O‘quvchi bilimidagi bo‘shliqlar
uni o‘z vaqtida aniqlash bugungi kun pedagogining muhim vazifasidir
Hozirgi globallashuv davrida millatimiz oldida turgan asosiy vazifalardan biri yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalashdir. Bu borada yurtimiz ta’lim tizimida ham qator vazifalar belgilanib, uning ijrosi ta’minlanmoqda.
Jumladan, poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 300-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida o‘quvchi yoshlarni mukammal bilim olishlari uchun bir qator ishlar amalga oshirildi. Bu dargohda 40 ta ixtisoslashtirilgan sinflar mavjud bo‘lib, fanlar chuqurlashtirilgan o‘quv rejasi asosida o‘tiladi. O‘quvchilarga yuksak tajribaga ega pedagoglar ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
Biroq, shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Ta’lim olayotgan o‘quvchilarning barchasi ham fanlarni to‘liq o‘zlashtira olyaptimi? Tajribadan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, sinfdagi barcha bolalar ham birdek a’lochi bo‘la olmaydi. Chunki, ularning qobiliyatlari turlichadir. Shuni hisobga olgan holda biz pedagoglarning asosiy vazifamiz o‘quvchi bilimidagi bo‘shliqlarni o‘z vaqtida aniqlash va to‘ldirish, har birini qobiliyatlariga qarab yo‘naltirishimiz zarur. Unga ko‘ra sinflar bo‘yicha fanlardan mavzular kesimida o‘quvchilar egallashi majburiy bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarini aniqlash lozim. Aniqlangan BKMlarni metod birlashma yig‘inida muhokama qilgan holda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini foydali o‘tkazishni o‘quv rejasiga kiritish kerak. Shuningdek, o‘zlashtirilmagan BKMlar asosida har bir o‘quvchi bilimidagi bo‘shliqlar ro‘yxatini tuzib, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarni sinflar va fanlar kesimida tashkil etish lozim. Har oy va chorakda esa o‘quvchi o‘zlashtirishiga qiynalayotgan mavzularni aniqlab borish kerak bo‘ladi.
Yuqorida qayd qilingan ishlarni amalga oshirish uchun fan o‘qituvchisi hamda sinf rahbari hamkorlikda o‘quvchining o‘zlashtirishga ta’sir qiluvchi omillarga ham e’tibor qaratish zarurdir. Xususan, bolaning qanday muhitda voyaga yetayotgani bunda muhim ahamiyat kasb etadi. Oiladagi muhit, ota-ona o‘rtasidagi kelishmovchilik natijasida kelib chiqadigan bola rivojlanishidagi qusurlar, ya’ni vitamin yetishmovchiligi, asab tizimining tarangligi, zararli odatlarni o‘zlashtirish o‘quvchining ta’lim olishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuni unutmaslik kerakki, bola hamisha rag‘batga ehtiyoj sezadi. Ozgina e’tibor o‘quvchini yanada ishtiyoq bilan o‘qishiga turtki bo‘ladi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, bolalarning ichki va tashqi omillar ta’siriga tushib qolishi natijasida o‘zlashtirish darajasi pasayib ketadi. Agar bu muammo o‘z vaqtida aniqlansa hamda sinf rahbari, fan o‘qituvchisi, ota-ona hamkorlikda ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, o‘quvchilar bilimidagi bo‘shliqlar bartaraf etiladi. Bundan tashqari ularni uzluksiz o‘quv-ijodiy faoliyatga jalb etish, qobiliyatni takomillashtirishga xizmat qiladigan maxsus didaktik vositalardan foydalanish va shu asosda o‘quvchining faolligini oshirish zarurdir. Bu jarayonda esa shaxsga yo‘naltirilgan yondashuvni amalga oshirish alohida ahamiyatga ega.
Muqaddas SOLIHOVA,
Sergeli tumanidagi 300-IDUMning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari