Xurmo – tarkibida uglevod eng ko‘p bo‘lgan meva
Ramazon dasturxonida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan xurmo sevib iste’mol qilinadi. Ayni kunlarda mazkur meva turini deyarli barcha oziq-ovqat do‘konlarida uchratish mumkin.
Eron xurmosi nomi bilan ataladigan ushbu meva Arabiston va Shimoliy Afrika mamlakatlarida non o‘rnini bosuvchi, eng asosiy oziq-ovqat mahsuloti sifatida keng tarqalgan. Dunyo bo‘yicha mazkur mevaning 300 dan ortiq turi Isroil, Eron, Tunis, AQSH kabi bir qancha mamlakatlarda tarqalgan. Hozirgi vaqtda uni eng ko‘p yetishtiradigan va dunyo mamlakatlariga yetkazib berish bo‘yicha Saudiya Arabistoni yetakchi o‘rinni egallaydi.
100 gramm mahsulot 305 kkal (kilokaloriya) bo‘lib, undagi oqsillar 2, 2 gr. yog‘ 0, 2 gr. uglevodlar 71, 9 gr. ni tashkil etadi.
Xurmo tarkibida 60-65 foiz uglevod bo‘lgan yagona meva turi sanaladi. Mahsulotning ftorga boyligi tishlarni kariyesdan himoya qiladi va tarkibidagi selen yurak xastaliklari xavfini oldini oladi. Meva tarkibida 23 turdagi aminokislotalar hamda pektin, A provitamini, V guruhiga kiruvchi vitaminlar mavjud. Shuningdek, uning tarkibida rux, temir, magniy, kaliy, marganets, alyuminiy, natriy, kobalt, kadmiy, bor kabi mikroelementlar va minerallar uchraydi. Xurmoning eng foydali xususiyatlardan biri uning tarkibida xolesterin moddasi mavjud emas.
U aqliy qobiliyatni rivojlantirib, ish sur’atini oshirish xususiyatiga ega. Mazkur meva iste’mol qilinganda, insonning nafaqat ichki organizmi, balki tashqi go‘zalligiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Foli kislotasi va Ye vitaminiga boyligi sabab, u sochlar ildizini mustahkamlab, tirnoqlarning sinuvchanligini oldini oladi hamda organizmdagi yo‘qotilgan kaliy o‘rnini tiklaydi. Mazkur meva yurak qon-tomir kasalliklari, xavfli o‘sma, sil, aritmiya, gipertoniya (qon bosimining yuqori bo‘lishi) bilan bog‘liq kasalliklarda tavsiya etiladi.
Xurmo mevasining danagini kukun holiga keltirilsa, u kofe o‘rnini bosadi. Danakning vitaminlarga va foydali xususiyatlarga boyligi sabab undan mazali kapuchino tayyorlash mumkin.
Eron xurmosining endi uzib olingan turi o‘zining silliqligi, har qanday qatlamlardan xoliligi bilan ajralib turadi. Uning mevasi sersuv bo‘ladi, ammo shirasi quritilgan xurmochalik shirin bo‘lmaydi.
Mazkur mevaning foydali xususiyatlari garchi ko‘p bo‘lsa-da, tavsiya qilinmaydigan holatlar ham mavjud ekanligini unutmaslik kerak. Me’da va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarning kasallik avj olgan (qo‘zg‘algan) pallasida ushbu mevani iste’mol qilish tavsiya etilmaydi…
Xurshida HUSENOVA