tushunmagan ayrim ota-onalar bunday holatdan xavotirga tushadi. Natijada farzand va ota-ona o‘rtasida o‘zaro kelishmovchiliklar yuzaga keladi.

Ma’lumki, o‘smirlik davrida bolaning “men”i shakllanadi. Shaxs egotsentrizmi (o‘z-o‘zini qadrlash) boshqa davrdagilarga qaraganda yuqori darajaga yetadi. U o‘z shaxsiyatini boshqalardan ustun qo‘yadigan, o‘ziga bino qo‘yadigan bo‘lib qoladi. Ularda shunchaki kattalarga taqlid qilish emas, balki tor ma’noda o‘zining xatti-harakatini nazorat qilish, yurish-turish, kiyinish, tashqi ko‘rinishga e’tibor berish, pardoz-andoz qilish kabi holatlar kuzatiladi. Bu davrda jinsiy bezlar ishlab chiqadigan gormonlar ta’sirida o‘smir organizmida o‘zgarishlar ro‘y beradi. Ya’ni, tana tuzilishi buziladi (gavdasida beso‘naqaylik seziladi), tovush o‘zgarib, do‘rillaydi. Jinsiy balog‘atning boshlanishida yuzga sepkillar toshadi. Bular o‘smir uchun kutilmagan, istalmagan holatlar bo‘lib, bu uning ta’sirchanlik va jizzakiligining ortishiga sabab bo‘ladi. Ushbu davrda o‘smirning tashqi ko‘rinishi, shaxsiyatiga oid tegishli arzimagan nojo‘ya gap jiddiy salbiy kechinmalarning yuzaga kelishiga asos bo‘lishi mumkin.

Yana o‘qing:  O‘zbekiston fuqarolari qanday haroratda ishlamaslikka haqli?

Jinsiy balog‘atga yetish davrida har bir ota-ona o‘z farzandining organizmi va uning ruhiyatida ro‘y beradigan bunday tabiiy o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishi, o‘smirlikdek og‘ir, murakkab davrni jiddiy, salbiy asoratlarsiz kechishini ta’minlaydi.

Shuning uchun ota-ona va o‘qituvchilar hozirgi kun o‘smir psixologiyasi, psixofiziologiyasi masalalariga oid eng zamonaviy ilmiy ma’lumotlarni bilishi va o‘zaro munosabatlarda undan o‘rinli foydalana olishi lozim.

 

Lutfilla TURSUNOV,

psixologiya fanlari nomzodi, dotsent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: