BOBOMEROS HUNARNING SAYQALLANGAN JILOSI

Qadim Toshkent shahri. Pastqam uylar joylashgan torgina Qorasaroy mahallasi. Besh yoshli o‘g‘ilchasini yetaklab, qo‘shni kishi Ibrohim xalfa nomi bilan tanilgan kosibning uyiga yaqinlashib, asta darvozani taqillatdi-da, atrofga alanglab, hovliga kirdi. Usta bo‘sh vaqtini ustaxonada o‘tkazishini bilgan qo‘shni to‘g‘ri o‘sha yerga yo‘l oldi. Hovli burchagida kichkinagina xonada Ibrohim ota maxsining tagini mahkamlab qotirayotgan ekan.

– Ha, Ibrohim, tinchmisan? Har doimgidek ustaxonangdasan. Sendan xabar olgani ertaroq kelmoqchi edim. Ammo ba’zi birovlarning nazariga tushishdan qo‘rqdim. Bilansanku, o‘zi qo‘lidan hech vaqo kelmaydi-yu, boshqalarning ishini ko‘rolmay yuqoriga chaqadiganlar yo‘q emas.

– Ha, nimasini aytasan, – usta boshini ko‘tarmay do‘stiga javob berdi. – Kunlar kelib bag‘rimizga shamol ham tegib qolar. Ha, sen so‘ragan maxsi tayyor bo‘lgandi. Mana – dedida, usta oshnasining oldiga bejirimgina, choklari ham tekis, maxsini qo‘ydi. Buni ko‘rgan qo‘shni quvonib, maxsini qo‘yniga qistirdi, usta bilan xayr-xo‘sh qilib ustaxonadan chiqib ketdi.

Ibrohimxo‘ja Yunusxo‘jayev o‘tgan asrning 30-yillarida tanlagan kasbi boshqa bo‘lsada, mahalla-ko‘yda ma’lum va mashhur kosib edi. U vaqtlar biror kishi o‘zi istaganicha oilasiga qo‘shimcha daromad sifatida hech bir ishni emin-erkin amalga oshirolmas, bori ham yashirishga urinardi.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng barcha sohalarda, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Ibrohim xalfa nomi bilan mahallada mashhur bo‘lgan usta-kosibning hunari o‘tmishda qolmadi. Bobo orzu qilgan kunlar kelib, endilikda uning kasbini nabiralari – Azimxo‘ja, Rustamxo‘ja, Anvarxo‘jalar davom ettirishmoqda.

– Faoliyatimizni bundan o‘n besh yil avval kichik xususiy korxona sifatida boshlab, asta-sekinlik bilan moddiy-texnika bazamizni mustahkamlab oldik. “Intilganga tole yor” deb bejizga aytishmas ekan. Davlatimizning yuksak e’tibori, yaratilgan imkoniyatlar va mehnatimizning samarasi o‘laroq o‘z faoliyatimizni yanada kengaytirdik – deydi korxona rahbari Azimxo‘ja Ibrohimxo‘jayev.

Inson nimani chin dildan istasa, o‘sha narsaga albatta erishadi. Aka-ukalarning mehnati, intilishi tufayli 2010 yildan boshlab korxona “Style step” nomi bilan mas’uliyati cheklangan jamiyatga aylantirildi. Xom ashyo yetkazib beruvchilar va buyurtmachilar tarmog‘i shakllandi. Xorijiy davlatlardan qo‘shimcha uskunalar keltirilib, zamonaviy modellar asosida ikki yuzdan ortiq turdagi oyoq kiyimlar ishlab chiqarishga erishildi.

Yana o‘qing:  Muruvat-la dunyo charog‘on

– Ish faoliyatimizning ilk yillarida xaridorlar kelib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilganmi deya so‘rab, mahsulotimizni xarid qilishlarini juda-juda istardim. Shukurki, mana shu natijaga erishdik – deya so‘zida davom etdi korxona direktori.

Dastlab erkaklar oyoq kiyimlari ishlab chiqarilgan korxonada 2011 yildan boshlab ayollar, 2012 yildan o‘smir yoshdagi bolalar uchun mavsumiy oyoq kiyimlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mahsulot turi ortgani bois, o‘z-o‘zidan qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj sezildi. Natijada korxonada yana qo‘shimcha sakkizta ish o‘rinlari yaratildi. Bu esa aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

– Mahsulotlar yuz foiz tabiiy charmdan tayyorlanadi. Oyoq kiyim dizaynlarini, ranglar tanlovini ham o‘zimiz yaratamiz, – deydi korxona modelyer bichiqchisi Anvarxo‘ja Ibrohimxo‘jayev.

Korxona so‘nggi yillarda o‘z mahsulotlarini tadbirkorlar tarmog‘i orqali xarid qilish bilan birga “Step by step” firma do‘konlari tarmog‘i orqali sotuvga chiqarishni keng yo‘lga qo‘ydi. To‘lovlarni istalgan turda amalga oshirish xaridorlarga bir muncha qulay. Bu sa’yharakatlar natijasida 2012 yilda poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan charm poyabzal va kiyim aksessuarlarga bag‘ishlangan ikkinchi xalqaro ko‘rgazmada korxona mahsulotlari “Eng yaxshi poyabzal dizayni uchun” yo‘nalishida birinchilikni qo‘lga kiritdi.

2013 yilda korxonada yangi ish o‘rinlarini tashkil etgan holda 7-8 yoshdagi bolalar uchun qulay va bejirim, mavsumiy oyoq kiyimlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Korxona faoliyati bilan tanishish jarayonida o‘z sohasini chin dildan sevish, tinimsiz izlanishlar, shuningdek, jamoa orasidagi samimiy muhit, ustoz va shogirdlarning ochiq chehrasi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash kabi fazilatlarning guvohiga aylandim. Shunda yana bir bor amin bo‘ldimki, yaxshilik va ezgulik bor joyga baraka inadi, ishda rivoj bo‘ladi. Men ham bobo meros kasbni ardoqlab unga sayqal berib kelayotgan aka-ukalarning ishiga rivoj tilagan holda ortga qaytdim.

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: