INSONPARVARLIK – DUNYo TAYANChI

Jahondagi barcha millatlarda insonparvarlik g‘oyasi umumbashariy qadriyat hisoblanadi. Ajdodlarimiz esa asrlar osha mehru muruvvat, saxovat, bag‘rikenglik kabi chin insoniy fazilatlarni qadrlab keladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami – kam ta’minlangan va ko‘p bolali fuqarolar, boquvchisini yo‘qotganlar, yolg‘iz keksalar, nogironlar yoki imkoniyati cheklanganlar, “Mehribonlik uyi”, “Go‘daklar uyi” “Muruvvat uyi” tarbiyalanuvchilari va “Saxovat uyi”dagi keksa va yolg‘iz qariyalar hamisha Yurtboshimizning diqqat-e’tiborida. Chunki, mehru muruvvat – dunyoni yomonliklardan asraguvchi metin qo‘rg‘on. Zero, xalqimizda “Yaxshilik qil, daryoga sol, baliq biladi, baliq bilmasa Xoliq biladi” degan maqol bejiz aytilmagan.

Jannatmakon yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, har sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tub islohotlar hamda bunyodkorlik ishlari, ona O‘zbekistonimizning kundan kunga chiroy ochib borayotgani Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan yurtparvarlik siyosatining muhim bo‘g‘inidir. Chunki, osmoni musaffo, tinch zaminda ana shunday ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi.

Prezidentimizning 1993 yil 23 aprel PF 596-sonli farmoniga asosan Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining tashkil etilganiga bu yil yigirma yil to‘ladi. O‘tgan yillar davomida jamg‘arma va uning viloyatlardagi filiallari hamda shahar, tuman tayanch maskanlari, poytaxtdagi Tibbiy-ijtimoiy markazi, hududlardagi “Ambulans” tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari jamoalarining xalq salomatligi yo‘lida olib borayotgan fidokorona mehnatlari tahsinga loyiq. Bu xayrli va beg‘araz, insonparvarlik ezgu amaliga mana bir necha yildan beri yana bir jamoa qo‘shildi. Ya’ni, Hududlararo tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi ham xalq orasida katta e’tibor qozondi. Koreya Respublikasining “KOFIH” jamg‘armasi tomonidan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasiga taqdim etilgan mobil klinika O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 13 martdagi 69-sonli qaroriga asosan faoliyat yuritmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi onalik va bolalikni muhofaza qilishga doir davlat dasturlarini amalga oshirish, muruvvat, ta’lim, sport, tibbiyot, xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. Jamg‘arma Koreya Respublikasi, AQSH, Turkiya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Malayziya Federatsiyasi, Finlyandiya Respublikasi, Misr Arab Respublikasi, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligi kabi xorijiy davlatlarning insonparvarlik tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. “Fridenzdorf Interneyshnl” (Germaniya) xalqaro tashkilotining grant mablag‘lari asosida jamg‘arma tashabbusi bilan 2013 yilgacha respublikamizning turli hududlaridan jami 505 nafar yuz-jag‘ sohasida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan hamda tayanch-harakat tizimi anomaliyalari mavjud bemor bolajonlar jarrohlik yo‘li bilan davolandilar.

Mana bir necha yildan beri an’anaviy tarzda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” DAK bilan hamkorlikda ekologik jihatdan noqulay hududda istiqomat qiluvchi aholini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Salomatlik poyezdi” tashkil etilmoqda. O‘tgan yilda ushbu poyezdda safarda bo‘lgan shifokorlar va jamg‘arma xodimlari Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka-chekka hududlarida bo‘lib, aholiga beminnat xizmat ko‘rsatishdi.

O‘tgan yil mobaynida “Ona va bola skriningi” Davlat dasturini sifatli amalga oshirishda tandem mass-spektrometr uskunasi qo‘l keldi. Bu tibbiy uskuna “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi tomonidan Respublika Skrining markaziga 2011 yil dekabr oyida topshirilgan edi. Ushbu uskuna moddalar almashinuvining irsiy buzilish xastaliklarini aniqlashda yordam beradi. 2012 yilda yana 800 nafar ushbu kasalikka moyil go‘daklar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Mamlakatimiz bo‘yicha Respublika Skrining markazi va uning viloyatlardagi filiallari tomonidan o‘tgan yilda jami 487072 nafar go‘daklar tug‘ma gipoterioz va fenilketonuriya kasalliklariga nisbatan tekshirildi. Shulardan 7345 nafarida tug‘ma gipoterioz va 2528 nafarida fenilketonuriya irsiy xastaligi aniqlandi. Ular Respublika Skrining markazi va uning filiallari tomonidan maxsus bolalar ozuqasi hamda dori-darmonlar bilan bepul ta’minlanmoqda.

