BOLALAR OYOQ KIYIMI
gigiyenik jihatdan qulay, hamyonbop hamda sifatli bo‘lishi zarur
Bir mahsulotni xarid qilishga chog‘lanar ekansiz, albatta, uning sifati va narxiga e’tibor qaratasiz. Ayniqsa, poyabzalning qulay va bejirimligi harakatni ravonlashtiradi, hamda sog‘liqni mustahkamlaydi. Xususan, bolalar oyoq kiyimi farzandingizning durkun ulg‘ayishini ta’minlaydi. Bu borada esa “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasining xizmati katta.
Uyushma Prezidentimizning 2000 yil 23 fevraldagi farmoniga asosan tashkil etilgan. Uning tarkibida 250 nafardan ziyod korxona faoliyat olib bormoqda. Ularda 26 ming nafardan ziyod malakali ishchi-xizmatchilar mehnat qilayotir.
Har bir mahsulotning sifati avvalo uni tayyorlash uchun ishlatilayotgan xom ashyoga bog‘liq. Bugun bozorlarda sun’iy har xil gazlamalardan tayyorlangan, arzon ammo xorijdan keltirilgan ba’zi bir sifatsiz oyoq kiyimlar o‘rnini charmdan tayyorlangan poyabzallar egallab borayotgani quvonarli hol.
– Ayni paytda charm-poyabzal va charm-galanteriya mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zamonaviy tikuv mashinalaridan foydalanyapmiz. Aksariyat korxonalar eng so‘nggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlangan. Bu qulayliklar esa ishlab chiqarish hajmini kundan-kunga ortishiga zamin yaratmoqda. Ayni vaqtda uyushma tarkibida faoliyat olib borayotgan Marg‘ilon shahridagi “Muhammadsalom Omina”, Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi “Xo‘jaobod”, Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi “Al-Aziz”, mas’uliyati cheklangan jamiyatlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlariga talab kundan-kunga ortib bormoqda. Eng muhimi ushbu mahsulotlar toza charmdan tayyorlanayotgani bois sifati yuqori, – deydi “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi bosh mutaxassisi Shuhrat Aliyev. – Uyushma tarkibidagi korxonalar tomonidan har yili 18 million juft yuqori sifatli poyabzal, 5 million dollarlik charm galanteriya mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ularning eksport ko‘lami ham kengaymoqda.
Darhaqiqat, har bir sohaning o‘ziga xos nozik sir-asrorlari bor. Xususan, nafaqat kattalar balki bolajonlar uchun tayyorlanayotgan oyoq kiyimlar ham gigiyenik jihatdan talab darajasida bo‘lishi lozim. Kichkintoyning poyabzali nam tortib qolmasligi, havo o‘tkazib turishi va kiyganda oyoqni terlatmasligi kerak. Chunki, muntazam ravishda sun’iy charmli oyoq kiyimi oyoq terlashi gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar) hamda zamburug‘ kasalliklarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, ayrim bolalarda uchrayotgan yassi oyoqlik xastaligiga chek qo‘yishda poyabzalning ham o‘ziga xos muhim jihati bor. Tagi bir tekisda bo‘lgan poyabzaldan ko‘ra kichikroq poshna qo‘yilgan poyabzalda kichkintoyning oyog‘i yaxshi rivojlanib, yassi oyoqlikning oldi olinadi. Bolalar oyoq kiyimlarining nafaqat sifatiga balki gigiyenik jihatdan talab darajasida bo‘lishiga e’tibor berib 20 ga yaqin turdagi poyabzal ishlab chiqarayotgan Toshkentdagi “STYLE STEP” korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyati O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda qator yillardan buyon yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Germaniya, Italiya kabi chet mamlakatlardan keltirilgan poyabzal tikuv mashinalarining ish unumi yuqori. – Ishlab chiqarishda 80 foizga yaqin mahalliy xom ashyodan foydalanamiz. Toshkentdagi “Hamkor Nur”, Sirdaryo viloyatidagi “PENG SHENG” Namangandagi “Nafis charm” kabi qo‘shma korxonalar bilan hamkorlik qilamiz. Kichkintoylar uchun ishlab chiqarayotgan tufli, sport krossovka, botinka kabi mavsumiy poyabzallarni zamonaviy tikuv mashinalarida tayyorlayotganimiz bois toza charmning yog‘lilik darajasi hajmi kamaymaydi, charm qirilmaydi va tikish jarayonida qirqilib ketmaydi. Poyabzaldagi astarlik namni tez oladi va tez quriydi. Sifatsiz poyabzaldagi namlik uzoq vaqt qurimasdan tursa bola keyinchalik revmatizm (bod) kasalligiga uchrashi mumkin. Shu bois ham ushbu oyoq kiyimlar kichkintoyning sog‘lig‘ini saqlashda muhim ahamiyatga ega, – deydi korxona rahbari Azimxo‘ja Ibrohimxo‘jayev.
Qariyb 80 yildan buyon kosiblikni ardoqlab kelayotgan ushbu sulolaning ishbilarmonligiga havas qilsang arziydi. Mazkur MCHJ da ishlab chiqarilayotgan bolajonlarning oyoq kiyimlarining o‘lchamidan qat’iy nazar narxlarida deyarli tafovut sezilmaydi. Ularga qo‘yilgan maxsus patak-supinator (qotirilgan karton) suvni o‘ziga tortmaydi. U pishiq puxta tayyorlangan. Ayni vaqtda bolalar oyoq kiyimining tag charmi bilan ustki qismini birlashtirish borasida izlanayotgan jamoa yana yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni rejalashtirgan.
Ma’lumki, har qanday kasb kishidan yuksak mahorat, bilim va tajriba talab etadi. Bolajonlar uchun tayyorlanayotgan poyabzallarning ko‘rkamligi, yuqori sifati hamda hamyonbop bo‘lishi albatta soha xodimlarining katta tajribasiga bog‘liq. Bu borada son bilan birga sifatning talab darajasida bo‘lishi ertamiz egalarining sog‘lom va barkamol voyaga yetishida muhim ahamiyatga ega.
Jamila HAYDAROVA