Qarindoshga quda bo‘lmang
Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarga alohida e’tibor berishdan maqsad, ularning kelgusi farzandlar va avlodlar hayotida og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini va uning zararini yana bir bor ilmiy asosda aholining keng qatlamiga yetkazishdan iboratdir.
Ko‘pgina ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, qarindosh-urug‘ bilan turmush qurish bo‘lajak farzand sihat-salomatligiga yomon ta’sir ko‘rsatar ekan. Olimlarning fikricha, qavm-qarindoshlardan tashkil topgan 100 ta oiladan 60 tasida tug‘ma irsiy kasallikka chalingan farzand tug‘ilishi kuzatiladi. Nosog‘lom farzand tug‘ilish xavfi qarindoshlar qanchalik yaqin bo‘lsa, shunchalik yuqori bo‘ladi.
O‘zaro qarindosh er-xotin sog‘lom bo‘lishi mumkin, ammo ularning naslida irsiy kasalliklar uchrash xavfi yuqori bo‘ladi. Chunki, go‘dakka genning yarmi onadan, yarmi esa otadan o‘tadi. Irsiy kasalliklar irsiy axborotlarni nasldan-naslga tashuvchi genlarning o‘zgarishlari natijasida yuzaga keladi. Ba’zi irsiy kasalliklar genlardagi yashirin zararlanish o‘choqlari oqibatida paydo bo‘ladi. Shunday o‘choqlari mavjud genga ega qarindoshlarning o‘zaro nikohi natijasida ushbu kasallik belgilarining yuzaga chiqish “imkoniyat”i ortadi va oqibatda nogiron, mayib-majruh bola dunyoga keladi. Genlardagi o‘zgarishlarning barchasini ham o‘z vaqtida aniqlash va davolashning imkoni yo‘q. Gen bilan bog‘liq ayrim kasalliklarning yashirin davri ikki-uch avlod o‘tib ham yuzaga chiqishi tibbiyotda o‘z isbotini topgan.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, qarindoshlar orasidagi nikoh nasliy va tug‘ma kasalliklar xavfini ko‘paytirishi mumkin bo‘lgan eng asosiy omillardan biri bo‘lib, yaqin qarindosh-urug‘larning oila qurishi tug‘ma nuqsonli va nasliy kasal bolalarni tug‘ilishiga, homilani bevaqt nobud bo‘lishiga yoki o‘lik tug‘ilishiga olib keladi. Shu sababli farzandlarning sog‘-salomat dunyoga kelishi va barkamol voyaga yetishi uchun bunday nikohlarning oldini olish lozim.
Yaqin qarindoshlar orasidagi nikohning ayanchli oqibatlaridan yana biri homiladorlikning og‘ir kechishi, ko‘p qon yo‘qotish, homilaning tushishi, go‘dakning nimjon, nogiron yoki o‘lik tug‘ilishidir. Bunday hollarda ona ham, go‘dak ham jabr ko‘radi.
Oramizda faqat yaqin qarindoshlarigagina qiz berib, qiz oladigan odamlar yo‘q emas. Ular yillar davomida o‘z urug‘ining “udum”lariga asoslanib, shunday yo‘l tutishadi. Ammo o‘zimiz o‘ylab topgan ana shu “udum”lar necha-necha oilalarning barbod bo‘lishiga, qarindoshlarning yuz ko‘rmas bo‘lib ketishiga olib kelayotganini, qancha murg‘ak go‘dak yelkasiga umrbod nogironlikni yuklayotganligini unutmaylik!
Irsiyatdan o‘tadigan xastaliklar – nogironlik debochasi
Bular asab-mushak kasalliklari, moddalar almashinuvining buzilishi bilan kechadigan nasliy xastaliklar, ruhiy rivojlanishdan orqada qolish, ichki a’zolarning tug‘ma nuqsonlari hisoblanadi.
Odatda bu kasalliklar surunkali va uzoq davom etib, bemorlarning nogiron bo‘lishiga hamda hayotdan erta ko‘z yumishiga sabab bo‘ladi va ma’naviy qiyinchilikni vujudga keltiradi. Achinarlisi, irsiy kasalliklarni davolash g‘oyat murakkabdir.
Oilalarda irsiy kasalliklar bilan kasallangan bolalar tug‘ilishi ehtimolini baholash, ularga homiladorlik davridayoq tashhis qo‘yish qavm-qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida respublikamizning barcha hududlarida Skrining markazlari tashkil qilinib, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi ta’minlangan.
Bu borada shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, sog‘lom, benuqson farzand va avlodlar haqida o‘ylar ekanmiz, nasliy kasalliklarga barham berish maqsadida jigarlarga qiz berish yoki qarindoshdan qiz olishga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Buni esa har bir ota-ona bilishi shart.
Farzandingiz kelajagini, sog‘-salomat, barkamol ko‘rishni istasangiz, qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohlardan voz keching!
Gulnoza TOSHMATOVA,
Salomatlik va tibbiy statistika instituti shifokori