Yana o‘qing:  BIR OG‘IZ SO‘Z

Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi 2012 yilda neonatal (go‘daklarda) va prenatal (homilador ayollarda) skrining tekshiruvlarini o‘tkazish uchun Respublika Skrining markaziga 2 407,2 AQSH dollari miqdoridagi reagentlarni muruvvat yordami sifatida topshirdi. “Ona va bola” skriningi” Davlat dasturining 3 bandini bajarish maqsadida, ya’ni, aholining tibbiy savodxonligini oshirish uchun o‘tgan yili 32 ming nusxada “Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning zarari”, “Shaxsiy gigiyena”, “Skrining nima?” nomli va shu kabi buklet va tarqatma materiallar jamg‘arma tomonidan chop ettirilib, tibbiy tekshiruvdan o‘tayotgan fuqarolarga bepul tarqatildi.

Bolalikdan nogiron tug‘ilishning oldini olish maqsadida tug‘ma va irsiy xastaliklarni barvaqt aniqlash uchun “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda “Bolalikdan nogironlar tug‘ilishining oldini olish uchun tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida” 2008 yil 18 iyun PQ-892-sonli qaror loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etdi. Jamg‘arma o‘tgan yil yakuniga ko‘ra berilgan hisobotga asosan “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimini tashkil etish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 22 fevraldagi 71-sonli qarorini amalga oshirish jarayonida mahalliy hokimiyatlar, mahalla qo‘mitalari, va joylardagi tibbiyot bosh­qarmalarining mutasaddi xodimlari bilan hamkorlikda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasiga qarashli ko‘chma tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari tomonidan rejali ravishda respublika bo‘yicha 41613 ta oilaning ijtimoiy-psixologik holati hamda 1045 ta eng chekka qishloqlar va 2720 ta mahalla aholisini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishdi. Shundan 210287 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lsa, ularning 60159 nafarini bolalar va 108279 nafarini xotin-qizlar tashkil etdi.

Xorijiy homiy tashkilotlar tomonidan muruvvat yordami sifatida jamg‘armaga topshirilgan OAP kombayni hamda oftolmologik jarrohlik mikroskopi Samarqand viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasiga taqdim etildi. Aholi ko‘z kasalliklarini bepul aniqlash va ularga maslahat berish hamda tashxis qo‘yishda yuqorida ta’kidlangan tibbiy asbob-uskunalar qo‘l kelmoqda.

Koreya Respublikasining “KOFIH” xalqaro sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda jamg‘arma Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi bolalar shifoxonasida yil davomida 3255 nafar bolani sog‘lomlashtirishda hamda Yuqorichirchiqdagi “Arirang” nomli saxovat uyi”da yolg‘iz keksalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda ko‘maklashdi. O‘tgan yil davomida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi va uning viloyatlardagi hududiy bo‘limlari hamda tuman tayanch maskanlari tomonidan aholidan jami tushgan 2757 ta arizalar ko‘rib chiqildi. Shundan 626 tasi jamg‘armaning Markaziy apparati tomonidan o‘rganildi. Ota-onalardan tushgan 75ta arizada tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarni operatsiya qilishda yordam so‘rab murojaat etilgan.

Yana o‘qing:  25 avgust kuni Gamburgda boks bo‘yicha XIX jahon chempionati boshlanadi

O‘QUV DASTURLARI

Aholining tibbiy savodxonligini oshirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida jamg‘arma bir qator xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. Ya’ni, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi va uning viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi hududiy bo‘limlari, tuman tayanch maskanlari mutaxassis-shifokorlari tomonidan oliy o‘quv yurtlari, kollej, litsey va maktablarda kashandalik va giyohvandlik hamda spirtli ichimliklarning zarari, yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikoh nimasi bilan xavfli, OIV va OITS, jinsiy yo‘llar bilan yuquvchi kasalliklar va ularning xavfli asoratlari xususida, sog‘lom oilani shakllantirish, kamqonlik va yod tanqisligi, bolalar va fertil yoshidagi ayollar kasalliklari kabi turli mavzularda talaba va o‘quvchi yoshlarga ma’ruzalar o‘qildi. Poytaxtdagi Tibbiy-ijtimoiy markazda bir necha yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Yosh onalar maktabi” bo‘lajak onalar uchun homiladorlik davri va tug‘ruqqa tayyorgarlik, shaxsiy gigiyena, kamqonlikning profilaktikasi hamda ona sutining ahamiyati va go‘dak parvarishi xususida ularning tibbiy savodxonligini oshirishda yordam bermoqda.

Onalik va bolalikni muhofaza etishga doir maqolalarni chop etishda jamg‘arma muassisligidagi “Sog‘lom avlod uchun” jurnali va “Sog‘lom avlod” gazetasi ham o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.

MADANIY-MA’RIFIY TADBIRLAR

Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan respublika bo‘yicha jami 2478 ta madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, 2012 yilda “Yoshlik” talabalar shaharchasida o‘tkazilgan “Men va mening Konstitutsiyam”, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Eng go‘zal harbiy ayol” ko‘rik-tanlovi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bastakorlar uyushmasi bilan hamkorlikdagi “San’at g‘unchalari” respublika ko‘rik-tanlovi shular jumlasidandir. Shuningdek, 2012 yilda Samarqand va Buxoro hokimliklari hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “Sen yolg‘iz emassan” Respublika bolalar jamoatchilik jamg‘armasi bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun yurtimizning qadimiy shaharlariga sayohat uyushtirildi.

Har yili “1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”da o‘tkaziladigan “Har bir bolaga mehr va e’tibor” tadbiri ham katta ahamiyatga ega. O‘tgan yili respublika bo‘yicha jamg‘arma tomonidan 118 ta ana shunday tadbir o‘tkazildi. Unda 27 ming 688 nafar “Mehribonlik uy”lari tarbiyalanuvchilari hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlari ishtirok etishdi.

SPORT TADBIRLARI

Jamg‘arma va uning filiallari tomonidan 2012 yilda 1176 ta sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazildi. Jumladan, “Sen yolg‘iz emassan” Respublika bolalar jamoatchilik jamg‘armasi bilan Bo‘stonliqda an’anaviy ekoturizmga bag‘ishlangan “Chimyon ekstrim” festivali o‘tkazildi. Mart oyida esa homiy tashkilotlar bilan hamkorlikda “Sog‘lom avlod uchun” kubogi uchun “Nafosat olami” bolalar sport festivali o‘tkazildi. Mart oyida Respublika Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyatida sport bilan shug‘ullanuvchi maktab, akademik litsey, harbiy-sport kollejlari o‘quvchilaridan 15908 nafariga Prezident sovg‘asi sifatida sport kiyimlari hadya etildi.

Yana o‘qing:  QADRIYATGA AYLANGAN FAOLIYAT

Yana bir qator mutasaddi va homiy tashkilotlar bilan “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi hamkorlikda “Botirlar” harbiy-sport o‘yinlarini o‘tkazdi. O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Kar-soqovlar sport federatsiyasi bilan hamkorlikda kar-soqov va zaif eshituvchi bolalar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazildi. Ushbu tadbirda ishtirok etgan qatnashchilarga jamg‘armaning qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. O‘tgan yili iyun va noyabr oylarida ikki marta O‘zbekiston Sinxron suzish federatsiyasi tashabbusi bilan “Saxovat sport servis” suv sporti saroyida “Sog‘lom avlod uchun” kubogi musobaqalari o‘tkazildi. Ushbu musobaqalarning har birida yuz nafardan sportchi qizlar ishtirok etishdi. “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi, Respublika Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda an’anaviy respublika “Kichkintoy-shirintoy” sport bellashuvlari bo‘lib o‘tdi. Bu musobaqalar ikki bosqichda avgust-sentyabr oylarida o‘tkazildi. Turnirda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi. O‘tgan yilning oktyabr oyida poytaxtda imkoniyati cheklangan va sog‘lom bolalar o‘rtasida sport musobaqalri o‘tkazildi. 106-zaif eshituvchi bolalar maktabi o‘quvchilariga jamg‘armaning sovg‘alari topshirildi. Yana shu oyda bir qator homiy tashkilotlar tomonidan “O‘zbekiston Milliy bog‘i”da “Ekstrim – giyohvandlikka qarshi” nomli X yoshlar festivali o‘tkazildi. Bu festivalda ham jamg‘arma g‘oliblarni qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirladi. Noyabr oyida O‘zbekiston Xotin-qizlar Qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Gimnastika – barcha uchun” va yana shu oyda jamg‘armaning Toshkent shahar tayanch maskani Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda poytaxtdagi oilaviy jamoalar o‘rtasida “Sportchilar oilasi – mustahkam oila” shiori ostida musobaqalar o‘tkazildi. Dekabr oyida esa IX an’anaviy o‘smirlar o‘rtasida respublika stol tennisi musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Har doimgidek musobaqa ishtirokchilari “Sog‘­lom avlod uchun” kubogini qo‘lga kiritish uchun bellashdilar.

Jamg‘arma tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli tadbirlar va sport musobaqalari o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan sog‘lom va ma’nan barkamol voyaga yetishida muhim ahamiyatga egadir. Barcha xorijlik hamkor tashkilotlarimiz qatorida Koreyaning yana bir xalqaro “Save the Children” tashkiloti ham “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasiga tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarni jarrohlik yo‘li bilan davolashda oksigenatorlar va ularning liniyalari kabi tibbiy asbob-uskunalarni insonparvarlik yordami sifatida taqdim etdi. Bu tibbiy uskunalar Toshkent Pediatriya tibbiyot institutiga topshirildi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki jamg‘arma bundan keyin ham xalqimiz genofondini sog‘lomlashtirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga muhabbat, ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalash hamda ularning jismonan va ruhan, intellektual jihatdan barkamol voyaga yetishlarida o‘z kuch-g‘ayratini ayamaydi deya ishonch bildiraman.

Nozimjon MO‘MINOV,

Hukumatga qarashli bo‘lmagan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi ijrochi direktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: